Nasriddinov Farxod Anvarovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda saylov komissiyalari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish», 12.00.02–Konstitusiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi.

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/74.

Ilmiy rahbar: Xusanov Ozod Tillaboevich, yuridik fanlar doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.23.01.

Rasmiy opponentlar: Tulyaganov Abdumannop Abdujabborovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Turg‘unov Oybek Karimovich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: saylov komissiyalari faoliyatining samaradorligini oshirish va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga oid ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari, shuningdek okrug saylov komissiyalari a’zolariga saylovni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklar yuzasidan ma’muriy ish hujjatlarini yuritish huquqini berish taklifi asoslab berilgan;

Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining mustaqillik prinsipini yanada kengroq ta’minlash maqsadida Markaziy saylov komissiyasi a’zolari daxlsizlik maqomi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolariga tenglashtirish maqsadga muvofiqligi asoslantirilgan;

okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar yigirma besh yoshga to‘lgan, partiyasiz, qoida tariqasida huquqiy ko‘nikmaga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida bilimga ega bo‘lgan, jamoatchilik o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan, oxirgi besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan, saylov yoki referendumlarni tashkil etish va o‘tkazish borasida tajribaga ega bo‘lgan fuqarolar bo‘lishi lozimligi asoslantirilgan;

uchastka saylov komissiyalari a’zolari tomonidan ovoz berish binolarini tegishli tartibda jihozlash, rasmiylashtirish talablari, uchastka saylov komissiyalari a’zolarining ovoz bergunga qadar, ovoz berish vaqtida va ovoz berish yakunlangandan keyingi vazifalarini aniqlashtirish hamda ularni qonun hujjatida belgilash ahamiyati ochib berilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘zbekistonda saylov komissiyalari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari, okrug saylov komissiyalari a’zolari tomonidan saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi aniqlangan huquqbuzarlik yuzasidan ma’muriy bayonnoma tuzish to‘g‘risidagi taklifi 2016 yil 7 oktyabrdagi 751-son qarori bilan tasdiqlangan “Saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy ish yuritishni rasmiylashtirish yuzasidan uslubiy tavsiyalar”da o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2018 yil 12 iyundagi 275/2-1-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy ish yuritishni rasmiylashtiruvchi sub’ektni belgilashga xizmat qilgan;

Markaziy saylov komissiyasi a’zolari daxlsizlik maqomi bo‘yicha Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolariga tenglashtirish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4004-son qarorining 7-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2018 yil 19 noyabrdagi 618/2-1-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif asosida Markaziy saylov komissiyasi a’zolarining daxlsizligini ta’minlash orqali ularning yanada mustaqil faoliyati yuritishi nazarda tutilgan;

okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarni tanlab olishga oid berilgan tavsiyalar Markaziy saylov komissiyasining 2017 yil 15 sentyabrdagi 852-son qarori bilan tasdiqlangan Okrug va uchastka saylov komissiyalari tarkibini shakllantirish bo‘yicha uslubiy tavsiyalarning 2-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2017 yil 11 noyabrdagi 544/3-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif okrug va uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga mas’uliyatli fuqarolarning jalb etilishi va saylov komissiyalari faoliyati samaradorligining oshishiga xizmat qilgan;

uchastka saylov komissiyalari a’zolari tomonidan ovoz berish binolarini tegishli tartibda jihozlash, rasmiylashtirish talablari, uchastka saylov komissiyalari a’zolarining ovoz bergunga qadar, ovoz berish vaqtida va ovoz berish yakunlangandan keyingi vazifalarini belgilash bo‘yicha takliflar Markaziy saylov komissiyasining 2017 yil 1 dekabrdagi 858-son qarori bilan tasdiqlangan “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari ishini tashkil qilish to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaning 2.2-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2018 yil 30 maydagi 257/2-1-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif uchastka saylov komissiyalari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish