Qo‘ziev Komiljon Fayzievichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Suv resurslaridan samarali foydalanishning mintaqaviy jihatlari (Sirdaryo havzasi misolida)», 08.00.12–Mintaqaviy iqtisodiyot (iqtisodiyot fanlari) va 08.00.04–Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Iqt302.

Ilmiy rahbar: Abdusalyamov Muxamadamin, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.30.05.2018.I.01.11.

Rasmiy opponentlar: Egamberdiev Farmonqul Tursunqulovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Yavmutov Dilshod Shoyimardonqulovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi.

Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi:suv resurslaridan samarali foydalanish asosida mintaqalarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

hududlarning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari bilan suv salohiyati, suv bilan ta’minlanganligi, suv tejamkor texnologiyalarning joriy qilinishi kabi omillarni o‘zaro integral tarzda ifodalovchi suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishning indeksli baholash metodikasi ishlab chiqilgan;

hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini tadqiq etish mezoni sifatida suvdan oqilona (RWU) va samarali (SDWE) foydalanishning integral indeksli reyting guruhlash usuli tavsiya etilgan;

istiqbolda oziq-ovqat bazasini daryo o‘zaniga nisbatan ketma-ketlikda sholichilik, paxtachilik, sabzavotchilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik zonalarini shakllantirish orqali mustahkamlash hamda xavfsizligini ta’minlash taklifi ishlab chiqilgan;

Sirdaryo havzasi bo‘yida joylashgan davlatlar (O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston) o‘rtasida suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish asosida barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishga qaratilgan havzali model` ishlab chiqilgan.

IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Suv resurslaridan samarali foydalanishning mintaqaviy jihatlari  bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

hududlarda suvdan oqilona va samarali foydalanish darajasini baholash metodikasi hamda uning yordamida tizimlashtirilgan ikki guruhdagi statistik ko‘rsatkichlar, 2000­-2016 yillar oralig‘idagi tahlillardan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida tahlil vositasi sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2018 yil 11 maydagi AD-5-1/10-78-son ma’lumotnomasi). Ushbu metodikadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi PF-5308-son farmoni bilan qabul qilingan 2017­-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining “Iqtisodiyot tarmoqlari samaradorligini baholashning innovatsion mezonlarini joriy etish” deb nomlangan 81-bandini amalga oshirishga  xizmat qilgan;

suvdan oqilona foydalanishning integral indeksi (RWU) va suv samaradorligi integral indeksi (SDWE) yordamidaO‘zbekiston mintaqalarida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini reyting guruhlash usuli O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida hududlarni monitoring qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2018 yil 11 maydagi AD-5-1/10-78-son ma’lumotnomasi). Ushbu reyting guruhlash usulidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 avgustdagi PQ-3182-sonli “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvolini o‘rganishning yangi mexanizmlarini joriy etish” vazifasini baholash va tahlil qilish mezoni sifatida xizmat qilgan;

Sirdaryo viloyatining daryo bilan tutash tumanlarida suvtalab ekin turlarini, daryo o‘zanidan uzoqda joylashgan tumanlarda esa kam suvtalab ekinlarni joylashtirish asosida o‘zanga nisbatan ketma-ketlikda paxtachilik, sabzavotchilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik zonalarini shakllantirish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 yanvardagi 25-son qarori bilan tasdiqlangan “Sirdaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar” dasturining 12-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2018 yil 11 maydagi AD-5-1/10-78-son ma’lumotnomasi). Natijada suv etkazib berishdagi yo‘qotishlarni qisqarishiga, tejalgan suv hisobiga qo‘shimcha erlardan foydalanish va yangi ish o‘rinlarini ochish imkoni yaratilgan;

mintaqalarda suv resurslaridan samarali foydalanishni “barqaror rivojlanish” g‘oyalari asosida yo‘lga qo‘yishga oid tavsiyalar hamda 2030 yilgacha barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun havzali modelni qo‘llash bo‘yicha takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi amaliyotida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019 yil 10 apreldagi UB-5-1/20-85-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktyabridagi 841-son “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori loyihasining 1-ilovasini shakllantirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish