Sadullaeva Navbahor Erkinovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar. 
“Xorazm viloyatidagi o‘zbek tilining oraliq shevalari tadqiqi” mavzusida 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2. PhD/Fil6010
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti. 
Ilmiy rahbar: Do‘simov Zaribboy, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.06.05
Rasmiy opponentlar: Kurboniyozov Gulmirza Allamberganovich, filologiya fanlari doktori, professor; Ibragimova Zamira Yuldashevna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Xorazm viloyatidagi o‘zbek tilining oraliq shevalari tadqiqini amalga oshirishdan iborat.
IV.Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Xorazm viloyatidagi o‘zbek tilining oraliq shevalari mazkur hududdagi o‘g‘uz va qipchoq lahjalarining o‘zaro ta’siri natijasida shakllangan mustaqil sheva ekani asoslanib, ularning yuzaga kelishi va barqarorlashuvida asrlar davomida kechgan tarixiy, ijtimoiy hamda siyosiy jarayonlar muhim omil bo‘lib xizmat qilgani mikroareal xarita va tasniflar orqali dalillangan; 
Xorazm oraliq shevalaridagi fonetik variantlar tizimi tahlil qilinib, ularga xos fonetik hodisalarning o‘zbek xalq shevalari tizimidagi singarmonizm, assimilyasiya, dissimilyasiya, eliziya, metateza, diftong va umlaut kabi umumiy xususiyatlari hamda boshqa shevalardan farqlovchi unlilarning cho‘ziq va qisqa talaffuz qilinishi, birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi cho‘ziqlik, [o] va [ö] unlilarining alohida fonema sifatida farqlanishi, shuningdek, so‘z o‘rtasida [g] undoshining [y] va [v] ga o‘tishi singari o‘ziga xos jihatlari ochib berilgan;
Xorazm oraliq shevalaridagi sof leksik dialektizmlar, etnografizmlar, lakunalar, evfemizm va disfemizmlar hamda dialektal sinonim, omonim va antonim kabi leksik birliklarning qiyosiy-tahlili asosida o‘zaro genetik va funksional aloqadorligi yoritilib, mazkur shevalar uchun mushtarak bo‘lgan leksik-grammatik birliklarning so‘z yasalishi, ko‘plik, egalik, kelishik qo‘shimchalarining fonetik variantlari hamda fe’lning -vadi, -jatïr, -jaq kabi o‘ziga xos zamon shakllarining alohidalik xususiyatlari isbotlangan.
Xorazm oraliq shevalari aniq demografik ko‘rsatkichlarga ega 536 ta mahalla va ularda yashovchi 309 857 nafar aholi kesimida statistik-areal jihatdan tahlil qilinib, mazkur shevalarning yuz berish tabiatiga ko‘ra o‘g‘uz-qipchoq ichki oraliq shevalari, qipchoq-o‘g‘uz ichki oraliq shevalari, qardosh tillar aralashgan tashqi oraliq shevalar hamda noqardosh tillar aralashgan tashqi oraliq shevalar kabi to‘rtta yirik guruhga ajratilgan mukammal hududiy tarqalish xaritasi yaratilgan, shuningdek, jonli nutq jarayonida mantiqiy urg‘uni o‘ziga olgan kesimning gap boshiga ko‘chish hodisasining hamda asosiy fikrdan so‘ng qo‘shimcha ma’lumotni kirituvchi ilova konstruksiyalarining faolligini ko‘rsatuvchi o‘ziga xos sintaktik qonuniyatlar, xalq dunyoqarashini aks ettiruvchi kognitiv metaforalar va ma’no ko‘chishlari, xususan, opa so‘zining “ona”, yomon so‘zining “juda zo‘r” ma’nolarida ifodalanishi singari leksik-semantik xususiyatlari bitta yaxlit tizim sifatida, o‘zaro uzviy bog‘liqlikda asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Xorazm viloyatidagi o‘zbek tilining oraliq shevalari tadqiqi yuzasidan olingan natijalar asosida:
Xorazm oraliq shevalari Xorazm viloyatidagi ikkita lahjaning bir-biriga ta’siri oqibatida yuzaga kelgan,  asrlar davomida qoraqalpoq tili bilan tarixiy, ijtimoiy hamda siyosiy omillar asosida yonma-yon shakllanib kelayotgan sheva ekanligi asoslangan materiallardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2017-2020-yillarda bajarilgan FA-F-1-005 raqamli “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunoslik tarixini tadqiq qilish” nomli fundamental tadqiqot loyihasida “oraliq sheva” tushunchasi ilmiy muammosiga doir yondashuvlar tahlillaridan, Xorazm oraliq shevalarida o‘ziga xos frazeologik birliklarning ifodalanishi tadqiqidan, Xorazm shevalarini tasnif qilishdagi yetakchi tamoyillardan unumli foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutining 2025-yil 17-iyundagi №336/1-sonli ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida Xorazm oraliq shevalaridagi leksik birliklarining qoraqalpoq xalq shevalari bilan qiyoslash asosida ularning o’zaro munosabati aniqlangan, mushtarak leksik-grammatik birliklar ko’rsatib berilgan; 
Xorazm oraliq shevalaridagi leksik birliklar tahlili doirasida yig‘ilgan materiallardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining 2022–2023-yillarda bajarilgan II-4721101717-raqamli “Xizmat ko‘rsatish obektlari milliy nomlari interaktiv elektron platformasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining 2025-yil 1-iyuldagi № 1153-sonli ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida Xorazm oraliq shevalaridagi leksik birliklar ushbu shevada so‘zlashuvchi aholining hayoti, turmush tarzi, urf-odatlari hamda o‘ziga xos an’analari bilan uzviy bog‘liqlikda dalillangan; 
Xorazm oraliq shevalariga oid ma’lumotlardan Xorazm viloyati Mahmud Zamaxshariy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida dissertatsiya ilmiy natijalaridan markaz faoliyati doirasida tashkil qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020–2025-yillarda “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash” milliy dasturi asosida 2020-yil 14-dekabr 781-son Qarori ijrosi bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini amalga oshirishda foydalanilgan (Xorazm viloyati Mahmud Zamaxshariy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazining 2026-yil 12-yanvardagi №01002/4-sonli ma’lumotnomasi). Dastur mavzusidan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, shevalar leksikasi o‘zbek adabiy tilining boyishida katta ahamiyatga ega hisoblanadi.  Natijada dasturni oraliq sheva muammosiga yangicha yondashuvlar, oraliq shevalarning nazariy va amaliy ifodasi hamda ularning nutqda ifodalanish tahlillari bilan to‘ldirilishida tadqiqot ishi zaruriy manba vazifasini o‘tagan; 
Xorazm oraliq shevalarining lingvokulturologik xususiyatlari ushbu shevada muloqot qiluvchi xalq hayoti, turmush tarzi, urf-odatlari, o‘ziga xos an’analari asosida dalillangan materiallardan Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi tomonidan 2024-yil 18-oktyabr kuni efirga uzatilgan “Assalom Xorazm!” dasturida  hamda 2023-yil 10-oktyabr, 2024-yil 21-may va 2024-yil 3-avgust kunlari Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining “Tilimizni o‘rganamiz” radioeshittirishida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Xorazm viloyati teleradiokanali davlat muassasasining 2025-yil 17-iyundagi 461-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur chiqishlarda Xorazm viloyati o‘zbek tilining oraliq shevalari shakllanishi, tarqalishi va ushbu oraliq shevalardagi so‘zlarning fonetik, leksik va morfologik xususiyatlari bo‘yicha fikr-mulohazalari bayon qilindi. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish