To‘raeva Dilnoza Nematullaevnaning
fan doktori (DSc) himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.  
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Istiqlol davri turkum romanlarida tarixiy shaxslar obrazining badiiy talqini”,
10.00.02 – O‘zbek adabiyoti.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/Fil994
Ilmiy maslahatchi: Yo‘ldoshev Qozoqboy Boybekovich, pedagogika fanlari doktori, professor.   
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Guliston davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.01.12
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori (DSc), professor Nasirov Azmidin Normamatovich, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent Xamrakulova Xurshida Kuvvatovna, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent Karimova Yulduz Akulovna. 
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi o‘zbek romanchiligida turkumlilik hodisasi, uning genezisi, shakllanish omillari, tadrijiy takomili va badiiy-estetik xususiyatlarini o‘rganish negizida konseptual nazariy-metodologik umumlashmalar chiqarishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek nasrida roman shakllarining genetik ildizlari, spesifik belgilari va tarixiylikning tadrijiy takomili o‘rganilib, turkumlanish bilan bog‘liq bu adabiy hodisaning shakliy va mazmuniy xossalari ilmiy asoslangan. Turkumlar tarkibidagi romanlarning o‘zaro bog‘liqligini, syujet chiziqlarining davomiyligini, mazmuniy birlikning yetakchilik qilishini, asar kompozisiyasining yaxlitligini dominant matn hosil qilishi nazariy jihatdan dalillangan;  
istiqlol davri nasrida turkum romanlarning tarixiy-biografik mazmunga egaligi sabablari o‘rganilib, unda tarixiy shaxs badiiy talqinining tadrijiy bosqichlari, yagona konsepsiyaning mavjudligi “O‘tkan kunlar” va “Tanazzul” romanlaridagi syujet chiziqlarining davomiyligi asosida aniqlangan;
turkum roman yaratishda badiiy asar biografiyasi va yozuvchi ijod laboratoriyasi, ijodkor konsepsiyasi va dunyoqarashi adibning badiiy-estetik olami bilan uzviyligi aniqlanib, badiiy g‘oya, ijodiy tasavvur va estetik talqin me’yorlari ilmiy isbotlangan;   
turkum romanlardagi markaziy matnga oid syujet tarmoqlarini birlashtiruvchi obrazlar tarixiy shaxslar ekanligi aniqlanib, ularning asardagi mazmuniy butunlik va kompozision yaxlitlikni taminlashida to‘qima obrazlar orqali yuzaga chiqishi tarixiy haqiqat va badiiy talqin mutanosibligi asosida ochib berilgan;
turkum romanladagi ichki avtonom qismlarning konseptual birligi, diaxronik aspektda o‘sishi, qismlarda oraliq “zona” mavjudligi aniqlanib, bu xossalar asarda xronotop poetikasi, xarakter va ruhiyat munosabati undagi sayyor obrazlarning harakati orqali yuzaga chiqishi ilmiy asoslangan.    
IV.  Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
O‘zbek nasrida turkum romanlar genezisi, tadrijiy takomili va badiiy-estetik xususiyatlarini o‘rganish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
o‘zbek nasrida roman shakllarining genetik ildizlari, spesifik belgilari va tarixiylikning tadrijiy takomili bo‘yicha tahlil hamda talqinlariga oid ilmiy-nazariy xulosalardan Haydar Aliev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining 2022–2024-yillar uchun mo‘ljallangan O‘A-22-24 raqamli “O‘zbek-ozarbayjon adabiy-madaniy aloqalari” mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi Haydar Aliev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining 2025-yil 8-oktyabrdagi № 147/AZE raqamli ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek nasrida turkumlanish bilan bog‘liq adabiy hodisaning shakliy va mazmuniy xossalari yaxlit tizim sifatida tadqiq etishga erishilgan;  
istiqlol davri nasrida turkum romanlarning aksariyati tarixiy-biografik mazmunga egaligi, turkum romanlarda tarixiy shaxs badiiy talqinining tadrijiy bosqichlari bilan bog‘liq ilmiy qarashlardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida davlat ilmiy-texnik dasturi doirasida 2021-2023-yillarda bajarilgan PF-201912258 “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUning 2025-yil 23-oktyabrdagi 04/1-5091-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli elektron platformasini turkum romanlarga xos yaxlit konsepsiyaning mavjudligi, syujet chiziqlarining davomiyligi haqidagi yangi ilmiy-nazariy ma’lumotlar hisobiga yanada boyitishga erishilgan; 
turkum romanlar yaratishda badiiy asar biografiyasi ijodkor konsepsiyasi va dunyoqarashining o‘rni adabiy asarning ijodkor shaxsi bilan bog‘liqligiga oid ilmiy qarashlardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida filologiya fanlari doktori, professor Sh.S.Sirojiddinov rahbarligidagi 2021–2023-yillarda bajarilgan IL-402104474. “Bolalar adabiyoti.uz” elektron platforma va uning mobil ilovasini yaratish nomli innovatsion loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUning 2025-yil 3-noyabrdagi № 04/1-5309-son ma’lumotnomasi). Natijada yozuvchi ijod laboratoriyasi badiiy g‘oya, ijodiy tasavvur va estetik talqin munosabati asosida yuzaga chiqishi haqidagi yangi ilmiy-nazariy ma’lumotlar hisobiga yanada boyitilgan; 
mustaqillik davri roman janriy shakllarining genetik ildizlari va taraqqiyot tamoyillari, tarixiy shaxslar obrazining adabiy-badiiy tahlil va talqinlari, ularning o‘zbek adabiyoti tarixida tutgan o‘rni haqidagi materiallardan Sirdaryo viloyat teleradiokanali “Xayrli kun” ko‘rsatuvining 2025-yil 17-iyul soni ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Sirdaryo viloyat teleradiokanalining 2025-yil 30-sentyabrdagi 229-son ma’lumotnomasi). Natijada turkum romanlarda muallif obrazi va ijodiy konsepsiyasi haqidagi ilmiy-nazariy xulosalardan teletomoshabinlarning badiiy asar biografiyasi haqidagi tushunchalarini yanada boyitgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish