Safoev Nuriddin Najmiddin o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kvant muhitida axborotni himoyalashning kriptografik modellari va algoritmlari”, 05.01.05 - “Axborotlarni himoyalash usullari va tizimlari. Axborot va kiberxavfsizlik” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/T6150
Ilmiy rahbar: Karimov Madjit Malikovich, texnika fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc. 09/2025.27.12.T.01.02.
Rasmiy opponentlar: Kerimov Komil Fikratovich, texnika fanlari doktori, professor; Berdimurodov Mansur Alisherovich, fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: “UNICON.UZ” MChJ – Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
II. Tadqiqotning maqsadi kvant muhitida axborotni himoyalashning samarali kriptografik model va algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kvant hujayrali avtomatika (QCA) texnologiyasi va mantiqiy funksiyalarni bajarish mexanizmlarini takomillashtirish orqali zamonaviy kvant kriptografik tizimlari uchun asos bo‘ladigan XOR, multiplekser va demultiplekser kabi raqamli tarkibiy elementlarni loyihalashning kvant modellari hamda algoritmlari ishlab chiqilgan;
ishlab chiqilgan kvant mantiqiy elementlar asosida Vernam shifrlash usulini apparat darajasida amalga oshirish imkonini beruvchi model va algoritm taklif etilgan;
kvant hujayrali avtomatika (QCA) texnologiyasini, ularning tuzilmasini va ishlash algoritmlarini takomillashtirish orqali kvant muhitida oqimli shifrlash va kalitlarni generatsiya qilish imkonini beruvchi chiziqli teskari bog‘lanishli siljitish registrlarini qurishning funksional jihatdan optimallashtirilgan kvant modellari taklif etilgan;
kvant mantiqiy elementlar asosida kriptobardoshli kalitlarni hosil qilish imkonini beruvchi haqiqiy tasodifiy sonlar generatorining ishonchli va barqaror ishlovchi modeli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Kvant muhitida axborotni himoyalashning kriptografik modellari va algoritmlari boʻyicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
zamonaviy kvant kriptografik tizimlari uchun asos bo‘ladigan XOR, multiplekser va demultiplekser kabi mantiqiy elementlarning samarali modellari “UNICON.UZ” – Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi test serverida amaliy joriy etilgan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 12-noyabrdagi 34-8/8251-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijalari ushbu korxonada amalga oshirilayotgan “Kvant texnologiyalari istiqbollarini tadqiq etish” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot ishida XOR/XNOR kombinatsion mantiqiy elementlari sifatida qo‘llanilgan va oqimli shifrlash mexanizmlarining samaradorligini oshirish imkonini bergan;
ishlab chiqilgan kvant mantiqiy elementlar asosida Vernam shifrlash usulini apparat darajasida amalga oshirish imkonini beruvchi model va algoritm asosida yaratilgan “QCA VernamShield: Xavfsiz Aloqa Arxitekturasi” dasturiy vositasi “AnySoft” MChJ tajribaviy laboratoriyasida amaliyotga joriy etilgan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 12-noyabrdagi 34-8/8251-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida arxitekturaning amaliy samaradorligining yuqoriligi CMOS analoglariga nisbatan energiya sarfini 25–30% gacha kamaytirish, ishlash tezligini esa THz darajasigacha oshirish imkonini bergan;
kvant muhitida oqimli shifrlash va kalitlarni generatsiya qilish imkonini beruvchi chiziqli teskari bog‘lanishli siljitish registrlarini qurishning optimallashtirilgan modellari asosida ishlab chiqilgan algoritmik echimlar “UZINFOCOM” – Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator MChJning sinov laboratoriyasi faoliyatiga amaliy joriy etilgan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 12-noyabrdagi 34-8/8251-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida energiya sarfini 15–18% gacha kamaytirish, bit oqimi tezligini 20% ga oshirish imkoniyati yaratilgan;
kvant mantiqiy elementlar asosida kriptobardoshli kalitlarni hosil qilish imkonini beruvchi haqiqiy tasodifiy sonlar generatorining ishonchli va barqaror ishlovchi modeli “UNICON.UZ” MChJda o‘tkazilgan statistik sinovlarda NIST SP800-22 standartidagi testlar natijasida yuqori ko‘rsatkichlar (monobit – 0.984, blok chastotasi – 0.948, runs – 0.928, serial – 0.995, chiziqli murakkablik – 0.918) bilan amaliyotga joriy etilgan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2025-yil 12-noyabrdagi 34-8/8251-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida generatorning haqiqiy tasodifiylik talablariga to‘liq javob berishga va oqimli shifrlash tizimlarining samaradorligini 20–25% gacha oshirishga imkon bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish