Sodiqova Dilafruz Zoxid qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Elektron tijorat va uning iqtisodiy rivojlanishga ta’siri: O‘zbekistonda xorijiy tajribani joriy etish”, 08.00.09 – Jahon iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/Iqt4763 
Ilmiy rahbar: Sultanova Gavxar Karimovna, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, DSc.11/25.08.2022.I.24.03 
Rasmiy opponentlar: Islamov Baxtiyor Anvarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Xalilov Sirojiddin Sherali o‘g‘li, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Elektron tijoratning iqtisodiy rivojlanishga ta’siriga oid konseptual yondashuvlarni o‘rganish hamda ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish asosida O‘zbekistonda elektron tijoratni yanada rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Elektron tijoratning global miqyosda va daromad guruhlari kesimida iqtisodiy rivojlanishga turlicha ta’sirini ekonometrik baholash natijalariga ko‘ra, axborot kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) indeksining bir birlikka oshishi aholi jon boshiga YaIMni global miqyosda 0,70 foizga, yuqori daromadli mamlakatlarda 0,53 foizga hamda past daromadli mamlakatlarda 1,1 foizga oshirishi aniqlangan. Pochta rivojlanishining integratsiyalashgan indeksining bir birlikka oshishi esa aholi jon boshiga YaIMni global miqyosda 0,25 foizga, past daromadli mamlakatlarda 0,68 foizga oshirishi, yuqori daromadli mamlakatlarda esa statistik jihatdan ahamiyatli emasligi aniqlangan va tegishli takliflar ishlab chiqilgan.
Markaziy Osiyoning tanlangan mamlakatlarida elektron tijoratga tayyorgarlik darajasini (B2C indeksi) ekonometrik baholash natijalariga ko‘ra, oliy ta’limda qamrov darajasining bir foizga oshishi B2C indeksini 0,387 birlikka, urbanizatsiya darajasining bir foizga oshishi esa 0,917 birlikka oshirishi bilan bog‘liqligi aniqlanib, ushbu omillarning mintaqaviy elektron tijorat rivojlanishidagi muhim ahamiyati asoslab berilgan.
O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirishni jadallashtirish mexanizmi ilmiy-amaliy taklifi ishlab chiqilgan. Tahlil natijalari asosida ishlab chiqilgan ushbu mexanizm orqali O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirishga ta’sir etuvchi muhim omillar AKT infratuzilmasi, raqamli savodxonlik, raqamli toʻlovlar, logistika, iste’molchi ishonchi, global integratsiya va innovatsiyalarni kompleks ravishda takomillashtirish zarurligini asoslab berilgan.
Elektron tijoratni rivojlantirish boʻyicha “E-commerce Academy” platformasi konseptual tizimi O‘zbekiston iqtisodiyotini raqamlashtirish, yoshlar bandligini oshirish hamda bilimga asoslangan iqtisodiyotga oʻtishni jadallashtirishga xizmat qiluvchi ilmiy asos sifatida ishlab chiqilgan. 
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanish darajasida elektron tijorat o‘rnini baholash boʻyicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Dissertatsiya ishining birinchi ilmiy yangiligi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari, xususan, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti (2026-yil 28-yanvardagi 06-8/85-sonli xat) va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (2026-yil 27-yanvardagi 451/05-1-sonli xat) tomonidan elektron tijoratning iqtisodiy rivojlanishga ta’sirini baholash mexanizmlarini takomillashtirish jarayonida foydalanilgan. Jumladan, mazkur natijalar milliy raqamli rivojlanish strategiyalari doirasida berilgan ko‘rsatkichlarni ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, 2026-yil 4-fevraldagi 33-8/981-sonli ma’lumotnoma). 
Dissertatsiya ishining ikkinchi ilmiy yangiligi UNICON.UZ Ilmiy-texnik va marketing tadqiqotlari markazi tomonidan elektron tijoratga tayyorgarlik darajasini baholash hamda raqamli transformatsiya jarayonlarini ilmiy asoslashda foydalanilgan (2026-yil 27-yanvardagi 7-2/185-sonli xat). Tadqiqot natijalari hududiy raqamli siyosatni shakllantirish va kadrlar tayyorlash dasturlarini takomillashtirishda metodologik asos sifatida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, 2026-yil 4-fevraldagi 33-8/981-sonli ma’lumotnoma). 
Dissertatsiya ishining uchinchi ilmiy yangiligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PQ-162-sonli “Raqamli xizmatlar qamrovini kengaytirish va sifatini oshirish, shuningdek, tarmoqlar, sohalar va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2024-yil 15-maydagi PQ-178-sonli “Hududlarda yoshlar uchun raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan IT-shaharchalarni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlarida o‘z aksini topgan. Mazkur ilmiy takliflarning amaliyotga joriy etilishi natijasida barqaror raqamli savdoni rivojlantirish va O‘zbekistonning global raqamli iqtisodiyotga integratsiyasini ta’minlash mexanizmining bosqichlari tavsiya etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi, 2025-yil 4-noyabrdagi 01-05/4453-sonli ma’lumotnoma).
Dissertatsiya ishining to‘rtinchi ilmiy yangiligi “E-Commerce Academy” innovatsion raqamli ta’lim platformasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilib, “Elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalarini huquqiy muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq huquqiy himoya bilan ta’minlandi (DGU 49119-son guvohnoma, 2025-yil 21-mart; DT 202502372-son ariza). Shuningdek, ushbu platforma uchun asos bo‘lib xizmat qilgan elektron tijorat ta’limining raqamli transformatsiyaga ta’sirini baholash ijtimoiy-iqtisodiy so‘rovnoma O‘zbekiston Respublikasi Jamoatchilik fikrini o‘rganish Respublika markazi bilan hamkorlikda amaliyotga joriy etildi (O‘zbekiston Respublikasi Jamoat fikrini o‘rganish tadqiqotlar markazi, 2025-yil 16-apreldagi 01-16/103-sonli ma’lumotnoma). Ushbu konseptual tizimdan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va startap ekotizimini rivojlantirish yo‘nalishlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi, 2025-yil 4-noyabrdagi 01-05/4453-sonli ma’lumotnoma).

Yangiliklarga obuna bo‘lish