Ibragimova Nozima Kamiljanovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «VII–XII asrlar islom tarixiga oid manbalarda Movarounnahr va Yaqin Sharq elchilik aloqalari», 24.00.01–Islom tarixi va manbashunosligi (tarix fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Tar166.

Ilmiy rahbar: Agzamxodjaev Saidakbar Saidovich, tarix fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.26.04.2018.Isl/Tar.57.01.

Rasmiy opponentlar: Minavarov Zohillo Inomxodjaevich, siyosiy fanlar doktori, professor; Xidirova Nargiza O‘rinovna, tarix fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: VII–XII asrlardagi islom tarixiga oid manbalarda Movarounnahr va Yaqin Sharqning o‘zaro elchilik aloqalarining mazmun mohiyatini ochib berishdan  iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

Qur’on, hadis, fiqh, siyar, shuningdek, turkiy  asarlarda “elchi” so‘zi va uning shaxsi “rasul”, “yalavoch”, “alavoch” va “yalafor” kabi iboralar bilan ifodalanganligi, shuningdek,  Movarounnahrdagi elchilik tizimi, ya’ni xalqaro yozishmalar tartibi, hadyalarni topshirish jarayonidagi an’ana va me’yorlar qadimgi turkiy, so‘g‘diy hamda forsiy talablar ta’siri ostida shakllanganligi ko‘rsatib berilgan;

VII asr ikkinchi yarmi VIII asr boshlarida vujudga kelgan ilk arab-musulmon davlatini markazlashtirish, qo‘shni qabila va xalqlar tomonidan tan olinishida elchilik munosabatlari, o‘zaro yozishmalar muhim o‘rin tutganligi, bunday diplomatik aloqalarda notiqlik, tadbirkorlik, olimlik, xushsurat va xushhulqlilik kabi sharqona sifatlar bilan bir qatorda rostgo‘ylik va omonatdorlik kabi islom me’yorlari ham ustunlik qilgani aniqlangan;

Umaviylar hukmronligi davrida Movarounnahr va Yaqin Sharq o‘rtasidagi elchilik munosabatlarida harbiy jihatlar ustunlik qilgan va bu bosqichdagi elchilik munosabatlari “المغازى” (al-mug‘oziy) deb nomlangan, lekin ayrim holatlarda uyushtirilgan elchilik missiyalari harbiy harakatlarning oldini olgani, bu esa  islom tarixi manbalarida “السير” (as-sayr) iborasi bilan keltirilgani asoslab berilgan;

Abbosiylar davrida elchilik masalalari bilan bog‘liq muayyan konseptual qoidalar asosida xalqaro huquq me’yorlari ishlab chiqilgani hamda elchilarni kutib olish va kuzatish kabi masalalar ديوان عميد (devoni amid), ديوان رسائل  (devoni rasoil) va  ديوان انشا  (devoni insho) kabi maxsus devonlar orqali amalga oshirilgani aniqlangan;

IX–XII asrlardagi Movarounnahrda mustaqil hukmronlik qilgan Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar va Xorazmshohlar sulolalari bilan Abbosiylar o‘rtasidagi elchilik munosabatlari Muhammad al-Xuzoriyning “Ad-Davlatu al-Abbasiya”, Ibn al-Asirning “Al-Kamil fit-tarix”, Abdurrahmon as-Suyutiyning “Tarix al-Xulafo”, Utbiyning “Tarixi Yaminiy” kabi islom tarixi manbalarida oshkoralik va erkinlik tamoyillarga asoslanganligi dalillangan. 

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 

VII–XII asrlarda Movarounnahr va Yaqin Sharq musulmon davlatlari o‘rtasida elchilik munosabatlari tarixini tadqiq qilish yuzasidan olingan xulosa va takliflar asosida:

Movarounnahrning Yaqin Sharq musulmon davlatlari bilan olib borgan elchilik munosabatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan I1-FA-G003 IZ-2015-0907175446 raqamli loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 27 fevraldagi 3/1255-535-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi O‘zbekistonda elchilik xizmati tarixi va o‘rta asrlar xalqaro diplomatik etiketi doirasida ishlab chiqilgan musulmon hamda mahalliy qonun-qoidalarning amaliy ahamiyatini o‘rganish uchun keng imkoniyat yaratgan;

ilk islom davri va Umaviylar boshqaruviga oid ma’lumotlar va xulosalar O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muasasalari 2 va 3-kurs uchun “Islom tarixi” fanidan o‘quv qo‘llanma tayyorlashda foydalanilgan (Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2018 yil 17 oktyabrdagi 5713-son ma’lumotnomasi). Qo‘llanilgan natijalar yoshlarni islom tarixiga oid siyar asarlaridagi umuminsoniylik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan elchilik munosabatlari tarixi sohasida bilimlarini oshirish va mustahkamlashga xizmat qilgan; 

Movarounnahr ulamolarining noyob didaktik asarlarida elchilik tushunchasi, ularga qo‘yilgan talablar, fazilatlarga doir tarixiy voqealarning tahliliy xulosalari O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” radiokanali orqali taqdim etilgan “Millat va ma’naviyat” nomli radioeshittirishning ssenariysini  tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2018 yil 11 oktyabrdagi O‘z/K.S-170-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natijalar barkamol avlod tarbiyasidagi diniy va ma’naviy tamoyillarni shakllantirishga xizmat qilgan.

VII–VIII va  IX–XII asrlardagi Movarounnahrning Yaqin Sharq bilan elchilik munosabatlari tadqiqoti asosida shakllantirilgan geografik xaritalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining “Muzey va eksponatlar” bo‘limini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining 2019 yil 30 yanvardagi 44/19-son va 2019 yil 1 fevraldagi 48/19-son ma’lumotnomalari). Mazkur natijalar muzey ekspozisiyasini Movarounnahrning VII-XII asrlardagi munosabatlar tarixiga oid ma’lumotlar bilan boyitgan va yosh  avlodni komil inson ruhida tarbiya qilishga hamda ularning ma’naviyatini yanada yuksalishtirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish