Masharipova Farida Zokirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
“Erkin Samandar nasriy asarlari tilining lingvopoetik va lingvokulturologik xususiyatlari” mavzusida 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Fil4778
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Primov Azamat Iskandarovich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.06.05
Rasmiy opponentlar: Kurboniyazov Gulmirza Allamberganovich, filologiya fanlari doktori, professor; Matnazarov Javlon Kabulovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Erkin Samandar nasriy asarlari tili xususiyatlarini lingvopoetik va lingvokulturologik jihatdan ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Erkin Samandar nasriy asarlari tilining lingvopoetik va lingvokulturologik xususiyatlarini ochib berish orqali adibning o‘ziga xos uslubi asoslangan;
lug‘aviy birliklarning shakliy, mazmuniy turlari, xususan, ma’nodosh (sinonim), zid ma’noli (antonim) so‘zlarning poetik funksiyalari, shuningdek, dialektizm, fonetik, grafik va morfologik vositalarning matnda ekspressiv-emotsional va estetik imkoniyatlari adabiy matnga asoslanib dalillangan;
yozuvchi nasrida badiiy-tasviriy va ekspressiv-sintaktik vositalarning sintaktik figura, troplar, ritorik so‘roq gaplar va undalma singari turlari faol qo‘llanilishi, badiiy-estetik ta’sirchanlikni oshirishga xizmat qilishi isbotlangan;
Erkin Samandar nasriy asarlarida lingvokulturologik so‘zlarning qo‘llanilishi, frazelogizm va o‘xshatishlarning lingvomadaniy xususiyatlari, onomastik birliklardan madaniy mentallikni ifodalash orqali adib nasrida o‘zbek xalqiga xos dunyoqarash, obrazli tafakkur, fe’l-atvor, turmush tarzi, qadriyatlari, e’tiqod va an’analari o‘z aksini topganligi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Erkin Samandar nasriy asarlarining lingvopoetik va lingvokulturologik xususiyatlari, mavzu tadqiqi yuzasidan olingan natijalar asosida:
Erkin Samandar nasriy asarlari tilining lingvopoetik va lingvokulturologik xususiyatlarini tadqiq etishda qo‘llanilgan adibning til vositalaridan foydalanish mahorati, so‘zlarning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari, shevaga oid so‘zlar, fonetik, grafik va morfologik vositalardan o‘zbek tilshunosligining zamonaviy tadqiq yo‘nalishiga xos taraqqiyotni ko‘rsatuvchi omillardan biri ekanligi haqidagi natija va xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutida 2017– 2020-yillarda bajarilgan FA-F-1-005 raqamli “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunoslik tarixini tadqiq qilish” mavzusidagi fundamental ilmiy loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2025-yil 23-sentyabrdagi 566/2-son ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiyada keltirilgan ilmiy xulosalarga tayanib, ushbu vositalar adabiyotimizda iz qoldirgan har bir ijodkor asarlari tilini o‘rganishning tilimiz rivojiga ta’siri, tadqiqotning esa tilshunoslik taraqqiyotiga qay darajada ahamiyat ko‘rsatayotganligini aniqlashda, qardosh tillardagi lingvopoetik birliklarning talqin qilinishi ilmiy qarashlarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi belgilangan. Tadqiqot materiallari o‘zbek va qoraqalpoq tilshunosligida lingvopoetika va lingvokulturologiya sohasi taraqqiyoti uchun muhim ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyigan;
adibning lug‘aviy birliklarning shakliy, mazmuniy turlari, dialektizm, fonetik, grafik va morfologik til vositalarining badiiy matn butunligini hosil qilishdagi imkoniyatlari ko‘rsatilib, ular badiiy tasvir yaratish uchun asos ekanligi, shuningdek, so‘zlar va ularning semalari hajmini kengaytirishda yozuvchi asarlari til boyligidan foydalanishning muhim ekanligi haqidagi natijalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2023-2024-yillarda bajarilgan AL-662205561 raqamli “Alisher Navoiy mualliflik korpusini yaratish” nomli amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 25-sentyabrdagi № 01/4-4488-sonli ma’lumotnomasi). Natijada loyiha o‘zbek tilining boy imkoniyatlari, o‘ziga xos jihatlarini ko‘rsatuvchi ilmiy dalillar bilan boyitishga hissa qo‘shgan;
yozuvchi nasrida badiiy-tasviriy va ekspressiv-sintaktik vositalarning sintaktik figura, ritorik so‘roq gaplar, troplar va undalma kabi turlari faol qo‘llanilganligi, ular badiiy-estetik ta’sirchanlikni oshirishga, turli ma’no nozikliklarini ifodalashga xizmat qilganligi hamda metafora, metonimiya, o‘xshatish, gradatsiya, takror, emotsional gap hamda inversiyaning poetik matn tarkibidagi muhim o‘ringa egaligi bo‘yicha aniqlangan xulosa va natijalardan Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi tomonidan 2025-yil 4-dekabr kuni “Adabiy muhit” dasturida foydalanilgan (Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi muassasasining 2025-yil 13-martdagi 222-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur manbalar ko‘rsatuvlarni ma’rifiy va amaliy jihatdan boyitishga hissa qo‘shgan.