Ochilov Ozodjon Mardievichning 
filologiya fanlari bo‘yicha fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):
“XX asr birinchi choragi xitoy she’riyatining yangilanish tamoyillari” 
10.00.05 – “Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti” (filologiya fanlari) 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.DSc/Fil434
Ilmiy maslahatchi: Mannonov Abdurahim Mutalovich, filologiya fanlari doktori, professor 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.05.03.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor Muxibova Ulfatxon Uchkunovna; filologiya fanlari doktor, professor Nasirova Saodat Abdullaevna; filologiya fanlari doktori, professor Jabborov Nurboy Abdulxakimovich.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat chet tillar instituti 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi XX asr birinchi choragi xitoy she’riyatining yangilanish tamoyillarini tarixiy-adabiy hamda badiiy-estetik kontekstda ochib berish, ularning lingvopoetik indikatorlarini korpus va matn tahlili asosida aniqlash va olingan natijalarni empirik tekshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
XX asr birinchi choragidagi xitoy she’riyatining yangilanishi ikki bosqich (1900-1916 va 1917-1925-yillar) kesimida qiyosiy-fazaviy yondashuv asosida tizimli tadqiq qilinib, birinchi bosqichda yangilanishning asosan mazmuniy xarakter kasb etgan holda an’anaviy poetik qobiq doirasida kechgani, ikkinchi bosqichda esa yangilanishning til, shakl, ritm, obraz va funksional vazifa darajasida tizimli tus olib, yangi poetik modelga aylangani aniqlangan;
ilk bor sivilizatsion bosim, paradigmatik uzilish va ijodiy ko‘plik tushunchalariga tayangan holda ishlab chiqilgan yangilanishni izohlovchi integrativ nazariy model asosida yangilanish jarayoni tarixiy “chaqiriq-javob”, paradigma almashinuvi va ko‘plik/rizoma uyg‘unligida  namoyon bo‘lishi dalillangan;  
an’anaviy xitoy she’riyatining tarkibiy va institutsional asoslarini tashkil etgan ping–ze ohang tizimi, 5/7 bo‘g‘inli vazn, qofiya me’yorlari hamda davlat imtihon tizimi (kejü) zamonaviy davrda yuzaga kelgan paradigmatik to‘qnashuvning struktur sabablari sifatida qayta talqin qilinib, yangilanish jarayonini sekinlashtiruvchi omillardan bo‘lgani ilmiy dalillar yordamida isbotlangan;
bayxua tiliga xos zamon-aspekt markerlari, punktuatsiya, yuklamalar hamda shaxs olmoshlari yangi poetik nutqda ritm yaratish, subektivlik va dialogiklikni kuchaytirishga xizmat qilganligi korpus tahlillar asosida aniqlangan; 
yangi she’riyatning milliy uyg‘onish, shaxs erkinligi, ilm-fan taraqqiyoti va ijtimoiy tanqidni ifodalovchi ommaviy adabiy maydonga aylanishi, zamonaviy dunyoqarash ta’sirida kechinma va g‘oyalarni bevosita bayon qilishdan ko‘ra, obraz va aniq detallar orqali ifodalash ustuvor ahamiyat kasb eta boshlashi, mavhum-konseptual leksika hamda zamonaviy obrazlarning badiiy funksiyasi faollashuvi, lirik qahramon ifodasi yangilanib, tasvirda ko‘rish, eshitish va harakat unsurlarining kuchayishi kabi qator omillar yangi ritmik imkoniyatlarni yuzaga chiqargani nazariy va matniy tahlillar asosida dalillangan;
she’riyat yangilanish tamoyillarini izohlash uchun “ichki shakllanish – tashqi tezlashuv” konseptual yondashuv modeli ishlab chiqilgan bo‘lib, ichki poetik rivoj omillari bilan tashqi estetik ta’sirlarning tanlab o‘zlashtirilishi yangilanish jarayonining asosiy harakatlantiruvchi mexanizmi ekanligi isbotlangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XX asr birinchi choragi xitoy she’riyatining yangilanish tamoyillariga oid tadqiqotning nazariy va amaliy natijalari asosida:
Tadqiqotda ilgari surilgan “ichki shakllanish – tashqi tezlashuv” tamoyiliga asoslangan konseptual yondashuv, shuningdek obraz va konkret detallar orqali ifodalashning kuchayishi, bayxua sintaktik soddaligi bilan simvolistik ifoda unsurlarining uyg‘unlashuvi; romantizm, imajizm, simvolizmga xos poetik kechinmalarning fuqaroviy mazmun bilan boyishi hamda proletar ifoda vositalarining xalqona ritm bilan qo‘shilishi natijasida yangilanish jarayoni uzilishsiz kechgani haqidagi ilmiy xulosalar, shuningdek, korpus tahlilga tayanib erishilgan qator amaliy natijalardan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2023-yil 11-iyundagi 26-IB qarori bilan tashkillashtirilgan “Adabiyotshunoslik terminlar lug‘ati” amaliy loyihasi doirasida xitoy adabiyoti terminlarini shakllantirishda foydalanilgan (Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2026-yil, 13-fevraldagi 04/391-son ma’lumotnomasi). Natijada, xitoy adabiyotining an’anaviy va zamonaviy she’riyatiga doir yuzga yaqin termin uchun aniq, me’yoriy va zamonaviy izohlar ishlab chiqishga xizmat qilgan.
Ikki bosqichli qiyosiy tahlil modeli asosida yangilanish dinamikasini til, shakl va obrazlar kesimida xaritalash, turli nazariy konsepsiyalarni birlashtirish natijasida ishlab chiqilgan integrativ nazariy model, ichki va tashqi omillardan tanlab-o‘zlashtirish konseptual xaritasini qo‘llash borasidagi qarashlar, korpus yaratish va unda amaliy tahlillar o‘tkazishga oid tadqiqot natijalaridan Chexiya Respublikasining Praga shahridagi Karlov universitetida o‘qitilgan ma’ruza mashg‘ulotlari doirasida foydalanilgan (Karlov universitetining 2025-yil, 24-sentyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada, tinglovchilarda indikator to‘plamlarini hisoblab chiqish, davriy kesimlarda dinamikani talqin qilish hamda xitoy she’riy yangilanishi traektoriyasini yorituvchi tahliliy yozma ishlanmalar tayyorlash ko‘nikmalarining shakllanishiga xizmat qilgan;
An’anaviy xitoy she’riyati paradigmasining barqarorligini ta’minlagan ping–ze ohang tizimi, 5/7 bo‘g‘inli vazn, qofiya me’yorlari hamda kejü instituti zamonaviy davrda paradigmatik to‘qnashuvni yuzaga keltirgan struktur omillar ekanligi; venyandan bayxuaga o‘tish jarayonida zamon/aspekt markerlari, punktuatsiya va shaxs olmoshlarining faollashuvi poetik ritm hamda subektivlikni kuchaytirgani, qat’iy metrdan erkin she’rga o‘tish esa intonatsiya, pauza va takror asosida me’yorlashgani borasidagi tahlillar va xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, mahorat darslari va tarjima forumlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2025-yil, 25-noyabrdagi 01-03/433 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, tarjima amaliyotida she’riy matnning ritmik-punktuatsion xususiyatlarini saqlash, subektiv ifoda vositalarini adekvat berish hamda modern poetik mazmunni to‘g‘ri talqin qilish bo‘yicha yangi metodik yondashuvlarning shakllanishiga yordam bergan; 
Tadqiqot ishidagi venyandan bayxuaga o‘tish jarayonida zamon-aspekt markerlari, punktuatsiya hamda shaxs olmoshlarining poetik nutqda ritm yaratishdagi o‘rni, adabiyotning jamiyat hayotidagi roli, she’riyatning milliy uyg‘onish va ijtimoiy ongni shakllantirishdagi ahamiyati borasidagi ilmiy xulosalardan TDShU huzuridagi “Konfusiy nomidagi o‘zbek-xitoy instituti” NNT o‘quv faoliyati jarayonida foydalanilgan (“Konfusiy nomidagi o‘zbek-xitoy instituti” NNTning 2026-yil 20-yanvardagi 273/26-son ma’lumotnomasi). Natijada, muassasa o‘quvchilarida til, adabiyot va madaniyat o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash, tarixiy voqealarga badiiy tafakkur orqali baho berish ko‘nikmalarini rivojlantirishga hamda poetik matnlarni tahlil qilishga oid soddalashtirilgan misollar she’r o‘qish mashg‘ulotlarida tahliliy fikrlash va matn bilan ishlash malakalarini shakllantirishga xizmat qilgan. 
Yangi she’riyat eski me’yorlarning bekor qilinishi bilan birga an’anaviy obrazlar va ritmik formulalarning bayxua sintaksisi va erkin satr estetikasida ijodiy qayta vazifalanishi orqali talqin qilinganligi; selektiv o‘zlashtirish xaritasi: imajizm, romantizm, simvolizm va ijtimoiy yo‘nalishli poetikalar bilan mahalliy an’analar, folklor janrlari o‘zaro sintez qilinish mexanizmlari aniqlashtirilgani; an’anaviy xitoy she’riyati paradigmasining barqarorligi hamda ijtimoiy institutlarga tayangan tarkibiy omillarning zamonaviy davrda paradigmatik to‘qnashuvni yuzaga keltirgan struktur sabab sifatida ilmiy asosda yoritilib, klassik tizimning uzlyuksizligi yangilanishning kechikish omili sifatida qayta talqin qilingani kabi ilmiy-amaliy natijalar va yangiliklardan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Xitoy adabiyoti (qadim va o‘rta asrlar)” darsligini yaratishda foydalanilgan (Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2025-yil 1-noyabrdagi 01-04-02/2855 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, darslik tarkibiga kiritilgan “Qadimgi va o‘rta asrlar she’riyati”, “An’anaviy she’riyat paradigmasi”, “Qadimgi xitoy adabiyotshunosligida adabiy tanqid”, “Tang she’riyati”, “Mahkama she’riyati”, “Chu nazmlari” kabi bir qator mavzularning ilmiy-amaliy jihatdan boyishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish