Yuldashev Og‘abek Komiljon o‘g‘li 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘zbek va ingliz tez aytishlarining qiyosiy tadqiqi”, 10.00.06 Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik. 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2025.4.PhD/Fil 6904
Ilmiy rahbar: Turg‘unov Sherali Dolixonovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Namangan davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.22.04.
Rasmiy opponentlar: Turdimov Shomirza G‘anievich, filologiya fanlari doktori, professor; Sidiqov Qosim Abilovich, filologiya fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat chet tillar instituti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: Nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
II.Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va ingliz tez aytishlarining genezisi, tipologiyasi va badiiy xususiyatlarini qiyosiy asosda o‘rganishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
tez aytishlar bolalar folkloriga xos hodisa sifatida takomiliga erishgan bo‘lsa-da, ularning dastlab kattalar folklorida marosim rituallari bilan bog‘liq holda shakllangani ilmiy-nazariy jihatdan isbotlangan;
o‘zbek va ingliz folklorida tez aytish janri misolida xalqning ma’naviy hayoti, milliy qadriyatlari hamda hayot tarzi qiyosiy-tipologik jihatdan o‘rganilib, har ikki xalq tez aytishlarida milliy kolorit mifologik tasavvurlar, urf-odatlar, kiyim-kechak va taomlar nomlari, marosimlar va boshqa realiyalar orqali ifodalanishi ilmiy asoslangan;
o‘zbek va ingliz tez aytishlarida inson obrazi mehnat faoliyati va ijtimoiy munosabatlarini ifodalovchi asosiy badiiy vositalardan biri ekanligi, xususan, dehqon, chorvador, hunarmand singari xalq vakillarining   obrazlari orqali har ikki xalqning qadriyatlari, axloq tamoyillari hamda oila institutining ijtimoiy ahamiyati ochib berilgan;
O‘zbekcha tez aytishlarda barmoq vazniga asoslangan qat’iy bo‘g‘in tizimi ustuvorligi, ingliz tez aytishlarida esa stress-timed ritmining yetakchilik qilishi aniqlanib, badiiy ko‘chimlar va poetik figuralarning tez aytishlar matni ifodaviyligini oshiruvchi muhim lingvopoetik vosita sifatidagi badiiy-estetik vazifasi aniqlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va ingliz tez aytishlarining o‘rganilishi, qiyosiy tipologiyasi, yuzaga kelish omillarining mushtarakligi, o‘xshash va farqli xususiyatlari, badiiyati bilan bog‘liq vazifalarni tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘zbek va ingliz tez aytishlarining kompozision qurilishi belgilangan, troplar va poetik figuralarning janr tarkibidagi badiiy-estetik vazifalari o‘zbekcha va inglizcha misollar yordamida tushunishga imkon beruvchi xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2021–2023-yillarga mo‘ljallangan IL-402104474 raqamli “Bolalaradabiyoti.uz” elektron platforma va uning mobil ilovasini yaratish nomli innovatsion loyihasida foydalanilgan. (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, 2026-yil 21-fevraldagi 04/1-1054-son ma’lumotnomasi). Natijada, tez aytishlarning fonetik, leksik va stilistik xususiyatlari tahlil qilinib, ularning lingvistik va madaniy funksiyalari aniqlandi. Shu bilan birga, qiyosiy tadqiqot orqali o‘zbek va ingliz tez aytishlarining umumiy va farqli jihatlari belgilandi, bu esa ularning o‘quv-uslubiy va badiiy qiymatini yanada chuqurroq tushunishga imkon bergan;
o‘zbek va ingliz xalq tez aytishlarining o‘ziga xos janr xususiyatlari, turkiy an’analar bilan tipologiyasi va tarixiy-genetik ildizlari, kompozisiyasi, g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini oydinlashtirish, tipologik o‘xshashlik va o‘ziga xos xususiyatlarni tadqiq etish orqali chiqarilgan xulosalar o‘zbek folklorshunosligi uchun muhim ilmiy-nazariy ma’lumotlar berishi, o‘zbek folklori, folklorshunoslik, dialektologiya, qiyosiy folklorshunoslik, lingvofolkloristika, etnofolkloristika kabi fanlar bo‘yicha yaratiladigan darslik va qo‘llanmalar mukammallashuviga xizmat qilishi  haqidagi xulosalardan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Namangan davlat universitetida bajarilgan FZ-201912099 “O‘zbek folklorining o‘zbek va ingliz tillaridagi veb-sayti va multimediya mahsulotlarini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan. (Namangan davlat universiteti, 2025-yil 21-noyabrdagi 2099-011/24-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbek folklorining o‘zbek va ingliz tillaridagi multimedia mahsulotlarini yaratish jarayoni dissertatsiya ishida keltirilgan qiyosiy tahlil vositalariga oid ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilgan;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi “O‘zbekiston” teleradiokanali tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston yoshlari”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Bolalar va biz” nomli dasturlar ssenariysida (2024-2025- yillar) foydalanilgan. O‘zbek va ingliz tez aytishlarining genezisi, xususan, evolyusiyasi va tipologik xususiyatlari atroflicha yoritilganligi, qolaversa, tez aytishlarning o‘rganilish tarixi, shakllanish bosqichlari hamda ularning tarixiy-tadrijiy takomili izchil tahlilga tortilganligi, janrning xalq og‘zaki ijodidagi o‘rni, dastlabki funksiyalari, estetik vazifasi va til madaniyatidagi ahamiyati ilmiy asosda yoritilgan. Ushbu fikrlar va xulosalardan unumli foydalanilgan, hamda tadqiqotchi bilan bevosita suhbat olib borilgan. (O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaiyasi, “O‘zbekiston-24 ijodiy birlashmasi”ning 2025-yil 19-noyabrgi 05-09-1850-son ma’lumotnomasi). Natijada, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ko‘rsatuv va eshittirishlarning badiiy jihatdan yanada qiziqarli, mazmunli, jonli chiqishiga erishilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish