Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan o‘tkazilishi an’anaga aylangan “Yoshlar kuni” doirasidagi bevosita muloqotlar yoshlarning Vatan ravnaqi, uning yorqin istiqboli yo‘lida birlashib, barcha sohalarda faol harakat qilishga, yurt taraqiyotiga o‘zini dahldor bilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
30 aprel kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A.T.Yusupov yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda oliy ta’lim muassasasi rahbariyati, 55 nafar ilmiy-pedagogik jamoa, xususan, 45 nafar yosh mutaxassis-o‘qituvchilar, doktorant va mustaqil tadqiqotchi yoshlar ishtirok etdi.

Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A.T.Yusupov o‘z so‘zida davlatimiz rahbari tomonidan Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida yurtimizda Uchnchi Renessans poydevoriga mustahkam asos qo‘yishda ilm-fan, madaniyat va san’at ahlining mehnati va faolligi muhim ahamiyat kasb etishiga alohida e’tibor qaratdilar. Suhbat davomida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi sohasini takomillashtirish, ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa yosh olimlarni, ayol-qizlarni har jihatdan rag‘batlantirish borasidagi keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini berayotganiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ochiq muloqot va samimiy ruhda o‘tkazilgan uchrashuvda yosh tadqiqotchilar, ilmiy-pedagogik jamoaning oliy malakali ilmiy va ilmiy pedagog kadrlar attestatsiyasiga doir 32 ta savoliga rasmiy hujjatlar asosida tushuntirishlar berildi va 1 nafar tadqiqotchining ilmiy faoliyati yuzasidan joyida uslubiy yordam ko‘rsatildi.
OAK Axborot xizmati.