Gadoev So‘hrob Jumakulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tijorat banklarida likvidlilik riskini boshqarishni takomillashtirish», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Iqt476.
Ilmiy rahbar: Bobakulov Tulkin Ibodullaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2019.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Norboy Ganievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Sattarov Odil Berdimuradovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda tijorat banklari faoliyatidagi likvidlilik riskini boshqarish amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tijorat banklaridagi muddati o‘tgan kreditlarning mo‘’tadil darajasi, ularning yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan chegaraviy darajasi va kreditlardan ko‘riladigan zararlarni qoplashga mo‘ljallangan zaxira ajratmalari bo‘yicha me’yoriy talablarga erishishni ta’minlash, tijorat banklarining joriy likvidliligi bo‘yicha me’yoriy talabni bajarish va aktivlar rentabelligining mo‘’tadil darajasiga erishgan holda aktivlar va jalb qilingan mablag‘larning muddatlari va summalari o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlashning maqsadga muvofiqligi asoslab berilgan;
tijorat banklarining talab qilib olinadigan depozitlari barqaror qoldig‘ini yuqori likvidli qimmatli qog‘ozlarga yo‘naltirgan holda brutto depozitlar hajmida talab qilib olinadigan depozitlarning salmog‘ini pasaytirish orqali banklarning likvidlilik darajasini oshirishning zarurligi asoslangan;
tijorat banklari transaksion depozitlarning brutto depozitlar hajmidagi salmog‘ini kamaytirish va sof foizli marja ko‘rsatkichining me’yoriy darajasini ta’minlash orqali ularning joriy likvidliligi va moliyaviy barqarorligini oshirishning zarurligi asoslab berilgan;
tijorat banklari kassalariga naqd pul tushishini rag‘batlantirish, bankning milliy valyutadagi «Nostro» vakillik hisobraqami qoldig‘ining barqarorligini ta’minlash va transaksion depozitlarning brutto depozitlar hajmidagi salmog‘ini pasaytirish orqali lahzali likvidlilik koeffisientining 0,20 dan past bo‘lmagan darajasini ta’minlashning maqsadga muvofiqligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tadqiqot jarayonida ishlab chiqilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar asosida:
tijorat banklari faoliyatidagi balanslashmagan likvidlilik muammosini hal etish uchun muddati o‘tgan kreditlarning mo‘’tadil darajasi, ushbu kreditlarning yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan chegaraviy darajasi va kreditlardan ko‘riladigan zararlarni qoplashga mo‘ljallangan zaxira ajratmalari bo‘yicha me’yoriy talablarga erishishni ta’minlash, tijorat banklarining joriy likvidliligi bo‘yicha me’yoriy talabni bajarish va aktivlar rentabelligining mo‘’tadil darajasiga erishgan holda aktivlar va jalb qilingan mablag‘larning muddatlari va summalari o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlash taklifi «Qishloqqurilishbank» AT banki amaliyotiga joriy etilgan («Qishloqqurilishbank» AT bankining 2019 yil 2 oktyabrdagi 04/27-45-8929-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida 2017 yilda «Qishloqqurilishbank» AT bankining pul shaklidagi yuqori likvidli aktivlari miqdori 2016 yilga nisbatan 55,0 foizga oshgan;
tijorat banklarining talab qilib olinadigan depozitlari barqaror qoldig‘ini yuqori likvidli qimmatli qog‘ozlarga yo‘naltirgan holda brutto depozitlar hajmida talab qilib olinadigan depozitlarning salmog‘ini pasaytirish orqali banklarning likvidlilik darajasini oshirish taklifi «Qishloqqurilishbank» AT banki amaliyotiga joriy etilgan («Qishloqqurilishbank» AT bankining 2019 yil 2 oktyabrdagi 04/27-45-8929-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida «Qishloqqurilishbank» AT bankida 2017 yilda 2016 yilga nisbatan ustav kapitalining regulyativ kapital hajmidagi salmog‘i 8,4 foizli punktga oshgan holda daromad keltirmaydigan pul shaklidagi aktivlarning brutto aktivlar hajmidagi salmog‘i 0,1 foizli punktga kamaygan;
tijorat banklari transaksion depozitlarning brutto depozitlar hajmidagi salmog‘ini kamaytirish va sof foizli marja ko‘rsatkichining me’yoriy darajasini ta’minlash yo‘li bilan ularning joriy likvidliligi va moliyaviy barqarorligini oshirish taklifi «Turonbank» AT banki amaliyotiga joriy etilgan («Turonbank» AT bankining 2019 yil 30 oktyabrdagi 16/02-286-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida 2018 yilda 2017 yilga nisbatan sof foizli marja ko‘rsatkichi 1,5 foizli punktga oshgan, transaksion depozitlarning brutto depozitlar hajmidagi salmog‘i 2,8 foizli punktga kamaygan;
tijorat banklari kassalariga naqd pul tushishini rag‘batlantirish, bankning milliy valyutadagi «Nostro» vakillik hisobraqami qoldig‘ining barqarorligini ta’minlash va transaksion depozitlarning brutto depozitlar hajmidagi salmog‘ini pasaytirish yo‘li bilan lahzali likvidlilik koeffisientining 0,20 dan past bo‘lmagan darajasini ta’minlash taklifi «Turonbank» AT banki amaliyotiga joriy etilgan («Turonbank» AT bankining 2019 yil 30 oktyabrdagi 16/02-286-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida «Turonbank» AT bankida 2018 yilda lahzali likvidlilik koeffisientining 0,20 dan past bo‘lmagan darajasi ta’minlangan.