Alikulov Azamat Tuygunovichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.     Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda aksiyalar bozorini rivojlantirishning konseptual masalalari”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.DSc/Iqt845.
Ilmiy maslahatchi: Elmirzaev Samariddin Eshkuvatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/2025.27.12.I.23.05.
 Rasmiy opponentlar: iqtisodiyot fanlari doktori, professor Jumaev Nodir Xosiyatovich; iqtisodiyot fanlari doktori, professor Mirzaev Farxod Isamovich; iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent Xusainov Shavkat Abdushukurovich.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda aksiyalar bozorini rivojlantirishning konseptual masalalarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
fond bozori savdo platformalari va tijorat banklarining mobil ilovalarini o‘zaro integratsiyalash asosida IIA tizimini yo‘lga qo‘yish orqali aholining bo‘sh pul mablag‘larini aksiyalar bozoriga jalb etish taklif etilgan;
pulning vaqt bo‘yicha qiymati konsepsiyasi asosida aksiyalar bozori infratuzilmasida investorlar bilan joriy hisob-kitoblarni lahzada amalga oshirish imkonini beruvchi real vaqt rejimida yalpi hisob-kitob tizimini joriy etish asoslangan;
milliy bozorda aksiyalar jozibadorligini ta’minlashga qaratilgan ESG reytingini yuritish orqali investorlar ishonchini oshirish asosida IPO yoki SPO vositasida aksiyadorlik jamiyatlarida davlat ulushini muvaffaqiyatli pasaytirish taklif etilgan;
aksiyadorlar tarkibini diversifikatsiyalash, aksiyalar bozorida individual investorlar faolligini oshirish hamda xodimlarning aksiyadorlik jamiyati moliyaviy natijalariga ijobiy ta’sirini ta’minlash maqsadida ESOP konsepsiyasini qo‘llash taklif etilgan;
aksiyalari ommaviy joylashtirilishi rejalashtirilgan aksiyadorlik jamiyatlarida jalb qilinadigan resurslar hajmini oshirish maqsadida bir aksiyaga to‘g‘ri keladigan foydani oshirib borish hisobiga aksiyalar kotirovkasi o‘zgarishi 2027-yilgacha prognozi amalga oshirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda aksiyalar bozorini rivojlantirishning konseptual maslalarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
fond bozori savdo platformalari va tijorat banklarining mobil ilovalarini o‘zaro integratsiyalash asosida IIA tizimini yo‘lga qo‘yish orqali aholining bo‘sh pul mablag‘larini aksiyalar bozoriga jalb etish taklifi asosida “Jett” platformasi AT “Aloqabank”ning mobil ilovasiga integratsiya qilindi hamda onlayn identifikatsiya orqali hisobvaraq ochish tizimi yo‘lga qo‘yildi. (AT “Aloqabank”ning 2025-yil 26-noyabrdagi 18-04/5885-sonli ma’lumotnomasi) Natijada, 2024-yil so‘ngida Jett savdo platformasida ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 58,0 mingtadan oshdi va har bir ochilgan hisob raqam uchun to‘lov hamda tranzaksiyalar uchun komission haq olish orqali bankda qo‘shimcha daromad manbai shakllantirildi. Shuningdek, 2024-yil yakunlari bo‘yicha “Toshkent” RFB savdo maydonchasida ushbu platforma orqali 500 minga yaqin bitimlar amalga oshirildi;
pulning vaqt bo‘yicha qiymati konsepsiyasi asosida aksiyalar bozori infratuzilmasida investorlar bilan joriy hisob-kitoblarni lahzada amalga oshirish imkonini beruvchi real vaqt rejimida yalpi hisob-kitob tizimini joriy etish taklifi asosida bankning Zoomrad ilovasida Investisiyalar bo‘limi tashkil etildi hamda RTGS tizimiga integratsiya qilindi. (AT “Aloqabank”ning 2025-yil 26-noyabrdagi 18-04/5885-sonli ma’lumotnomasi) Natijada, RTGSga integratsiya orqali 2024-yilda 25,8 mlrd. so‘mlik, 2023-yilda o‘tkazilgan IPOlarda esa 19,85 mlrd. so‘mlik bitimlar “Jett” platformasi orqali amalga oshirildi;
milliy bozorda aksiyalar jozibadorligini ta’minlashga qaratilgan ESG reytingini yuritish orqali investorlar ishonchini oshirish asosida IPO yoki SPO vositasida aksiyadorlik jamiyatlarida davlat ulushini muvaffaqiyatli pasaytirish taklifi bo‘yicha “Aksiyadorlik tijorat Xalq bankining barqaror rivojlanish (ESG) siyosati” ishlab chiqildi hamda bank boshqaruvining 2024-yil 21-avgustdagi 99/3-sonli qarori bilan amaliyotga joriy etildi. 2024-yilda bank tomonidan yuridik shaxslarga 39 mlrd. so‘mlik 1238 ta, jismoniy shaxslarga 33 mlrd. so‘mlik 1182 ta yashil (Green) loyihalar uchun kreditlar ajratildi hamda bankning 14 ta mintaqaviy filiallari quyosh energiyasiga ulandi. Shuningdek, ESG tamoyillariga mos ravishda moliyaviy natijalar bo‘yicha yillik hisobotlarni tizimli oshkor etish tartibi yo‘lga qo‘yildi. (AT “Xalqbanki”ning 2025-yil 21-dekabrdagi 9-23/5316-sonli ma’lumotnomasi) Natijada, 2025-yilda Fitch reyting agentligi tomonidan bankning ESG reytingi 4-darajadan 3-darajaga ko‘tarildi bu esa bankning kredit reytingini “BB-” dan “BB” ga ko‘tarilishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi;
aksiyadorlar tarkibini diversifikatsiyalash, aksiyalar bozorida individual investorlar faolligini oshirish hamda xodimlarning aksiyadorlik jamiyati moliyaviy natijalariga ijobiy ta’sirini ta’minlash maqsadida ESOP konsepsiyasini qo‘llash taklifi asosida malakali xodimlar manfaatdorligini oshirish, ichki risklarni kamaytirish hamda moliyaviy natijalarni yanada yaxshilash maqsadida AT “Xalq banki” IPO orqali ommaviy taklif qiladigan aksiyalarining bir qismini xodimning KPI natijalariga bog‘liq holda aksiya narxining bozor narxidan 15 foizgacha chegirmalar berish orqali o‘z xodimlariga taqsimlash rejasini IPO strategiyasiga kiritdi. (AT “Xalqbanki”ning 2025-yil 21-dekabrdagi 9-23/5316-sonli ma’lumotnomasi) Natijada, O‘zbekistondagi davlat banklari orasidan birinchi bo‘lib ushbu mexanizmni joriy etish orqali bankning imiji yanada yaxshilandi va aksiyalar narxlarining ijobiy o‘zgarishiga hamda likvidligi ortishiga ta’sir ko‘rsatadi;
aksiyalari ommaviy joylashtirilishi rejalashtirilgan aksiyadorlik jamiyatlarida jalb qilinadigan resurslar hajmini oshirish maqsadida bir aksiyaga to‘g‘ri keladigan foydani oshirib borish hisobiga aksiyalar kotirovkasi o‘zgarishi 2027-yilgacha prognozini ishlab chiqish asosida AT “Xalq banki” moliyaviy natijalarini yanada yaxshilash hamda bir aksiyaga to‘g‘ri keladigan foyda normasini oshirishi zarurati bankning IPO strategiyasiga kiritildi. (AT “Xalqbanki”ning 2025-yil 21-dekabrdagi 9-23/5316-sonli ma’lumotnomasi) Natijada, AT “Xalqbanki”ning bir aksiyaga to‘g‘ri keladigan foydasini 1 foizga oshishi bank aksiyalari narxini 0,297 foizga oshirishi aniqlandi. Bank tomonidan 2026-yilda aksiyalarini ommaviy savdoga qo‘yish orqali bir aksiyaga to‘g‘ri keladigan foyda miqdori 29,9 foizga oshishi hisobidan aksiyalarining bozor narxi 8,88 foizga oshishiga, 2027-yilda esa bir aksiyaga to‘g‘ri keladigan foyda miqdori 23 foizga oshishi hisobidan bank aksiyalarining bozor narxi 6,84 foizga ko‘tarilishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi prognozi ishlab chiqildi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish