Sharipova Nargizaxon Abduqahhorovnaning
tarix fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): XX asrning 60-80-yillarida O‘zbekiston maktab o‘qituvchilarining ijtimoiy hayoti 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.2.DSc/Tar519.
Ilmiy maslahatchi: Shadmanova Sanavar Bazarbaevna, tarix fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Tar.07.01.
Rasmiy opponentlar: Rasulov Baxtiyor Mahmudjonovich, tarix fanlari doktori, professor; G‘opporov Shokir Safarovich, tarix fanlari doktori, professor; Mo‘minova Gavhar Esanovna, tarix fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi XX asrning 60-80-yillarida O‘zbekiston maktab o‘qituvchilarining ijtimoiy hayoti tarixini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Xalq maorifi sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida pedagog kadrlar tayyorlash tizimi miqdor va tashkiliy jihatdan rivojlanib, ta’lim olish shakllari, jumladan sirtqi ta’lim kengaygan bo‘lsa-da, ushbu shaklning sifati, nazorat mexanizmlari va amaliy tayyorgarlik bilan uyg‘unlashmaganligi ta’lim samaradorligini cheklaganligi, shu bilan birga tashkil etilgan malaka oshirish institutlari pedagoglarning kasbiy kompetensiyasini oshirishda muhim institutsional omil bo‘lib, biroq bu jarayonning formallashuvi va ehtiyojlarga moslashmaganligi tizimning amaliy samaradorligini pasaytirganligi ilmiy jihatdan isbotlangan.
Pedagog kadrlar ish haqining bosqichma-bosqich oshirilishi va ijtimoiy imtiyozlar tizimi kadrlar soni o‘sishiga xizmat qilgan bo‘lsa-da, markaziy hukumat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy-maishiy yordamning mahalliy darajadagi byurokratik to‘siqlar oqibatida etarli darajada amalga oshirilmaganligi, o‘qituvchi iqtisodiy holatini yaxshilash uchun kasbiy faoliyatidan tashqari qo‘shimcha daromad manbalarini izlashga majbur bo‘lishi individual tanlov emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy ta’minotning amaliy va huquqiy dissonansi natijasi ekanligi mahalliy materiallar bilan isbotlangan.
XX asrning ikkinchi yarmida maktab o‘qituvchilarining dam olish huquqi normativ kafolatlangan bo‘lishiga qaramay, amaliyotda kasaba uyushmalari va mafkuraviy nazorat mexanizmlariga tobe’ qilinganligi oqibatida “statistika uchun hordiq” fenomenining shakllangani, shuningdek, ayol pedagoglar uchun “ikki karra mas’uliyat” va qishloq infratuzilmasining zaifligi sababli reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanishda hududiy nomutanosiblik mavjudligi birlamchi manbalar yordamida dalillangan.
Politexnik maktablarning joriy etilishi pedagogik metod emas, balki ta’lim sub’ektlarini agrar sohaning arzon mehnat zaxirasiga aylantirgan tizimli mexanizm ekanligi, “akademik vaqtning boy berilishi” qonuniyati modellashtirilib, 11 yillik o‘quv dasturining 30 foizi majburiy mehnatga sarflanishi “chalasavodlik” va intellektual inqirozning bosh omiliga aylanganligi va sohaning ommaviy qishloq xo‘jalik ishlariga jalb qilinishi o‘qituvchi maqomini ziyoli qatlamdan texnik ijrochiga transformatsiya qilganligi ilmiy asosda dalillangan.
Shaxsni mustaqil fikrlashga emas, balki davlat talablariga mos kadr qilib tayyorlashda o‘qituvchi nufuzi uning bilimiga emas, balki siyosiy topshiriqlarni qay darajada bajarishiga bog‘lab qo‘yilganligi, milliy ta’lim uslublarining markaziy andozalar asosida cheklanib, uni tizimga moslashtirishga xizmat qilgani, hamda o‘qituvchi etikasi siyosiy majburiyatlarga bo‘ysundirilganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XX asrning 60-80-yillarida O‘zbekiston o‘qituvchilarining ijtimoiy hayoti tarixiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Xalq maorifi sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida pedagog kadrlar tayyorlash tizimi miqdor va tashkiliy jihatdan rivojlangan, ta’lim olish shakllari, jumladan sirtqi ta’lim kengaygan bo‘lsada, ushbu shaklning sifati, nazorat mexanizmlari va amaliy tayyorgarlik bilan uyg‘unlashmaganligi ta’lim samaradorligini cheklaganligi, shu bilan birga XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab viloyat markazlarida tashkil etilgan malaka sohirish institutlari pedagoglarning kasbiy kompetensiyasini oshirishda muhim institutsional omil bo‘lib, biroq malaka oshirish jarayonining formallashuvi va ehtiyojlarga moslashmaganligi tizimning amaliy samaradorligini pasaytirganligiga oid yangi ma’lumotlardan Farg‘ona viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyida ekspozision rejalarni tuzish, hamda ekskursiya matnlarini yangi ma’lumotlar bilan boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2025-yil 24-martdagi 04-05/1113-son ma’lumotnomasi). Natijalar respublikadagi pedagogik o‘quv yurtlari, ulardagi ta’lim berish shakllari va muallimlarning kasbiy malaka oshirish tizimi haqidagi bilimlarni boyitishga xizmat qilgan.
Pedagog kadrlar ish haqining bosqichma-bosqich oshirilishi va ijtimoiy imtiyozlar tizimi kadrlar soni o‘sishiga xizmat qilgan bo‘lsa-da, markaziy hukumat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy-maishiy yordamning (uy-joy, kommunal xizmatlar) mahalliy darajadagi byurokratik to‘siqlar natijasida amalga oshirilmaganligi, o‘qituvchi iqtisodiy holatini yaxshilash uchun kasbiy faoliyatidan tashqari qo‘shimcha daromad manbalarini izlashga majbur bo‘lishi individual tanlov emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy ta’minotning amaliy va huquqiy dissonansi natijasi bo‘lganligiga oid masalalar O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashida muhokamadan o‘tkazildi. (O‘zbekiston Respublikasi Milliy tiklanish partiyasi markaziy kengashining 2025-yil 27-martdagi 02-02-27-sonli dalolatnomasi). Natijalar xalq ta’limi sohasi vakillarini majburiy mehnatga tortilishiga qarshi fikrlar, xususan xalq ta’limini ko‘tarish yuzasidan yangi ma’lumotlar bilan boyitishga imkon bergan.
Sirdaryo viloyat davlat arxivida saqlanayotgan XX asrning ikkinchi yarmida maktab o‘qituvchilarining dam olish huquqi normativ hujjatlari, bu borada kasaba uyushmalari tomonidan olib borilgan ishlar, statistika ma’lumotlari, ayol pedagoglar haqidagi ma’lumotlar va ularning oila va ish faoliyati o‘rtasidagi nomutanosiblik, qishloq infratuzilmasining zaifligi sababli reabilitatsiya xizmatlaridan foydalana olmaslik muammolari mavjudligi tarixiga oid ilmiy ma’lumotlardan viloyat tarixi va o‘lkashunoslik muzeyi ekskursiya matnlarini tuzishda va fond hujjatlarini boyitishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2025-yil 7-apreldagi 04-05/1306-son ma’lumotnomasi). Natijalar davr pedagoglarini oylik maoshlari, moliyaviy qiyinchiliklar sababli qo‘shimcha daromad olish usullari haqidagi bilimlarni boyitishga xizmat qilgan.
Samarqand viloyati davlat arxivida xalq ta’limi tizim rivojiga oid saqlanayotgan birlamchi manbalar asosida xalq ta’limi tizimida politexnik maktablarning joriy etilishi pedagogik metod emas, balki ta’lim sub’ektlarini agrar sohaning arzon mehnat zaxirasiga aylantirgan tizimli mexanizm ekanligi, “akademik vaqtning boy berilishi” qonuniyati modellashtirilib, 11 yillik o‘quv dasturining 30 foizi (3 yili) majburiy mehnatga sarflanishi “chalasavodlik” va intellektual inqirozning bosh omiliga aylanganligi, sohaning ommaviy qishloq xo‘jalik ishlariga jalb qilinishi o‘qituvchi maqomini ziyoli qatlamdan texnik ijrochiga transformatsiya qilganligi haqidagi ma’lumotlardan viloyat tarixi va o‘lkashunoslik muzeyining eksponat matnlarini boyitish, fond hujjatlarini to‘ldirishga foydalanildi. (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2025-yil 22-apreldagi 04-05/1533-son ma’lumotnomasi). Natijalar pedagoglar sonini ortib borishi, ta’limni qishloq xo‘jalik va jamoat ishlariga ommaviy jalb qilinishiga oid buyruq va ko‘rsatmalar haqida yangi ma’lumotlar bilan ta’minlashga xizmat qildi.
Shaxsni mustaqil fikrlashga emas, balki davlat talablariga mos kadr qilib tayyorlashda o‘qituvchi nufuzi uning bilimiga emas, balki siyosiy topshiriqlarni qay darajada bajarishiga bog‘lab qo‘yilganligi, milliy ta’lim uslublarining markaziy andozalar asosida cheklanib, uni tizimga moslashtirishga xizmat qilgani, hamda o‘qituvchi etikasi siyosiy majburiyatlarga bo‘ysundirilganligi masalalariga doir yangi ilmiy xulosa va natijalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida 2025-yil 31-may kuni efirga uzatilgan ”Taqdimot” ko‘rsatuvining ssenariylarini ishlab chiqishda foydalanilgan. (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat unitar korxonasining 2025-yil 03-iyundagi 15-33/392-son ma’lumotnomasi). Natijalar ko‘p sonli teletomoshabinlarda XX asrning 60-80-yillarida O‘zbekiston o‘qituvchilarining ijtimoiy turmush tarzi va kundalik hayoti to‘g‘risida yangi ilmiy ma’lumotlarga ega bo‘lishga xizmat qilgan.