G‘ayratova Gulmiraxon Iqboljon qizining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Sirdaryo yuqori oqimi ixtiofaunasi (Actinopterygii: Teleostei)”, 03.00.06 - Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/V1313. 
Ilmiy rahbar: Nazarov Muxammadrasul Sharapovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.B.10.08.
Rasmiy opponentlar: Kamilov Baxtiyor Ganievich, biologiya fanlari doktori, professor; Umarov Farrux Ulug‘bekovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: Sirdaryoning yuqori oqimida uchrovchi baliqlar faunasi taksonomik tarkibini aniqlash, ixtiofaunaning havza bo‘ylab qayta taqsimlanish tendensiyasini asoslash, daryo baliqlarining morfologik hamda biologik xususiyatlarini ochib berish, kamyob hamda himoyaga muhtoj turlarni muhofaza qilishga doir tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Sirdaryo yuqori oqimining zamonaviy ixtiofauna tarkibi tadqiq etilib, unda baliqlarning 7 turkum, 13 oila, 27 urug‘ga mansub 30 turi uchrashi aniqlangan;
ilk bor Sirdaryo yuqori oqimi havzasiga qarashli suv havzalari ixtiofaunasining o‘xshashlik darajalarini qiyosiy tahlili o‘tkazildi va unga ko‘ra Sirdaryo ixtiofaunasi Qoradaryo bilan 76% ga, Norin daryosi ixtiofaunasi bilan 56% ga, So‘x daryosi ixtiofaunasi bilan 37% ga hamda Qayroqqum suv ombori baliqlar faunasi bilan 67% ga o‘xshashligi asoslangan; 
Sirdaryo yuqori oqimi baliqlarining morfometrik ko‘rsatkichlari ilk bor erkak va urg‘ochi individlar kesimida qiyosiy tahlil qilinib, turlar doirasida jinsga bog‘liq morfologik o‘zgaruvchanlik xususiyatlari aniqlangan; 
Sirdaryo havzasida Silurus glanis ning ikki xil ekomorfini uchrashi morfologik va etologik dalillar bilan asoslangan; 
Sirdaryo yuqori oqimida so‘nggi bir necha o‘n yil davomida tadqiqotchilar tomonidan qayd etilmay kelayotgan  Ballerus sapa daryoning aynan ushbu qismida mavjudligi aniqlangan;
introdusent turlarning ko‘rsatayotgan bosimi natijasida Sirdaryo havzasidagi Abramis brama, Gobio lepidolaemus,  Leuciscus aspius, Luciobarbus conocephalus kabi mahalliy turlarning havza doirasidagi arealini keskin qisqarib ketganligi, Alburnus  taeniatus, Alburnus chalcoides, Ballerus sapa, Gobio lepidolaemus, Iskandaria kuschakewischi, Leuciscus squaliusculus  kabi mahalliy turlarning esa  tekislik zonasidan tog‘oldi-tekislik hamda tog‘oldi zonasiga ko‘chib o‘tayotganligi asoslab berilgan.  
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sirdaryo yuqori oqimi baliqlar faunasiga oid erishilgan ilmiy natijalar asosida:  
Sirdaryo yuqori oqimi baliqlar faunasi, ularning morfologik va bioekologik xususiyatlariga oid tadqiqot natijalaridan kelib chiqib “Gidrobiologiya” darsligi (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 14-apreldagi 136-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan 589436-sonli guvohnoma) nashr qilingan hamda “60811500-Zooinejeneriya (Baliqchilik)” bakalavriat ta’lim yoʻnalishining malaka talabi mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazining 2025 yil 2 iyuldagi  02/01-01-253-son ma’lumotnomasi). Natijada, oliy ta’lim muassasalarida 60811500-“Zooinjeneriya (Baliqchilik)” mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim jarayoni samaradorligini oshirish imkonini bergan; 
Sirdaryo yuqori oqimi ixtiofaunasi tarqalishining geoaxborot bazasi va ularni aniqlash bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyanoma O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi vazirligining Namangan viloyati  Ekologiya,  atrof-muhit  muhofazasi  va  iqlim o‘zgarishi  boshqarmasi  Davlat kadastrini yuritish va geoaxborot tizimlarini joriy etish bo‘limi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025 yil 7 avgustdagi 03-03/1-03/3-7791-son  ma’lumotnomasi). Natijada, kadastr ma’lumotlarni geoaxborot tizimiga kiritishga asos bo‘lgan, shuningdek, noyob va yo‘q bo‘lib ketish xavfi bo‘lgan baliq turlarini muhofazaga olish, yashash muhitini saqlab qolish, ko‘paytirish hamda himoya qilish ishlarini tashkil etishga va mavjud tabiiy resurslardan samarali va turg‘un foydalanishni ta’minlash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish