Nabiev Abduraxim Abduxamidovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Dolomit qo‘shimchali termik barqaror ammiakli selitra olish texnologiyasi», 02.00.13–Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/T428.

Ilmiy rahbar: Reymov Axmed Mambetkarimovich,texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.K/T.35.01.

Rasmiy opponentlar: Mirzakulov Xoltura Chorievich, texnika fanlari doktori, professor; Sultonov Boxodir Elbekovich, texnika fanlari doktori, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatiga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: ammoniy nitrati suyuqlanmasiga mahalliy dolomit minerallarini qo‘shish asosida termik barqaror ammiakli selitra (AS) olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

dolomit minerallarining fizik-mexanik xossalarini aniqlash natijalari asosida ularni ASga modifikator sifatida qo‘llash mumkinligi isbotlangan;

NH4NO3 suyuqlanmasiga dolomit qo‘shimchalarini 100:3dan 100:45gacha og‘irlik nisbatda qo‘llash asosida AS donalari mustahkamligini 2–6 barobar oshirishi va yopishqoqligini 2–3 barobar kamaytirishi aniqlangan;

NH4NO3 suyuqlanmasida CaMg(CO3)2 mineralining parchalanishi natijasida dolomitning karbonatsizlanishi isbotlangan;

dolomit qo‘shilgan selitra suyuqlanmasini sovitishda toza NH4NO3 ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri II®IV ga polimorf o‘tishi natijasida mahsulotni saqlash va tashish paytidagi harorat o‘zgarishlarida (25–45°S) AS donalari buzilmasdan barqaror qolishi aniqlangan;

dolomit uni ishtirokida NH4NO3 parchalanishining boshlang‘ich harorati 211dan 268°Sgacha oshganligi aniqlangan;

dolomit qo‘shimchali yopishqoqligi bo‘lmagan va termik barqaror AS olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

NH4NO3 suyuqlanmasi va dolomit asosida yopishqoqligi bo‘lmagan va termik barqaror selitra olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

dolomitli selitraga texnik shart Navoiy standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan (TSh00203849-139-2017). Mazkur texnik shart kal`siy va magniy qo‘shimchali mahsulotning sifatini  va texnologik jarayonni nazorat qilishga imkon beradi;

NH4NO3 suyuqlanmasi va dolomit uni asosida yopishqoqligi bo‘lmagan AS (tarkibida 34%dan kam bo‘lmagan N) va termik barqaror AS (tarkibida 28%dan ko‘p bo‘lmagan N) olish texnologiyalari «Navoiyazot» AJning «2020–2021 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan («Navoiyazot» AJning 2019 yil 24 maydagi 5309-son ma’lumotnomasi). Natijada chetdan keltirilayotgan magnezitni mahalliy xomashyoga almashtirish hamda detonatsion xossasi pasaytirilgan termik barqaror AS olish imkonini bergan;

magniy tutgan ammiakli selitra olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha VIII-Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida «Navoiyazot» AJ bilan 15-20-son xo‘jalik shartnomasi tuzilgan (2015 yil 19 mayda 352 raqam bilan ro‘yxatga olingan). Natijada eksportga mo‘ljallangan ohakli-ammiakli selitra ishlab chiqarishini tashkil etish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish