Abjalova Manzura Abdurashetovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon matni

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilidagi matnlarni tahrir va tahlil qiluvchi dasturning lingvistik modullari (rasmiy va ilmiy matnlar tahriri dasturi uchun)”, 10.00.11–Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Fil320.

Ilmiy rahbar: Dadaboev Hamidulla Aripovich,filologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.05.02.

Rasmiy opponentlar: Uluqov Nosirjon, filologiya fanlari doktori, professor; Pardaev Azamat Baxronovich, filologiya fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek adabiy tilining rasmiy va ilmiy uslublaridagi matnlarni grafematik tahrir va morfologik, sintaktik tahlil qiluvchi dasturning lingvistik modullarini yaratish hamda o‘zbek tilining lug‘aviy-majmuiy boyligini o‘zida mujassam qiluvchi lingvistik ta’minotni shakllantirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

o‘zbek kompyuter lingvistikasida avtomatik tahrir va tahlil tizimi lingvistik ta’minotini shakllantirishning nazariy asoslari yaratilgan;

avtomatik tahrir va tahlil lingvistik ta’minotini tuzishda so‘zlarni morfem valentlik, turkumlik, sintagmatik va uslubiy belgisi bo‘yicha ajratish tamoyillari ishlab chiqilib, lingvistik modul` va modullashning ahamiyati asoslangan;

rasmiy va ilmiy matnlar bo‘yicha o‘zbek tilining grammatik kategoriyalari ta’minoti, so‘z turkumlari bo‘yicha guruhlanishi, jumla tarkibida bitishuv, moslashuv va boshqaruv yo‘li bilan birikish modellari shakllantirilgan;

avtomatik tahrir/tahlil qilish texnologiyasi va dasturi mukammalligini ta’minlovchi grafematik tahrir, morfologik va sintaktik tahlil modullari ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Rasmiy va ilmiy uslublardagi o‘zbekcha matnlarni tahrir qiluvchi dasturni yaratish bo‘yicha olingan natijalar asosida:

so‘z yasalishining affiksatsiya usuli leksika va statistikasi hamda o‘zbek tiliga formal yondashish natijalaridan “O‘zbek tili va uning tarjimasi bilan bog‘liq elektron va bank-moliya terminlarining ko‘p tilli lug‘atlarini yaratish” innovatsion tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 5 martdagi 89-03-915-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarni joriy qilish asosida ko‘p tilli lug‘atlar mazmuni mukammallashishiga erishilgan;

ATT dasturlari yordamida sintaktik tahlil qilish bo‘yicha tadqiq xulosalari hamda so‘z birikmalari modellaridan “Ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun tilshunoslik fanlari bo‘yicha audiokitob ta’minotini yaratish” mavzusidagi davlat amaliy granti loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining  2019 yil  5 martdagi  89-03-915-son  ma’lumotnomasi). Natijada “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” fanining sintaksis bo‘limiga oid laboratoriya topshiriqlari tizimi ishlab chiqilgan;

avtomatik tahrir/tahlil qilish texnologiyasi va dasturi mukammalligini ta’minlovchi grafematik tahrir, morfologik va sintaktik tahlil modullari natijalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi “Navoiy” telekanalining “Daxldorlik tuyg‘usi” ko‘rsatuvi va “O‘zbekiston” radiokanalining “Til – millat ko‘zgusi”, “Ta’lim va islohot” radioeshittirishlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Navoiy viloyati teleradiokompaniyasining 2019 yil 11 martdagi 01-02/57-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv va radioeshittirishlarning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish