Bahronqulov Zavqiddin Erkin o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):
“Lyutetsiy bilan legirlangan kremniyning elektrofizik xossalari va sirt qatlam morfologiyasi”, 01.04.10 – Yarimo‘tkazgichlar fizikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/FM579.
Ilmiy rahbar: Daliev Xojakbar Sultanovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.03/2025.27.12.FM/T.01.06.
Rasmiy opponentlar: Onarqulov Karimberdi Egamberdievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Sharibaev Nosirjon Yusufjanovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi:
lyutetsiy bilan legirlangan kremniyning elektrofizik xossalari va sirt qatlam morfologiyasini kompleks o‘rganish, Lu atomlarining kremniy kristall panjarasiga ta’siri, hosil bo‘ladigan nuqsonlar va chuqur energetik sathlarning xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor n-Si<Lu>namunalarda lyutetsiy kirishmasi akseptor xossaga ega bo‘lishi, diffiiziyadan so‘ng n-Si namunalarining solishtirma qarshiligi keskin ortib p-tipga o‘zgarishi aniqlangan;
ilk bor termik ishlov berilgan n-Si<Lu> namunalarda elektron tutish kesimlari
4×10-17 sm2, 1.2×10-15 sm2 va ionizatsiya energiyalari EC–0.23 eV va EC–0.37 eV ga teng bo‘lgan taqiqlangan zonaning yuqori qismida ikkita chuqur sath hosil boʻlishi aniqlangan;
ilk bor Si<Lu> namunalarining sirt oldi sohasi kompleks tadqiq qilinib, kremniyda lyutetsiy atomlarining mavjudligi, Raman spektrida 137 sm-1, 230÷260 sm-1, 730 sm-1 va 880 sm-1 tebranish (Lu2O3 LuSi2, Lu2SiO5, va Lu2Si2O7 silitsid va silikat) fazalari hosil bo‘lishi aniqlangan;
ilk bor Si<Lu> namunalarida hosil bo‘lgan Lu2O3, LuSi2, Lu2SiO5 birikmalar o‘lchami, fazoviy guruhlari va panjara doimiylari rentgen difraksiya usuli yordamida aniqlangan;
ilk bor infraqizil spektroskopiya yordamida kremniy hajmida lyutetsiy kirishmasi mavjudligi optik faol kislorod konsentratsiyasini 37% ga kamaytirishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Lyutetsiy bilan legirlangan kremniyning elektrofizik xossalari va sirt qatlam morfologiyasi mavzusidagi olingan ilmiy natijalar asosida:
Nodir er elementi lyutetsiy (Lu) atomlari diffuziya orqali kiritilgan kremniy namunalari sirt qatlamida birikmalar hosil qilishi, xususan, Lu atomlari kiritilishi natijasida kremniyda optik faol kislorod konsentratsiyasini kamaytirishi hamda sirt va hajmiy kristall panjaraning tartiblanishini ta’minlashi Toshkent davlat texnika universitetida bajarilgan AL-202102215 raqamli “Ferromagnit nanoklasterli Si bilan aylanma saraton hujayralarini tutib qoluvchi mikro suyuqlik kanalli integrallashgan tizim” (2022-2024 yy.) mavzusidagi O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma amaliy loyihasini bajarish davomida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligining 2026-yil 23-yanvardagi 01-05/319-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish lyutetsiy (Lu) elementi atomlarining kremniy kristall panjarasida birikmalar hosil qilishi natijasida kremniyda lyutetsiy bilan bog‘liq nanoo‘lchamli klaster va fazalarning energetik holatlarini baholash imkoniyatini bergan.
Lyutetsiy bilan legirlangan kremniyda aniqlangan akseptorlik xususiyati, chuqur energetik sathlar va Lu-Si-O fazalarining shakllanish qonuniyatlari kabi ilmiy natijalardan Vetnam Duy Tan universitetida 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan “Kremniyli qurilmalar konstruksiyalarida radiatsiyaviy markazlarning nuqson-qo‘shimchalari muhandisligi” (ro‘yxat raqami 20210549, 07.04.2021-y.) loyihasini bajarishda joriy etilgan (Duy Tan universiteti Nazariy va amaliy tadqiqotlar instituti huzuridagi Plazma fizikasi va uning qo‘llanilishi markazi ma’lumotnomasi). Natijada, lyutetsiy bilan legirlangan kremniyda radiatsion ta’sir ostida kristall panjarada yuzaga keluvchi nuqson-qo‘shimcha komplekslarining hosil bo‘lish mexanizmlari hamda ularning barqarorligi va transformatsiya qonuniyatlari ochib berildi. Bu esa radiatsiyaga chidamli va parametrlari barqaror yarimo‘tkazgich tuzilmalarni shakllantirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish imkonini bergan.