Latipov Begzod Ispandiyorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligini takomillashtirish», 12.00.01-Davlat va huquq nazariyasi va tarixi. Huquqiy ta’limotlar tarixi.
Ilmiy rahbar: Odilqoriev Xojimurod Tuxatmurodovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.23.01.
Rasmiy opponentlar: Ziyodullaev Muzaffar Ziyodullaevich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Raximov Abdumannop Quzievich, yuridik fanlar nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘zaro hamkorligining huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
fuqarolik jamiyati institutlari-odamlarning fuqarolik jamiyatiga xos ijtimoiy munosabatlarini shakllantirish, shunday jamiyat manfaatlariga xizmat qiluvchi qadriyatlar, qoidalar va xulq-atvor normalari asosida me’yorlangan dunyoqarash, ong, madaniyat, ma’naviy-axloqiy vaziyatni qaror toptirish, turli ijtimoiy guruhlar manfaatlarini ifodalash, jamiyatni demokratik tarzda tashkillashtirish funksiyalarini bajarishga yo‘naltirilgan mustaqil ijtimoiy uyushmalar yig‘indisi sifatida ta’rif berilgan;
huquqni muhofaza qilish organlari sifatida mamlakatda qonun ustuvorligini, jamoat tartibi va xavfsizligini, fuqarolarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, buzilgan huquqlarni tiklash, huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish, jinoyatlarni fosh etish, tezkor-qidiruv, ma’muriy va jinoyat-protsessual faoliyatni amalga oshiruvchi hamda aholiga huquqiy yordam ko‘rsatuvchi, zarur hollarda davlat majburlovi choralarini qo‘llash vakolatiga ega bo‘lgan davlat organlari tushunilishi asoslantirilgan;
sudlar ommaviy axborot vositalari xodimlarini, tegishli jamoat birlashmalarini va jamoalarni bo‘lajak protsesslar to‘g‘risida xabardor qilishi, shuningdek protsesslarni bevosita korxonalarda, muassasalarda, tashkilotlarda, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida hamda ta’lim muassasalarida o‘tkazishi sudlov faoliyatida oshkoralikni kengaytirishga xizmat qilishi asoslab berilgan;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jamoatchilik nazorati sub’ektlariga o‘z faoliyati to‘g‘risidagi jamoatchilik manfaatiga daxldor bo‘lgan axborotni taqdim etishi hamda jamoatchilik nazorati sub’ektlari tomonidan yuborilgan takliflar va tavsiyalarni, shuningdek yakuniy hujjatlar va materiallarni ko‘rib chiqish shartligini belgilash zarurati asoslantirilgan;
huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ommaviyligi va ochiqligi, unda ishtirok etishning ixtiyoriyligi prinsiplarini qonun hujjatlarida belgilash fuqarolik jamiyati institutlarining mustaqilligi va xolisligini ta’minlashga xizmat qilishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligini takomillashtirish borasida o‘tkazilgan tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
fuqarolik jamiyati institutlariga turli ijtimoiy guruhlar manfaatlarini ifodalashga yo‘naltirilgan mustaqil ijtimoiy uyushmalar, huquqni muhofaza qilish organlariga fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlovchi davlat organlari sifatida qarashlar «Fuqarolik jamiyati institutlari» o‘quv qo‘llanmasi mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining 2019 yil 4 iyundagi 02/934-son ma’lumotnomasi). Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbar xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga xizmat qilgan;
sudlov faoliyatidagi oshkoralikni kuchaytirishga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 apreldagi O‘RQ-476-sonli «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuniga asosan 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 4 maydagi 06/1-05/711-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish sudlar faoliyatining oshkoraligini ta’minlashga, ular tomonidan inson huquqlarini kafolatlash borasida turli fuqarolik jamiyati institutlari, keng jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorligini rivojlantirishga xizmat qilgan;
jamoatchilik nazorati sub’ektlari faoliyatining kafolatlarini kuchaytirishga oid takliflardan «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 16-moddasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 4 maydagi 06/1-05/711-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar davlat organlari tomonidan jamoatchilik nazorati sub’ektlariga o‘z faoliyati to‘g‘risidagi jamoatchilik manfaatiga daxldor bo‘lgan axborotni o‘z vaqtida va to‘liq taqdim etilishini, jamoatchilik nazorati sub’ektlarining taklif va tavsiyalarini, shuningdek yakuniy hujjatlar va materiallarni majburiy ko‘rib chiqilishini ta’minlagan;
jamoatchilik nazoratini amalga oshirish ommaviyligi va ochiqligi, unda ishtirok etishning ixtiyoriyligi prinsiplarini joriy qilishga oid takliflardan «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 4 maydagi 06/1-05/711-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar jamoatchilik nazorati sub’ektlarining o‘z faoliyatini mustaqil va xolis amalga oshirish kafolatlarini kuchaytirgan.