Normamatova Hilola Abdushukur qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi nomi): “G‘arbiy Turk xoqonligi chog‘i Choch tangalarida davlatchilik an’analarining aks etishi”, 07.00.06–Arxeologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Tar2068
Ilmiy rahbar: G‘aybulla Bollievich Boboyorov, tarix fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Antropologiya instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Antropologiya instituti, DSc.05/2025.27.12.Tar.04.01
Rasmiy opponentlar: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professori, tarix fanlari doktori, akademik Sagdullaev Anatoliy Sagdullaevich va O‘zRFA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), Jumaniyozova Feruza Jumanazarovna
Yetakchi tashkilot: Y. G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti
Dissertatsiya yoʻnalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: G‘arbiy Turk xoqonligi chog‘i Choch tangalaridagi ramziy belgilarni tahlil qilish orqali islomdan oldingi O‘rta Osiyo xalqlari davlatchilik an’analarini yoritishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Nisbatan sodda syujet va motivlarga ega O‘rta Osiyo voha hukmdorlari tangalaridan farqli o‘laroq G‘arbiy Turk xoqonligi tomonidan Chochda bostirilgan tangalar murakkab kompozisiyalarni qamrab olgani aniqlanib, ularda o‘rin olgan qilich, qo‘shqilich, zoomorf taxt, astral belgilar (yulduz, yarim oy va uning ustida yulduz yoki to‘lin oy), totem hayvonlar (ot, tuya, arslon, bars, qush) kabi qadimgi turk davlatchiligi ramzlari bilan bog‘liqligi dalillangan;
G‘arbiy Turk xoqonligi jamiyatida diniy tolerantlik hukm surgani xoqonlikning Chochda zarb etilgan tangalarda tangrichilik (Tangri – xoqon, Umay – xotun (malika), o‘q-yoy, “alplik” (harbiy mahorat) va “bilgalik” (donolik) timsollari bo‘lmish tuya), zardushtiylik (otashdon) va xristianlik (xoch tasviri), buddaviylik (chordana qurib o‘tirish) kabi turli dinlar bilan bog‘liq ramziy tasvirlar o‘rin olgani misolida aniqlangan;
G‘arbiy xoqonlikning Chochda zarb qilingan tangalari orasida otliq hukmdor va uning oldida idish tutayotgan malika (xotun) hamda gilamsimon taxtda chordona qurib o‘tirgan hukmdor va unga qilich taqdim qilayotgan malika kabi tasvirlar o‘rin olgan 2 ta tip tanga uchrashi aniqlanib, ulardagi motivlar Tangridan xoqonga beriladigan hokimiyat (qut - xarizma)ni iloha Umayga mengzatilgan xotun (malika) taqdim qilayotgani misolida isbotlangan;
G‘arbiy xoqonlikka tegishli tangalarning bitta turida taxtda chordona qurgan holda o‘tirgan hukmdor qo‘lida aso (hassa) tutgan holda tasvirlangani, aso qadimdan turkiy xalqlar mifologiyasida donishmandlik, uzoq umrlilik, ulug‘vorlik, kuch-qudrat ramzi hisoblanib, xoqonlik tangasida asoning aks ettirilishi unga hokimiyat ramzlaridan biri sifatida qaralgani bilan bog‘liqligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘arbiy Turk xoqonligi chog‘i Choch tangalarida davlatchilik an’analarining aks etishi mavzusidagi tadqiqot bo‘yicha qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar asosida:
Nisbatan sodda syujet va motivlarga ega O‘rta Osiyo voha hukmdorlari tangalaridan farqli o‘laroq ushbu xoqonlik chog‘ida Chochda bostirilgan tangalar murakkab kompozisiyalarni qamrab olgani aniqlanib, ularda o‘rin olgan qilich, qo‘shqilich, zoomorf taxt, astral belgilar (yulduz, yarim oy va uning ustida yulduz yoki to‘lin oy), totem hayvonlar (ot, tuya, arslon, bars, qush) kabi qadimgi turk davlatchiligi ramzlari bilan bog‘liqligi, G‘arbiy Turk xoqonligining Chochda zarb qilingan tangalar orasida otliq hukmdor va uning oldida idish tutayotgan malika (xotun) hamda gilamsimon taxtda chordona qurib o‘tirgan hukmdor va unga qilich taqdim qilayotgan malika kabi tasvirlar o‘rin olgan 2 ta tip tanga uchrashi aniqlanib, ulardagi motivlar Tangridan xoqonga beriladigan hokimiyat (qut - xarizma)ni iloha Umayga mengzatilgan xotun (malika)ni ifodalanishi haqidagi xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanali davlat unitar korxonasi “Taqdimot” kursatuvining 2024-yil 10-iyuldagi 06-31-837-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur dasturda keltirilgan Chochda bostirilgan tangalar murakkab kompozisiyalarni qamrab olgani aniqlanib, ularda o‘rin olgan qilich, qo‘shqilich, zoomorf taxt, astral belgilar, totem hayvonlar kabi qadimgi turk davlatchiligi ramzlari bilan bog‘liqligi, shuningdek, G‘arbiy Turk xoqonligining Chochda zarb qilingan tangalari orasida otliq hukmdor va uning oldida idish tutayotgan xotun hamda gilamsimon taxtda chordona qurib o‘tirgan hukmdor va unga qilich taqdim qilayotgan malika kabi tasvirlar o‘rin olgan 2 ta tip tangadagi motivlar Tangridan xoqonga beriladigan hokimiyatni iloha Umayga mengzatilgan xotunni ifodalanishi kabi ma’lumotlar ko‘rsatuvni ilmiy dalillar bilan boyitish va uning ommabopligini ta’minlash bilan birga, mamlakatimiz tarixining yangi qirralarini xalqimizga etkazishga xizmat qilgan.
G‘arbiy Turk xoqonligi boshqaruvi chog‘ida toleriantlik hukm surgani haqidagi qarashlar xoqonlik tomonidan Chochda zarb etilgan tangalarda tangrichilik (Tangri – xoqon, Umay – xotun (malika), o‘q-yoy, “alp”lik va “bilga”lik timsollari bo‘lmish tuya), zardushtiylik (otashdon) va xristianlik (xoch tasviri), buddaviylik (chordana qurib o‘tirish) kabi elementlar o‘rin olganligi, G‘arbiy xoqonlikka tegishli tangalarning bitta turida taxtda chordona qurgan holda o‘tirgan hukmdor qo‘lida aso (hassa) tutgan holda tasvirlanganligi turkiy xalqlarda ulug‘vorlik, kuch-qudrat, hokimiyat ramzlaridan biri hisoblanishi Afrosiyob devoriy rasmlarida ham o‘z isbotini topganligi, shuningdek, dissertatsiya ilmiy natijalari asosidagi ma’lumotlar va taqdim etilgan tangalardan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining “Numizmatika” fondini boyitishda va ekspozisiyalarni tayyorlashda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024-yil 27-avgustdagi 3/1255-1918-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari turkiy davlatchilik an’analari, Chochda zarb etilgan tangalarda tangrichilik, zardushtiylik, xristianlik va buddaviylik kabi elementlar o‘rin olganligi to‘g‘risida tushunchalar hosil bo‘lishida yordam beradi.