Xalilova Muhtarama Inayatullaevnaning
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Olamning lisoniy manzarasida “oila” konseptining lingvomadaniy tadqiqi(ingliz va o‘zbek tillari misolida)”. 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/Fil4719
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti.
Ilmiy rahbar: Islamova Dinara Azamatovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti, PhD.03/2025.27.12.Fil.35.02.
Rasmiy opponentlar: Tursunov Akmaljon Xamidjonovich, filologiya fanlari doktori (DSc), ptofessor; Arziqulova Xurshida Akbaralievna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent;
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: “Oila/family” konseptining turli madaniy modellardagi strukturasi, universal va differensial, lingvomadaniy mohiyati, xalq og‘zaki ijodi hamda zamonaviy diskurslardagi o‘ziga xosliklarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“Oila / family” konsepti lingvomadaniy nuqtayi nazardan tahlil qilinib, til va madaniyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikning konseptual asoslari hamda milliy madaniyatning lingvosemantik ifodalanishi aniqlangan, shuningdek ingliz va o‘zbek tillarida “oila/family” konseptining lisoniy vositalar orqali shakllanishi yoritilgan.
inson tafakkurida konseptual tizimning shakllanish jarayonida lisoniy komponent “oila/family” konseptining obrazli, semantik va assotsiativ qatlamlarini yuzaga chiqaruvchi asosiy komponent sifatida namoyon bo‘lishi, mazkur konseptning yadro va periferik qatlamlarida mujassamlashgan bilimlar, tasavvurlar hamda g‘oyalar majmuasi milliy mentalitet, madaniy-tarixiy an’ana va individual tajriba bilan uzviy bog‘liqlikda shakllanishi ilmiy jihatdan dalillangan;
“Oila/family” konsepti badiiy matnlardagi frazeologizmlar, maqollar va metaforalar asosida tahlil qilinib, ularning stilistik hamda kognitiv-semantik komponentlari chog‘ishtirma aspektda qiyoslandi va konseptning madaniyatlararo o‘xshash hamda farqli jihatlari asoslangan.
ingliz va o‘zbek tillaridagi “oila/family” konseptining xalq og‘zaki ijodi hamda badiiy matnlarga xos intertekstual aloqalar, kontekstual sharoit, shakl va mazmun uyg‘unligi yoki nomutanosibligi, tillararo strukturativ, sistemaviy va funksional asimmetriya kabi omillar ta’sirida shakllanuvchi birlamchi jihatlari aniqlangan, konseptning derivativ xususiyati va dinamik rivojlanish jarayoni esa uning ikkilamchi belgilari sifatida ilmiy asosda yoritilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Ingliz va o‘zbek tillaridagi “oila/family” konseptining lingvomadaniy xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“oila/family” konsepti lingvomadaniy nuqtayi nazardan tahlil qilinib, til va madaniyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikning konseptual asoslari aniqlanib, milliy madaniyatning lingvosemantik ifodalanishi hamda ingliz va o‘zbek tillarida “oila/family” konseptining lisoniy vositalar orqali shakllanishi aniqlanganligiga oid xulosalardan Germaniya akademik almashinuv xizmati DAAD tomonidan moliyalashtirilgan ID-576b3Z48-sonli European Perspectives in Dialogue: Central Asia and Western Research – Muloqotda Evropa istiqbollari: Markaziy Osiyo va G‘arb tadqiqotlari” nomli loyiha doirasida foydalanilgan (Buxoro davlat universitetining 2024-yil 23-oktyabrdagi 06/6465-son ma’lumotnomasi). Natijada ingliz va o‘zbek tillarida “oila/family” konseptining lingvomadaniy tabiati ochib berilib, til va madaniyat dialektikasi doirasida milliy dunyoqarashning lingvosemantik xususiyatlari hamda ushbu konseptning lisoniy vositalar orqali verballashuvining o‘ziga xos konseptual modellari aniqlangan;
inson tafakkurida konseptual tizimning shakllanish jarayonida lisoniy komponent “oila/family” konseptining obrazli, semantik va assotsiativ qatlamlarini yuzaga chiqaruvchi asosiy komponent sifatida namoyon bo‘lishi, mazkur konseptning yadro va periferik qatlamlarida mujassamlashgan bilimlar, tasavvurlar hamda g‘oyalar majmuasi milliy mentalitet, madaniy-tarixiy an’ana va individual tajriba bilan uzviy bog‘liqlikda shakllanishi ilmiy jihatdan dalillanganligiga oid xulosalar 2017–2020-yillarda bajarilgan FA-F1-OO5-raqamli “Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunosligini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zFA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2024-yil 24-oktyabrdagi 499/1-son ma’lumotnomasi). Natijada inson tafakkuridagi konseptual tizimning shakllanishida “oila/family” konseptining obrazli, semantik va assotsiativ qatlamlarini yuzaga chiqaruvchi asosiy omil lisoniy komponent ekanligi, uning yadro va periferiya qismlarida mujassamlashgan bilimlar majmuasi milliy mentalitet, madaniy-tarixiy an’analar va individual tajriba asosida shakllanishi ilmiy jihatdan isbotlangan;
“oila/family” konsepti badiiy matnlardagi frazeologizmlar, maqollar, metaforalar orqali tahlil qilinib, ularning stilistik, kognitiv-semantik komponentlari chog‘ishtirma aspektda qiyoslanib, konseptning madaniyatlararo o‘xshash hamda farqli jihatlari asoslanganligiga oid xulosalardan Navoiy viloyati teleradiokompaniyasining “Adabiyot va hayot”, “Jarayon” singari turkum ko‘rsatuvlarining tegishli sonlarida, “Assalom, yangi kun” tonggi dasturida, Navoiy viloyati radiosi orqali efirga uzatilgan “Nazm va navo”, “O‘zbek adabiyoti” eshittirishlarini tayyorlashda foydalanilgan (Navoiy viloyati teleradiokompaniyasining 2024-yil 30-oktyabrdagi 01-02/145-son ma’lumotnomasi). Natijada ingliz va o‘zbek badiiy matnlaridagi frazeologizmlar, maqollar va metaforalarning stilistik hamda kognitiv-semantik tahlili asosida “oila/family” konseptining lisoniy voqelanishi qiyoslanib, ushbu konseptual tuzilmaning madaniyatlararo mushtarak hamda farqli jihatlari chog‘ishtirma planda dalillangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish