Raxmatov Murod G‘aybullaevichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Turkistondagi ocharchilik va uning oqibatlari (1917–1924 yy)”, 07.00.01– O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Tar30.

Ilmiy rahbar: Rajabov Qahramon Kenjaevich, tarix fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat pedagogika instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Tar.01.04.

Rasmiy opponentlar: Rasulov Abdulla Nuritdinovich, tarix fanlari doktori, professor; Xazretali Tursun Maxanuli, tarix fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: 1917–1924 yillarda Turkistondagi ocharchilik va uning oqibatlarini tizimli ravishda ochib berishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

Rossiyada boshlangan siyosiy inqirozlar natijasida iqtisodiyotning izdan chiqishi, markazdan Turkistonga g‘alla va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini tashib keltirishning keskin kamayishi, qurg‘oqchilik, tabiiy ofatlar yuz berishi natijasida ocharchilikning kelib chiqqanligi, sovet hokimiyati muammoni hal etishiga qaratilgan chora-tadbirlar, xususan, oziq-ovqat zaxiralariniyu yaratilmaganligi, mahalliy ishlab chiqaruvchilarniyu rag‘batlantirilmaganligi millionlab odamlarning jabr ko‘rishi va o‘limiga sabab bo‘lganligi ochib berilgan;

sovet hokimiyati va bol`sheviklar och qolgan aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda shovinistik siyosat yuritishi natijasida ocharchilik tufayli aholi orasida ommaviy o‘limga olib kelgan epidemiyalar – bezgak (malyariya), terlama (tif), vabo (xolera) va boshqa kasalliklar keng tarqalganligi isbotlangan;

ocharchilikni bartaraf qilish uchun tashkil etilgan oziq-ovqat to‘plovchi otryadlar faoliyatidagi sustkashliklar, davlat organlari faoliyatida korrupsiya va poraxo‘rlik holatlarining avj olishi, sovet hokimiyatining oziq-ovqat solig‘ini o‘z paytida to‘lamagan dehqonlarga nisbatan qatag‘on siyosatini yuritganligi, xususan, mol-mulklari tortib olinib qiynoqqa solinganligi va yashab turgan joylaridan boshqa erlarga ko‘chib ketishga majbur bo‘lganligi aniqlangan;

bol`sheviklar va mahalliy sovetlarning o‘lkada olib borgan siyosati tufayli aholiga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatadigan Oziq-ovqat komitetlari qat’iy nazorat ostiga olinganligi natijasida oziq-ovqat bilan ta’minlashda qiyinchiliklarga duch kelinib, ocharchilikni uzoq vaqt davom etganligi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

1917–1924 yillarda bo‘lgan Turkistondagi ocharchilik va uning oqibatlari mavzusiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:

Turkistonda sovet hokimiyati yillarida iqtisodiy sohada amalga oshirilgan chora-tadbirlar va ocharchilik to‘g‘risidagi xulosalar Navoiy viloyati tarixi va madaniyati muzeyi ekspozisiyalarini qayta tashkil qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2019 yil 10 yanvardagi 01-12-10-129-son ma’lumotnomasi). Natijada, muzey fondiga taqdim qilingan materiallar hamda ilmiy iste’molga kiritilmagan yangi arxiv hujjatlarining muzey ekzpozisiyalarida namoyish etilishi sayyohlar va mahalliy tashrifchilar qiziqishini oshirib, 1917–1924 yillardagi Turkistondagi ocharchilik va uning oqibatlari haqidagi yangi ma’lumotlarga ega bo‘lishlariga imkoniyat yaratgan;

oziq-ovqat to‘plovchi otryadlar zimmasiga yuklangan vazifalarning chetlab o‘tilishi oqibatida belgilangan soliqni to‘lay olmagan dehqonlarning qatag‘on qilinganligiga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi “Turkiston Muxtoriyati hukumatining tugatilishi va sovet davlati qatag‘on siyosatining boshlanishi (1917–1924 yillar)” mavzusidagi 3-bo‘lim muzey ekspozisiyasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining 2018 yil 12 dekabrdagi 240-son ma’lumotnomasi). Bu natijalar Turkistonda ocharchilik yillarida halok bo‘lgan ajdodlarimizning xotirasini yod etishda hamda yosh avlodni Vatanga muhabbat, mardlik va sadoqat, qahramonlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish