Kaxramonov Alisher Ro‘ziboevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi nomi): “Litiy ftor kristali sirtida nuqsonlarning hosil bo‘lish jarayonlari: tajriba va modellashtirish” mavzusidagi 01.04.04 – Fizik elektronika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/FM1098.
Ilmiy rahbar: Sharopov Utkirjon Bahodirovich, fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Materialshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/2025.27.12.FM.06.03 Raqamli ilmiy kengash
Rasmiy opponentlar: Yadgarov Ishmumin Djabbarovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Ashirov Atabek Salievich, fizika-matematika fanlari falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Tajriba natijalari asosida LiF kristallari sirtida elektron va ion nurlanishi ta’sirida nuqsonlar hosil bo‘lish jarayonlarini modellashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor TT spektroskopiya tajriba natijalari va SRIM kompyuter simulyasiyasi asosida LiF kristalli sirtida nuqsonlarning shakllanishi nurlantiruvchi ionlar massasiga bog‘liqligi aniqlanib, xlor ionlari uchun nuqsonlar intensivligi seziy ionlariga nisbatan qariyb 3 marta yuqori bo‘lishi, engil ionlarning sirtga yaqin hududda to‘planishi, og‘ir ionlarning esa kristall hajmiga o‘rtacha 51 Å chuqurlikkacha implantatsiya qilinishi mexanizmi ilmiy asoslangan;
LiF kristali sirtida Af-markazlarining agregatsiya va desorbsiya jarayonlari hamda ularning hosil bo‘lish mexanizmlari aniqlanib, nuqsonlar konsentratsiyasining harorat, nurlanish va kirishma ionlar miqdoriga to‘g‘ri mutanosib ravishda ortishi tajriba va modellashtirish natijalari asosida asoslab berilgan;
nochiziqli regressiya tahlili asosida Af-markazlarining haroratga bog‘liqligini ifodalovchi matematik model ishlab chiqilib, determinatsiya koeffisienti R²≈0,99 bo‘lgan yuqori aniqlikdagi model yordamida nuqsonlar konsentratsiyasini oldindan baholash va bashorat qilish imkoniyati yaratilgan;
ilk bor SRIM dasturiy paketi yordamida 1 keV past energiyali Cs ionlarining LiF kristali bilan o‘zaro ta’siri tahlil qilinib, ionlar energiyasining kristall sirtida va hajmida taqsimlanish qonuniyatlari aniqlangan, hamda ionlarning asosiy energiya yo‘qotishi 30–40 Å chuqurlik oralig‘ida sodir bo‘lishi asosida sirt modifikatsiyasi mexanizmi asoslab berilgan;
Cs ionlari bilan bombardimon qilish natijasida LiF kristalida atomlarning siljishi, bo‘sh o‘rinlar va kirishma nuqsonlarning chuqurlik bo‘yicha taqsimoti aniqlanib, nuqsonlar maksimal konsentratsiyasining sirtga yaqin taxminan 16 Å chuqurlikda hosil bo‘lish qonuniyati hamda nuqsonlar taqsimotining 40 Å dan keyin keskin kamayishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Litiy ftor kristallari yuzasida nuqsonlar hosil bo‘lish jarayonlarini o‘rganish hamda ularning optik va fizik xossalarga ta’sirini aniqlashga oid olib borilgan kompleks tadqiqotlar asosida:
Litiy ftor kristallari sirtida nuqson markazlari hosil bo‘lishi natijasida yutilish va emissiya spektrlari to‘lqin uzunliklarining o‘zgarish qonuniyatlari, shuningdek ularning lazer nurlanish jarayonlaridagi roli to‘g‘risidagi ilmiy natijalar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida 2021–2024 yillarda bajarilgan “Quyosh energiyasini lazer nuri energiyasiga aylantirish jarayonlarining fizik asoslarini tadqiq qilish va rivojlantirish” mavzusidagi fundamental loyiha doirasida ilmiy-texnik vazifalarni bajarishda amaliyotga joriy etilgan (O‘zR FAning 2024 yil 4 oktyabrdagi 2-1255-2202-son ma’lumotnomasi). Natijada LiF kristallari asosida nuqson markazlarining optik xossalarini boshqarish, ularning spektral xarakteristikalarini aniqlash hamda Nd:YaG tipidagi quyosh lazerlari uchun samarali sensibilizator sifatida qo‘llash imkoniyatlarini simulyasiya usullari yordamida baholash imkonini bergan;
Litiy ftor va silikat materiallar sirtida nuqson markazlari hosil bo‘lishining termoelektrik va strukturaviy xossalarga ta’siri, jumladan metall oksidlari bilan legirlash jarayonida yuzaga keladigan o‘z-o‘zidan tashkil bo‘lish mexanizmlariga oid ilmiy natijalar Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 2021–2023 yillarda bajarilgan Uzb-Ind-2021-78 “Metall oksidlari bilan legirlangan silikatlardagi termoelektrik xossalari va o‘z-o‘zidan tashkil bo‘lish jarayonlari” mavzusidagi O‘zbekiston–Hindiston qo‘shma amaliy loyiha doirasida ilmiy-texnik vazifalarni bajarishda amaliyotga joriy etilgan (Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 2024 yil 25 sentyabrdagi 01/11-7811-son ma’lumotnomasi). Natijada silikat materiallar sirtini metall oksidlari bilan legirlash jarayonida nuqson markazlarining hosil bo‘lishi va ularning termoelektrik xossalarga ta’sirini aniqlash, ushbu jarayonlarni modellashtirish aniqligini oshirish hamda o‘z-o‘zidan tashkil bo‘lish hodisalarining fizik-kimyoviy mexanizmlarini chuqurroq asoslash imkonini bergan.