Mamadaliev Aziz Yusupalievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Asosi qumdan barpo qilingan va ko‘chuvchi qum bilan ifloslangan, vibrodinamik yuklamani qabul qiluvchi temir yo‘l ballast qatlamining yuk ko‘tarish imkoniyati», 05.08.02–«Temir yo‘llar va yo‘l xo‘jaligi» (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/T119.
Ilmiy rahbar: Miraxmedov Maxamadjon Miraxmedovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, PhD.28.06.2018.T.73.01.
Rasmiy opponentlar: Kaynarbekov Asemxan Kaynarbekovich, texnika fanlari doktori, professor; Dosmetov Sultan Kamalovich, texnika fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Qirg‘iziston davlat qurilish, transport va arxitektura universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ballast qatlamida va undan tashqarida tebranishlar amplitudasi tarqalishini hisobga olgan holda ko‘chuvchi qumlar bilan ifloslangan ballast qatlamining yuk ko‘tarish imkoniyatini oshirish usulini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ko‘chuvchi qumlar bilan ifloslangan temir yo‘l ballast qatlamida poezdlardan tushuvchi vibrodinamik yuklamalar ta’sirida yuzaga keluvchi tebranishlarning tarqalishini aniqlash usuli yuklamalarni belgilovchi koeffisient orqali takomillashtirilgan;
ko‘chuvchi qumlar bilan ifloslangan temir yo‘l ballast qatlamida poezdlardan tushuvchi vibrodinamik yuklamalar ta’sirida qatlamda yuzaga keluvchi zo‘riqish zonalarini baholash usuli ishlab chiqilgan;
ko‘chuvchi qumlar mavjud hududlarda temir yo‘l ballast qatlamidan olingan namunalarni saralash va hosil qilingan ma’lumotlarni hisoblash orqali ballast qatlamining ifloslanganlik darajasini aniqlash usuli ishlab chiqilgan;
turli temir yo‘l infratuzilmasi ob’ektlarini ko‘chuvchi qumlar bosishidan himoyani loyihalashtirishda qo‘llanadigan faol shamollarning so‘nggi 50 yillik ma’lumotlar bazasi yaratilgan va hosil qilingan ma’lumotlarni hisoblash orqali hududlarda faol shamollar taqsimlanishi modelining tasvirini olish usuli ishlab chiqilgan;
ballast qatlamining ko‘chuvchi qumlar bilan ifloslanish darajasini kamaytirish hamda er polotnosining mustahkamligini oshirish uchun ekspluatatsiyadagi mavjud qatlam va polotno konstruksiyasiga hisob-kitoblar asosida o‘zgartirishlar kiritilgan, shu bilan birga ballast qatlami hamda er polotnosini ekspluatatsiya qilish jarayonida ishlatiladigan mavjud yo‘l xo‘jaligi texnologiyasi o‘rniga yangi zamonaviy texnologiyadan foydalanish va unga qo‘shimcha qurilma qo‘shish orqali ushbu konstruksiya hamda texnologiya takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ko‘chuvchi qumlar bilan ifloslangan, vibrodinamik yuklamani qabul qiluvchi temir yo‘l ballast qatlamining yuk ko‘tarish imkoniyatini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
ko‘chuvchi qumlar ta’sirida ifloslangan ballast qatlamining yuk ko‘tarish imkoniyatini hisoblash usuli «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tasarrufidagi Buxoro-Miskin temir yo‘l liniyasi temir yo‘l er ko‘tarmasi va ballast qatlamini ekspluatatsiya qilish jarayoniga joriy etilgan («O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning 2019 yil 1 apreldagi N/1689-19-son ma’lumotnomasi). Natijada temir yo‘l ballast qatlamida tebranishlar so‘nish chegarasining yuklamaga nisbatan bog‘liqligini belgilash imkonini bergan;
ko‘chuvchi qumlar mavjud hududlarda temir yo‘l ballast qatlamini ifloslanish darajasini aniqlash usuli «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tasarrufidagi Buxoro-Miskin temir yo‘l liniyasi temir yo‘l er ko‘tarmasi va ballast qatlamini ekspluatatsiya qilish jarayoniga joriy etilgan («O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning 2019 yil 1 apreldagi N/1689-19-son ma’lumotnomasi). Natijada temir yo‘l ballast qatlamini 0,1 m ga qalinlashtirish, er ko‘tarmasining yuk ko‘tarish imkoniyatini vertikal yo‘nalishda 8% ga va gorizontal yo‘nalishda 10% ga oshirish imkonini bergan;
turli temir yo‘l infratuzilmasi ob’ektlarini ko‘chuvchi qumlar bosishidan himoya qilishni loyihalashtirishda qo‘llanadigan faol shamollarning makonda taqsimlanish modelini tasvirlash usuli «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tasarrufidagi «Toshtemiryo\'lloyiha» MChJga temir yo‘lni loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish jarayoniga joriy etilgan («O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning 2019 yil 1 apreldagi N/1689-19-son ma’lumotnomasi). Natijada cho‘l hududlarida yangi temir yo‘llarni loyihalashtirishda ko‘chuvchi qumlarni hosil qiluvchi tabiiy shamol yo‘nalishlarini belgilash imkoni yaratilgan;
ballast qatlamini ko‘chuvchi qumlar bilan ifloslanish darajasini kamaytiruvchi va er polotnosining mustahkamligini oshiruvchi takomillashtirilgan konstruksiya hamda texnologiyasi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tasarrufidagi Buxoro-Miskin temir yo‘l liniyasi temir yo‘l er ko‘tarmasi va ballast qatlamini ekspluatatsiya qilish jarayoniga joriy etilgan («O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning 2019 yil 1 apreldagi N/1689-19-son ma’lumotnomasi). Natijada liniyada poezdlarning harakatlanish grafigida ta’mirlash uchun ajratilgan «texnik tanaffus»lar davomligi yo‘lning har bir kilometri uchun 5.6 soatga qisqartirish imkoni yaratilgan.