Darmonova Mashxuroxon Adiljon qizining 
 fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi e’loni

I.Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda qatag‘on siyosati tarixining manbashunosligi va muzeylashtirish tamoyillari (XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr)” mavzusidagi 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari, 17.00.06 – Muzeyshunoslik. Tarixiy-madaniy ob’ektlarni konservatsiya qilish, ta’mirlash va saqlash (tarix fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B.2025.2.DSc/Tar508 
Ilmiy maslahatchi: Hasanov Baxtiyor Vaxapovich tarix fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi huzuridagi PhD.05/2025.27.12.Tar.07.01 raqamli Ilmiy Kengash asosidagi tarix fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi Bir martalik Ilmiy Kengash. 
Rasmiy opponentlar: tarix fanlari doktori, professor Doniyorov Alisher Xudoyberdievich, tarix fanlari doktori (DSc), professor Muhamedova Munisa Sabirovna, tarix fanlari doktori (DSc) Boboev Feruz Sayfullaevich. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda Rossiya imperiyasi hamda sovet tuzumi davrida amalga oshirilgan qatag‘on siyosatining tarixiy manbalari va muzeyshunoslikdagi aks etish holatini o‘rganish, shu jarayonni yorituvchi manbalarni ilmiy tahlil qilish asosida qatag‘on siyosati va uning oqibatlari masalasini tarixiy jihatdan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi.
1865–1980-yillar davomida, xususan, Rossiya imperiyasining mustamlakachilik siyosatiga qarshi milliy ozodlik harakati ishtirokchilari (4099), “sovetlarga qarshi unsurlar” sifatida ta’qib etilganlar (742), siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi “inqilobiy o‘zgarishlar”ga qarshilik ko‘rsatganlar (15218), “katta qirg‘in” davrida jazoga tortilganlar (13108), tazyiq va ta’qiblar bosqichida jabrlanganlar (1068) hamda “Paxta ishi” doirasida qatag‘on qilinganlar (3553) sonining aniqlanishi va manbalar asosida tavsiflanishi natijasida ularni muzeyshunoslik nuqtai nazaridan ilk marta tizimli-manzilli dinamikasi ko‘rsatib berilgan;
Oliy sud harbiy kollegiyasi hukmi uchun oldindan tayyorlangan Ichki ishlar xalq komissarligining “1” (otuv) va “2” (qamoq) belgili “qatl ro‘yxatlari” bo‘yicha siyosiy-ijtimoiy islohotlarda faol ishtirok etgan davlat va jamoat arboblari, ta’lim rivoji yo‘lida zarur mutaxassislar tayyorlab, qoloqlikka qarshi kurashgan pedagoglar, gazeta hamda jurnallar orqali ma’rifat tarqatgan jurnalistlar, shuningdek, huquqshunos, me’mor, kino rejissyor, shifokor, kimyogar olim, elektr muhandis va boshqa soha vakillari bo‘lgan 60 dan ortiq milliy ziyolilar qatag‘on qilinganligi birlamchi manbalar asosida aniqlangan;
Sovet hokimiyatining amalga oshirgan qatag‘on siyosati oqibatida 1930–1950-yillar boshida O‘zbekiston hududida 83500 kishi sud hukmi, 18682 shaxs esa sudsiz (6038 tasi otilgan) jazoga tortilgani, umumiy hisobda 102182 fuqaro repressiyaga uchraganligi, 1955–1990-yillari qatag‘on siyosatiga nisbatan rasmiy munosabatning o‘zgarishi tufayli 22968 kishining reabilitatsiya qilinganligi, 2020–2024 yillari arxivlardagi maxfiy hujjatlarning ochiqlanishi natijasida mustabid tuzum davrida siyosiy ta’qibga uchragan yana 1200 nafar shaxsning oqlanganligi ilmiy asosda ochib berilgan;
Respublika muzeylarida mustamlaka tuzumiga qarshi harakatlar asosan “Vabo isyoni”, “Dukchi eshon” harakati hamda “1916-yil qo‘zg‘olonlari” doirasida aks ettirilganligi, xorijiy manbalarda esa Turkiston hududida 5000 ga yaqin isyonlar yuz berganligi qayd etilgani natijasida Markaziy Osiyo xalqlarining milliy ozodlik va mustaqillik yo‘lida birgalikda olib borgan kurashlarining tarixiy ahamiyati, yuzaga kelish sabablari, ko‘lami va oqibatlarini ilmiy-nazariy jihatdan qayta baholash orqali muzey ekspozisiyalarini yangilash zarurati, tashrifchilar, ayniqsa yoshlarga qo‘zg‘olonlar tarixini zamonaviy texnologiyalar, jumladan, VR (virtual reallik), gologramma, 3D modellashtirish, avatarlar, interaktiv kitoblar, intellektual xaritalar va immersiv eksponatlar asosida taqdim etishning dolzarbligi asoslangan;
Mustamlaka tuzumiga qarshi g‘oyaviy-siyosiy kurashning xorijda ham izchil davom etgani natijasida turkistonlik muhojirlar tomonidan Turkiyada “Yangi Turkiston”, “Turk eli”, Fransiyada “Yosh Turkiston”, Germaniyada “Milliy Turkiston”, “Milliy adabiyot”, Misrda “Turkiston sadosi”, Nyu-Yorkda “Turkiston” kabi 30 dan ortiq gazeta va jurnallar nashr etilganligi aniqlanib, mazkur davriy matbuot qatag‘onlarni fosh etish bilan birga Turkiston madaniyati va adabiyotining yirik namoyondalari hamda ularning faoliyatini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga xizmat qilganligi dalillangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qatag‘on siyosati tarixi manbashunosligi hamda muzeyshunosligiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
Siyosiy qatag‘on qurbonlari (Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurahmon G‘oyibiy, Abdulhay Tojiev, Abduvahhob Ibodiy, Abduvohid Abdurauf qori o‘g‘li, Abduvosiq Muhammedov, Akrom Usmonov, A’zam Ayubov, Bekjon Rahmonov, Bobooxun Salimov, Dadamirza qori Shayxov, G‘ulom Zafariy, Ibrohim Davron, Karim Abdullaev, Lutfulla Olimiy, Nazir Sholikorov, Nazir To‘raqulov, Nizomiddinxo‘ja Asomiddinxo‘ja o‘g‘li, Otajon Hoshim, Polvonniyoz hoji Yusupov, Salimxon Tillaxonov, Sanjar Siddiq, Sulaymon Xo‘jaev, Zahiriddin a’lam Abulqosim)ning hayoti, faoliyati va fojiali taqdiri aks etgan ko‘p jildli “jinoyat ishlari” tuhmat, adolatsizlik va zo‘ravonlik bilan to‘ldirilgan bo‘lib, sahifalari qora va qizil siyoh bilan yozilgan soxta guvohnomalar, barmoq izlari hamda “maxfiy” tamg‘alari ostida saqlanayotgan hujjatlar bilan to‘ldirilgan bo‘lib, ushbu xulosalar AL 03-05 “jadid.uz elektron platformasini yaratish” amaliy loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2025-yil 24-apreldagi 3/1255-1025-son Ma’lumotnomasi) ilmiy natijalar tarixiy haqiqatni yoritish, O‘zbekiston ilmiy-madaniy merosini saqlash va jadidchilik harakatini chuqur o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etib, muzeylar, ilmiy markazlar va ta’lim jarayonida qo‘llanilishi orqali keng jamoatchilikka etkazilishiga xizmat qiladi;
Turkistonda chop etilgan davriy matbuot nashrlari Rossiya imperiyasi ma’muriyati tomonidan taqiqlangan bo‘lsa-da, ular xalqning milliy ongini uyg‘otish, erk va hurriyat g‘oyalari bilan “qurollantirish” yo‘lida muhim rol o‘ynaganligi, turkistonlik muhojirlarning (Afg‘oniston, Hindiston, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Polsha, Eron, Misr kabi) xorijiy davlatlardagi gazetalar, majmualar, byulletenlar va xotiralarida milliy ozodlik qo‘zg‘olonlarining asosiy maqsadi – Turkistonni mustaqil mamlakat deb e’lon qilish ekani ta’kidlanganligi haqidagi ilmiy xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalidagi ko‘rsatuvlarni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi davlat muassasasining 2025-yil 28-martdagi 01-30-188-son Ma’lumotnomasi). Bu materiallar “Mavzu”, “O‘zlikka yo‘l”, “Ochiq dars”, “Aslida qanday?” kabi ko‘rsatuvlarning ilmiy asoslanganligini oshirishga hamda ularni yanada mukammal qilishga xizmat qilgan;
Davriy matbuot (“Darxon”, “Dehqon”, “Farg‘ona sahifasi”, “Farg‘ona”, “Inqilob quyoshi”, “Ishchi”, “Qambag‘al dehqon”, “Osiyo”, “Qizil bayroq”, “Qizil matbaachilar”, “Qizil O‘zbekiston”, “Qizil yulduz”, “Sharq haqiqati”, “Sho‘roi islom”, “Turk eli”, “Turkiston”, “Uyg‘onish”, “Yangi Farg‘ona”, “Yangi yo‘l”, “Zarafshon” gazetalari, “Alanga”, “Bisin savodsizliq”, “Bolalar dunyosi”, “Bolalar yo‘ldoshi”, “Ish maktabi”, “Kolxozlarda hisob va moliya ishlari”, “Maorif va o‘qutg‘uchi”, “Mashrab”, “Matbaachilar”, “Meg‘nat haftaligi”, “Mushtum”, “Nashri maorif”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “O‘zbekiston sho‘ro adabiyoti”, “Qishloq xo‘jaligi turmushi”, “Qurrulish”, “Sotsialistik fan va turmush”, “Sovet adabiyoti”, “Yangi qishloq”, “Yangi yo‘l”, “Yosh bolshevik” va “Yosh kuch” jurnallari)dagi xabar va maqolalarda qatag‘on qurbonlarning ism-shariflari qayd etilgan ro‘yxatlar keltirilganligi, arxiv hujjatlarida esa qatag‘on qilinganlarning surgun qilinganligi yoki otib tashlangani, oilalarining parokanda bo‘lgani, mol-mulklarining tortib olingani aks etgan jarayonlar mohiyati mafkuralashgan sovet hukumatida doimo yashirin saqlanib, tarixiy voqelikni aks ettiruvchi barcha manbalar maxfiylashtirilganligi kabi ilmiy xulosalardan № FZ 202007287 raqamli “O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi manbalari (eng qadimgi davrlardan 1991 yilgacha) elektron “aqlli kutubxona” platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2025-yil 24-apreldagi 3/1255-1025-son Ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning tadbiq etilishi O‘zbekiston tarixini davriy matbuot va arxiv hujjatlari orqali tahlil qilish, mustamlaka-sovet mafkurasi haqida chuqurroq tasavvur shakllantirishga xizmat qiladi;
130 yil davom etgan Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi va sovet tuzumi yillarida o‘zbek xalqi qatag‘on siyosatidan jabr va zulm chekkan,  “Xalq dushmani”, “millatchi”, “bosmachi”, “aksilinqilobchi”, “mushtumzo‘r” kabi nohaq ayblar bilan ko‘plab insonlar qatag‘on etilgani, muzey ekspozisiyalarida esa yurt ozodligi yo‘lida yuz bergan xalq qo‘zg‘olonlari (Toshkent mudofaasi, Samarqand qo‘zg‘oloni, Abdumalik to‘ra boshchiligidagi qo‘zg‘olon, Xiva qo‘zg‘oloni, Po‘latxon qo‘zg‘oloni, Mamir Mergan o‘g‘li qo‘zg‘oloni, Qurbonjon Dodxoh boshchiligidagi qo‘zg‘olon, Etimxon qo‘zg‘oloni, Sirdaryo viloyati Qurama tumanidagi qo‘zg‘olon, Sho‘raxon uchastkasi Biybozor volosti va Chimboy uchastkasi Nukus viloyatidagi qo‘zg‘olonlar, Darvishxon qo‘zg‘oloni, Qo‘qon qishloq volostidagi qo‘zg‘olon, O‘qchi-Shahrixondagi qo‘zg‘olon va boshqa kurashlar)  aks ettirilmagan holatlar arxiv hujjatlari va davriy matbuot materiallari asosida tahlil qilinib chiqarilgan tegishli ilmiy xulosalardan 14 ta hudud bo‘yicha yaratilgan Qatag‘on qurbonlari Xotira kitoblarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining 2024-yil 14-iyundagi 175-son Ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy qilinishi muzey ekspozisiyalarini boyitishga xizmat qiladi;
So‘nggi yillarda hukumat qarorlari asosida maxfiy hujjatlarning ochiqlanishi tarixiy tadqiqotlar uchun yangi imkoniyatlar yaratib, muzey ekspozisiyalarini ilmiy asoslangan va xolis yondashuvga ega bo‘lgan birlamchi manbalar hamda tarixiy ashyolar bilan boyitishga, qatag‘on siyosatining huquqiy, ijtimoiy va siyosiy jihatlarini yanada chuqurroq tahlil qilishga hamda shu tadqiqotlar natijalaridan hujjatli va ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuvlar ssenariylarini tayyorlashda asos sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi davlat muassasasining 2025-yil 26-martdagi 01-30-184-son Ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning joriylanishi qatag‘on davri tarixini ommaga etkazish va fuqarolarning milliy xotira hamda tarixiy adolatga oid tushunchalarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish