Irgashev Dilmurod Begmurodovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Bir va ikki yarusli chizelsimon pluglarni ishlab chiqishning ilmiy-texnik echimlari”, 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.DSc/T1022
Ilmiy maslahatchi: Mamatov Farmon Murtozevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat texnika universiteti, PhD.03/2025.27.12.T.17.03.
Rasmiy opponentlar: Xudoyarov Berdirasul Mirzaevich, texnika fanlari doktori, professor; Musurmonov A’zam Turdievich, texnika fanlari doktori, professor; Mansurov Muxtor Toxirjonovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tuproqni eroziyadan himoya qiladigan, energiya-resurstejamkorlikni va ish unumi oshirishni ta’minlaydigan bir va ikki yarusli chizelsimon pluglarni ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ramada o‘qyoysimon joylashgan yuqori va pastki yumshatkichli qiya ustunli ishchi organlar va g‘altakmola bilan jihozlangan bir yarusli chizelsimon plugning konstruksiyasi talablar darajasida tuproqni yumshatilishi va egat tubidagi o‘rkachlar balandligi agrotexnik talablar darajasida bo‘lishini ta’minlanishini hisobga olinib ishlab chiqilgan;
yuqori va pastki yarus qiya ustunli ishchi organlar bilan jihozlangan ikki yarusli chizelsimon plugning konstruksiyasi kam energiya sarflyagan holda 40-45 cm chuqurlikda haydov qatlamini tuprog‘ini talablar darajasida yumshatilishini ta’minlanishini hisobga olinib ishlab chiqilgan;
bir va ikki yarusli chizelsimon pluglarning ishchi organlari orasidagi ko‘ndalang va bo‘ylama masofalar keyingi ishchi organ iskanasi bilan deformatsiyalangan palaxsaning siljish tekisligi oldingi ishchi organning konstruktiv elementlariga etib bormasligi shartidan aniqlangan;
bir yarusli chizelsimon plug qiya ustunli ishchi organining yuqori va pastki yumshatkichlarini o‘rnatish balandliklari va parametrlari kam energiya sarf qilgan holda tuproqni talablar darajasida yumshatilishini hisobga olgan holda asoslangan;
ikki yarusli qiya ustunli chizelsimon plug ishchi organlari izlari orasidagi masofa hamda pastki va yuqori yarus ishchi organlarini o‘zaro joylashishi haydov qatlamini bir tekis yumshatilishini hisobga olgan holda asoslangan;
bir va ikki yarusli qiya ustunli chizelsimon pluglar tayanch tekisligidan osish qurilmasining pastki taqish nuqtalarigacha bo‘lgan tik masofa ularning ishlov berish chuqurligi bo‘yicha barqaror harakatlanishini hisobga olgan holda asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Tuproqqa ag‘dargichsiz ishlov beradigan bir va ikki yarusli chizelsimon pluglarni ishlab chiqishning ilmiy-texnik echimlari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarda olingan natijalar asosida:
tuproqqa ag‘dargichsiz ishlov beradigan yumshatkichlarga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasining foydali model va ixtiroga patentlari olingan (“Kombinatsiyalashgan tuproqqa ishlov berish quroli”, №IAP 8113-2025-y., “Ikki yarusli plug-yumshatkich”, №FAP 2714-2024-y.). Natijada kam energiya va mehnat sarflyagan holda tuproqqa ag‘dargichsiz ishlov beradigan chizelsimon pluglarni yaratish imkonini bergan;
bir va ikki yarusli chizelsimon pluglarga dastlabki talablar va texnik topshiriq tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi 05/04-04-682-son ma’lumotnomasi). Natijada tuproqqa agrotexnik talablar darajasida ag‘dargichsiz ishlov beradigan bir va ikki yarusli chizelsimon pluglarning konstruksiyasini ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
tuproqqa ag‘dargichsiz ishlov beradigan bir va ikki yarusli chizelsimon pluglar Qarshi va Kasbi tumanlari fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi 05/04-04-682-son ma’lumotnomasi). Natijada bir gektar maydonga sarflanadigan yonilg‘i-moylash materiallar sarfi mos holda 20,05 % va 22,8 % ga, foydalanish xarajatlari esa 27,89% va 20,4 % ga kamaytirish imkoni yaratilgan;
tuproqqa ag‘dargichsiz ishlov beradigan bir va ikki yarusli chizelsimon pluglarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (dastlabki talablar, texnik topshiriq, texnikaviy shartlar va chizmalar) «BMKB-Agromash» AJ da ishlab chiqarish jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi 05/04-04-682-son ma’lumotnomasi). Natijada tuproqqa ag‘dargichsiz ishlov beradigan bir va ikki yarusli chizelsimon pluglarni ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.