Babasodikov Shukrullo Sayfulloevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Tarkibida mikroelement bo‘lgan kompleks xelat o‘g‘itlarni ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish», 02.00.13 – Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/T5827.
Ilmiy rahbar: Erkaev Aktam Ulashevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, DSc.31/2025.27.12.T.01.01.
Rasmiy opponentlar: Mamataliev Abdurasul Abdumalikovich, texnika fanlari doktori, professor; Kaipbergenov Atabek Tulepbergenovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: etilendiamintetraatsetat kislotaning tetranatriy tuzi (EDTA-Na4) asosida mikroelementlarning xelat birikmalarini olishning ilmiy asoslangan texnologiyasini ishlab chiqish, ularning suvli tizimlarda hosil bo‘lishining fizik-kimyoviy qonuniyatlarini o‘rganish, shuningdek barqaror va yuqori samarali tarkibida mikroelement bo‘lgan komplekslarni olishni ta’minlaydigan optimal sintez sharoitlari va parametrlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mis sulfat va etilendiamintetraatsetat kislotaning tetranatriy tuzi (EDTA-Na₄) dan tashkil topgan CuSO₄–Cu-EDTA–H₂O, Na₂SO₄–EDTA-Na₄–H₂O, Na₂SO₄–CuSO₄–H₂O va EDTA-Na₄–Na₂SO₄–H₂O ko‘p komponentli suvli tizimlarda eruvchanlikning politermik diagrammalari qurilib, eritmada kompleks hosil bo‘lishi va kristallanish jarayonlari o‘rtasidagi faza muvozanatlari aniqlangan;
CuSO₄–EDTA-Na₄–H₂O tizimda kompleks hosil bo‘lish qonuniyatlari aniqlanib, mikroelement qo‘shish me’yorining suspenziyalarning fizik-kimyoviy xususiyatlari hamda cho‘kma hosil bo‘lish miqdoriga ta’siri o‘rganilgan. Reagentlarning 80–100 % stexiometrik nisbatlarida barqaror va eruvchan Cu-EDTA xelat kompleksining hosil bo‘lish sharoitlari belgilangan, mis ionlari ortiqcha miqdorida (150–200 %) esa Cu₂-EDTA kompleksining hosil bo‘lishi aniqlangan.
Cu-EDTA va Cu₂-EDTA xelat komplekslari sintez qilinib, ularning keng pH va harorat oralig‘ida barqarorligi hamda fizik-kimyoviy xususiyatlari zamonaviy fizik-kimyoviy tahlil usullari (RFA, IK-spektroskopiya, DTA-TGA va SEM-EDS) yordamida isbotlangan;
Cux-EDTA eritmalarini sulfatsizlantirish jarayoni o‘rganilib, eritmalarni 0 °C gacha sovitish orqali Na₂SO₄ kristallanishi hamda hosil bo‘lgan suspenziyalarning filtrlanish xususiyatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tarkibida mikroelement bo‘lgan kompleks xelat o‘g‘itlarni ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tarkibida mikroelement bo‘lgan o‘g‘it sifatida ikki misli xelat kompleksini olish texnologiyasi Elektrokimyozavod QK AJning “2027-2029-yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan («Elektrokimyozavod»QK AJning 2025 yil 24 sentyabrdagi 89-son ma’lumotnomasi). Natijada, 214,8 kg 20% li Cu-EDTA eritmasini olish imkonini bergan;
misning EDTA asosidagi xelat kompleksi Elektrokimyozavod QK AJning “2027-2029-yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan («Elektrokimyozavod»QK AJning 2025 yil 24 sentyabrdagi 89-son ma’lumotnomasi). Natijada, 159 kg 20% li Cu-EDTA eritmasini olish imkonini bergan.