Arslanov Azamatbek Olimboy o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Rux oksidi asosidagi magnit yarimo‘tkazgichlar” 01.04.10-yarimo‘tkazgichlar fizikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/FM1333
Ilmiy rahbar: Yuldashev Shavkat Uzgenovich, fizika-matematika fanlari doktori, prof.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.05/2025.28.11.FM/T.01.01 raqamli Ilmiy kengash
Rasmiy opponentlar: Arzikulov E.U., fizika-matematika fanlari doktori, prof; Quchqorov Q. M., fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zRFA U.A. Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Rux oksidi asosidagi magnit yarimo‘tkazgichlarning elektrofizik, optik va magnit xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
fotolyuminisensiya (FL) spektrlari bo‘yicha ZnO yupqa qatlamlarida O va Zn vakansiyalariga mos chuqur sathlarning energiya joylashuvlari aniqlandi va ularning boshlang‘ich aralashma konsentratsiyasiga bog‘liqligi bir xil texnologik sharoitda tizimli ravishda ko‘rsatigan;
rentgen nurlari difraksiyasi (XRD) bo‘yicha olingan natijalar asosida ZnO va Zn1-xMnₓO1-ySy yupqa qatlamlarida S ning ulushi ortishi bilan kristall panjara doimiysi ortishi aniqlangan;
oltingugurt legirlanishi natijasida ZnO ning optik o‘tish chegarasi uzun to‘lqinli soha tomonga siljishi aniqlandi va taqiqlangan zona kengligining 3.27 eV dan 2.95 eV gacha kamayishi aniqlangan;
Co bilan legirlangan ZnO namunalarida superparamagnit holat aniqlanib, uning kelib chiqishi ZnO matrisasidagi kobalt oksidi (CoO) nanoklasterlarining shakllanishi bilan bog‘liqligi ko‘rsatilgan;
birinchi marotaba rux oksidi asosidagi magnit yarimo‘tkazgichlar uchun solishtirma elektr qarshilikgi va magnitlanishning temperaturaviy bog‘lanishlari asosida Kyuri temperaturasi mustaqil ravishda aniqlandi va ularning moslik ko‘rsatib berilgan;
birinchi marta Mn bilan legirlangan p-turdagi ZnO namunalarida oltingugurt ulushi ortishi bilan Kyuri temperaturasi (Tc) ning oshib borishi aniqlangan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ultratovushli sprey perioliz usulida o‘stirilgan p-tur ZnO asosida magnit yarimo‘tkazgichlar olish va ularning xossalarini o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ZnO yupqa qatlamlarini ultratovushli sprey piroliz usulida o‘stirish bo‘yicha ishlab chiqilgan texnologik yondashuvlar, shuningdek oltingugurt bilan legirlash orqali taqiqlangan zona kengligi hamda optik xossalarini boshqarish bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari Wuhan Universityda amalga oshirilgan 2022BAA049-sonli “Research on Integration and Networking of Intelligent Thin Film Sensors” loyihasida yupqa qatlamli sensor qurilmalari uchun sezgir element materiallarini tanlash va optimallashtirish jarayonlariga joriy etilgan (Wuhan Universityning 2025-yil 25-apreldagi tasdiqlovchi ma’lumotnomasi). Natijada ZnO asosidagi sezgir qatlamlarning texnologik parametrlarini takomillashtirish, optik xossalarini maqsadli boshqarish hamda sensor elementlarining funksional samaradorligini oshirish imkonini bergan;
Co bilan legirlangan ZnO namunalarida superparamagnit holatning kelib chiqishi, shuningdek p-turli ZnMnOS:N tizimlarida legirlash darajasiga bog‘liq ravishda magnit va elektr xossalarning o‘zgarishi bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Fizika fakul`tetida bajarilgan Uzb-Ind-2021-78-sonli “Metall oksidlari bilan legirlangan silikatlarning termoelektrik xossalari va o‘z-o‘zidan tashkil bo‘lish jarayonlari” amaliy loyihasida legirlangan silikat tizimlarida kiritmalar hamda nuqsonlarning zaryad tashuvchilar harakatiga ta’sirini tahlil qilish, temperaturaga bog‘liq solishtirma qarshilikdagi faza o‘tish anomaliyalarini aniqlash jarayonlariga joriy etilgan (Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 2025-yil 1-maydagi 01/11-5683-sonli ma’lumotnomasi). Natijada legirlangan materiallarda nuqsonlar va kiritmalarning harakati hamda funksional xossalarga ta’sirini baholash, fazaviy o‘tish jarayonlarini talqin qilish va yangi fundamental qonuniyatlarni aniqlash imkonini bergan.