Saidmurodova Malika Sanjar qizining
Falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistondagi tarixiy-demografik jarayonlarning zamonaviy tendensiyalari (1991–2021 yillarda Toshkent viloyati yirik sanoat shaharlari misolida)”, 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Tar1458
Ilmiy rahbar: tarix fanlari doktori, professor Murtazaeva Rahbarxon Hamidovna. Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulugʻbek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.Tar.01.01.
Rasmiy opponentlar: Ergasheva Yulduz Alimovna, tarix fanlari doktori, professor; Bobojonova Dilorom Bobojonovna, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Chirchiq davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qilib, O‘zbekiston Respublikasida demografik jarayonlardagi o‘zgarishlarni Toshkent viloyati shaharlari misolida ochib berish belgilangan.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Mustaqillikning dastlabki o‘n yilligida viloyat shaharlarida tashqi migratsiya oqimining yuqori darajada saqlanib qolganligi kuzatilsa, keyingi o‘n yillikda ichki va tebranma migratsiya jarayonlarining sezilarli faollashuvi kuzatilib, mazkur migratsion o‘zgarishlar, ayniqsa, viloyatning Olmaliq, Chirchiq, Bekobod va Angren kabi sanoatlashgan shaharlarida mehnat resurslarining qayta taqsimlanishiga xizmat qilib, ularda industrial rivojlanishni bosqichma-bosqich va izchil ravishda yo‘lga qo‘yish imkonini yaratganligi aniqlangan;
Mustaqillikning dastlabki yillarida viloyat sanoat korxonalaridan malakali mutaxassislarning ko‘chib ketishi, ishlab chiqarish uskunalarining eskirganligi hamda shaharlar ekologik holatining yomonlashuvi sanoat ishlab chiqarishida qator muammolarni keltirib chiqarganligi, biroq, yangi iqtisodiy sharoitlarda hududlarni shaharsozlik rivojlantirish sxemalari asosida takomillashtirish, sanoat korxonalarida avtomatlashtirilgan zamonaviy texnologiyalarni joriy etilishi, IT mutaxassislarni tayyorlash hamda xorijiy investisiyalarni jalb qilish natijasida viloyatning og‘ir va engil sanoatida ishlab chiqarish hajmi hamda sanoat mahsulotlari eksportining oshishi ta’minlanganligi isbotlangan;
Viloyat aholisining milliy tarkibida sezilarli o‘zgarishlar yuz berganligi, xususan, boshqa millat vakillari orasida asosan katta yoshdagilarning saqlanib qolishi, yosh avlodning esa respublika hududidan tashqariga ko‘chib ketish tendensiyasining kuchayganligi, shuningdek, mahalliy millat vakillarining poytaxtga yaqin hududlarda joylashishga bo‘lgan qiziqishining ortishi hamda tebranma va ichki migratsiya jarayonlari natijasida viloyat shaharlariga aholi ko‘chib kelishining faollashuvi ta’sirida viloyat shaharlarida aholi sonining o‘sishi hamda urbanizatsiya jarayonlarining jadallashganligi asoslangan;
Viloyat shaharlaridagi sanoat korxonalarining zamonaviy texnologiyalar asosida qayta tashkil etilishi va modernizatsiya qilinishi, avvalo, yoshlar bandligini ta’minlashda muhim omil sifatida namoyon bo‘lganligi, bu jarayon, ayniqsa, ishlab chiqarish sohalarida erkaklar bandligining ortishi va shu orqali tashqi mehnat migratsiyaning tartiblanishiga olib kelganligi, shu bilan birga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozlar va institutsional sharoitlarning yaratilishi ayollar orasida tadbirkorlik faolligining o‘sishiga olib kelganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda demografik jarayonlardagi o‘zgarishlar va ularga yangicha munosabatlar tahlilidan olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston Respublikasida tarixiy-demografik jarayonlarning zamonaviy tendensiyalari (1991–2021 yillarda Toshkent viloyati shaharlari misolida), xususan aholining tabiiy harakati, migratsiya jarayonlari, jins-yosh tarkibi hamda hududiy demografik xususiyatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bilan o‘zaro bog‘liqligiga oid ilmiy natijalaridan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2025-yil 7-oktyabrdagi 15-33-741-son ma’lumotnomasi). Natijalar teletomoshabinlarda Toshkent viloyati shaharlari misolida demografik jarayonlarning o‘ziga xos jihatlari, xususan tabiiy o‘sish, migratsiya oqimlari hamda jins-yosh tarkibidagi o‘zgarishlarning hududiy rivojlanish bilan uzviy bog‘liqligi to‘g‘risidagi ilmiy asoslangan qarashlarning shakllanishiga xizmat qilgan.
Toshkent viloyati shaharlarida aholining tabiiy o‘sishi, migratsiya jarayonlari va urbanizatsiya darajasining o‘zgarishlari hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga bevosita ta’sir ko‘rsatishi haqidagi ilmiy xulosalar asosida ishlab chiqilgan natijalardan demografik jarayonlarni tizimli ravishda tahlil qilish hamda ularning hududiy rivojlanish bilan o‘zaro bog‘liqligini aniqlashga qaratilgan ilmiy-uslubiy tavsiyalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2025-yil 7-oktyabrdagi 15-33-741-son ma’lumotnomasi). Natijalar hududiy demografik rivojlanish jarayonlarini chuqurroq tahlil qilish, shuningdek demografik omillarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga ta’sirini ilmiy asosda baholash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilgan.
Toshkent viloyati shaharlarida kechayotgan demografik jarayonlar, jumladan aholining soni va tarkibidagi o‘zgarishlar, urbanizatsiya jarayonlari hamda migratsiya oqimlarining hududiy rivojlanish strategiyasini shakllantirishdagi ahamiyatiga oid ilmiy natijalaridan O‘zbekiston Milliy universiteti Kengashining 2025-yil 4-iyundagi 8-sonli qarori bilan tasdiqlangan 681-sonli guvohnoma asosida nashr etilgan “Marketing” darsligini tayyorlashda foydalanilgan (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazining 2025-yil 16-oktyabrdagi 02-01-01-410-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi darslik mazmunini demografik jarayonlar va marketing tamoyillarining o‘zaro bog‘liqligi, shuningdek hududiy rivojlanish strategiyasida inson kapitalining tutgan o‘rniga oid ilmiy qarashlar hamda amaliy tavsiyalar bilan boyitishga imkon bergan.
1991-2021 yillar mobaynida viloyat shaharlarida aholi milliy tarkibida yuz bergan o‘zgarishlar tarixiy-demografik nuqtai-nazardan tahlil qilinib, etnik tarkibdagi siljishlar va millatlararo integratsiya jarayonlarining kuchayishi natijasida Toshkent viloyatining yirik sanoat shaharlarida o‘ziga xos zamonaviy etnodemografik xususiyatlar shakllana boshlaganligi tegishli xulosalardan “Marketing” darsligini tayyorlashda foydalanilgan (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazining 2025-yil 16-oktyabrdagi 02-01-01-410-son ma’lumotnomasi). Mazkur ma’lumotlar talabalarda demografik jarayonlarning hududiy rivojlanish va marketing faoliyatiga ta’siri to‘g‘risida tizimli tasavvurni shakllantirish, nazariy bilimlarni amaliy tahlil bilan uyg‘unlashtirish hamda zamonaviy marketing strategiyalarini ishlab chiqishda demografik omillardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilgan.