Umarova Sohiba Zakirovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Xorazm adabiy muhitida devonchilik: matniy tadqiq va tahlil (Sultoniy, Sa’diy, Asad va G‘oziy ijodi asosida)”, 10.00.10 – Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2022.2.DSc /Fil416
Ilmiy maslahatchi: Sirojiddinov Shuhrat Samariddinovich, filologiya fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.41.01.
Rasmiy opponentlar: Jabborov Nurboy Abdulhakimovich, filologiya fanlari doktori, professor, G‘ayipov Dilshod Qadambaevich, filologiya fanlari doktori, professor, Nuriddinov Shahobiddin Babayarovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zFA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: XIX asr oxiri – XX asr boshida Xorazmda tartib berilgan “Devoni Sultoniy”, “Devoni Sa’diy”, “Devoni Asad”, “Devoni G‘oziy” manbalarining matniy tadqiqini amalga oshirish va devonlardagi she’rlar tahlili orqali Xorazm adabiy muhiti devonchiligining o‘rganilmagan jihatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
devonning amaliy tajribalar asosida yuzaga kelgan matniy talablari adabiy-tarixiy manbalar va turli davrlar mobaynida tuzilgan devonlar misolida asoslangan hamda XIX asr oxiri – XX asr boshlari Xorazm devonchilik an’anasining yetakchi jihatlari ochib berilgan;
Sayyid Nosir to‘ra Sultoniy, Sayyid Sadulloh to‘ra Sa’diy, Sayyid Asad to‘ra, Sayyid G‘oziy to‘ralar ilmiy biografiyasi arxiv materiallari, shaxsiy esdaliklar, tarixiy, adabiy, ilmiy manbalardagi ma’lumotlar asosida ilk bor tiklangan;
O‘zR FA ShI hamda Xiva “Ichan-qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi, O‘zR FA Davlat adabiyot muzeyi fondidagi “Devoni Sultoniy”, “Devoni Sa’diy”, “Devoni Asad”, “Devoni G‘oziy” manbalari qo‘lyozma va toshbosma nusxalari tekshirilib, jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan manbalar ilmiy iste’molga olib kirilgan;
O‘zR FA ShIdagi “Devoni Sultoniy”, “Devoni Sa’diy”, “Devoni Asad” va “Devoni G‘oziy” manbalarining qo‘lyozma va toshbosma nusxalari saralash, xillash, qiyoslash, tasniflash kabi tamoyillar asosida 7092, 7095, 1121, 6681/II inv. raqamli qo‘lyozmalar ilmiy-izohli matni nashri uchun tayanch manbalar hamda 909, 10280, 6681, 8951, 1262 inv. raqamli manbalar asos nusxalar ekanligi aniqlangan;
XIX asr oxiri – XX asr boshlari Xorazm devonchiligi namunalari “Sayyid Nosir to‘ra Sultoniy Devon”i hamda “Sayyid Sa’dulloh to‘ra Sa’diy Devon”i kitoblari (ilmiy-izohli matn) ilk bor nashr etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xorazm adabiy muhitida Alisher Navoiy g‘azallariga izdoshlik asosida yaratilgan payravlar tahlil etilgan o‘rinlar, shuningdek, shahzoda shoirlarning Navoiyga ergashish asosida yuzaga kelgan an’ana va mahorat masalasiga doir xulosalar, Navoiy va Xorazm shoirlari ijodida turli janrdagi she’rlar yaratish hamda badiiy san’atlardan mohirona foydalanish borada chiqarilgan ilmiy umumlashmalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2023-2024-yillarda bajarilgan AL-662205561 raqamli “Alisher Navoiy mualliflik korpusini yaratish (“Xazoyin ul-maoniy” kulliyotidagi g‘azallar asosida) nomli amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ma’lumotnomasi №04/1-5953 2025-yil 11-dekabr). Natijada, Alisher Navoiy mualliflik korpusida shoir she’rlarining o‘zbek adabiyoti tarixida tutgan o‘rni va xorazmlik shahzoda shoirlar ijodiga ta’siri masalasi tahlili bazasining yaratilishiga erishilgan;
XIX asr oxiri – XX asr boshida Xorazm adabiy muhitida yuzaga kelgan devonchilik an’analari va Sultoniy, Sa’diy, Asad va G‘oziy taxalluslari bilan ijod qilgan shahzoda shoirlar devonlari qo‘lyozma va toshbosma nusxalari tavsifi, devonlardagi she’rlar tahlili bo‘yicha chiqarilgan ilmiy xulosalar “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” nomli amaliy loyihaning nazariy-metodik bazasini shakllantirish manbalaridan biri bo‘lib xizmat qildi. Xususan, Sayyid Nosir to‘ra Sultoniy hamda Sa’dulloh to‘ra Sa’diy devonlari ilmiy-izohli matni nashrlaridan elektron platforma materiallarini tayyorlashda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ma’lumotnomasi №04/1-5952 2025-yil 11-dekabr). Natijada, “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” nomli amaliy loyiha o‘zbek devonchiligi tarixiga oid materiallar bilan boyitilgan;
She’riyatda munosib iz qoldirgan xivalik shahzodalar – Sultoniy, Sa’diy, Asad va G‘oziylarning hayoti va ijodiga oid materiallar, “Sayyid Nosir to‘ra Sultoniy. Devon”,i hamda “Sayyid Sa’dulloh to‘ra Sa’diy. Devon”i ilmiy-izohli matni nashrlari “Ichan-qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasi fondi manbalarini to‘ldiradi va o‘tkazilayotgan ekskursiya jarayonlarida foydalanilmoqda (O‘zbekiston Respublikasi madaniy meros agentligi “Ichan-qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasi ma’lumotnomasi № 01-02/38 2026-yil 2-fevral). Natijada, “Ichan-qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasi fondi xorazmlik shoirlar hayoti va ijodiga oid ilmiy materiallar bilan boyishiga erishilgan;
Xorazm adabiy muhiti, Sultoniy, Sa’diy, Asad, G‘oziy devonlari manbalari saqlanayotgan fondlar, shahzoda shoirlar devonlari qo‘lyozma, toshbosmalari tadqiqi, devonlar janriy tarkibi tahliliga oid ma’lumotlardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Tarix maydoni” ko‘rsatuvi ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi” davlat muassasasi ma’lumotnomasi 01-33/469-son. 23-iyun 2025-yil). Natijada, ko‘rsatuv ssenariysi yangi sohibi devon shoirlar hayoti va ularning devonlari haqidagi ilmiy-nazariy xulosalar asosida jamlangan ma’lumotlar bilan boyitilgan;
Xorazm adabiy muhitida Muhammad Rahimxon II – Feruzning o'rni, Munis, Ogahiy devonchilik an'analarining shahzoda shoirlar tomonidan davom ettirilishi va ularning devonlaridagi she'rlar tahlili Xorazm viloyati Pahlavon Mahmud jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan “Xorazm farzandlari” nomli ma’naviy-madaniy tadbirning tashkil etilishida amaliy foydalanilgan (Xorazm viloyati Pahlavon Mahmud jamoat fondi ma’lumotnomasi №01/2026-yil 21-yanvar). Natijada, jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar ilmiy-nazariy bazasini kengaytirishda manbalardan biri bo‘lib xizmat qilgan.