Dehqonova Maxsuma Shavkatovnananing
filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (filologiya): “XX asrning 80-90-yillari o‘zbek adabiy tanqidchiligi tendensiyalari va muammolari” 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.DSc/Fil377.
Ilmiy maslahatchi: Sabirdinov Akbarali Gafurovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.10.05 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor Muqaddas Tojiboeva, ikkinchi rasmiy opponent sifatida filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Rahmonov, uchinchi rasmiy opponent sifatida filologiya fanlari doktori, professor Umida Rasulova.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XX asrning 80-90-yillarida yaratilgan dissertatsiya, monografiya, risola, maqolalarni izchil tarzda tadqiq va tahlil etish, turli qarashlarni qiyoslash jarayonida shu davrga doir muammo hamda tendensiyalarni ijtimoiy-siyosiy jarayon bilan bog‘liq holda yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
XX asr o‘zbek adabiy tanqidchiligi taraqqiyotida 80-90-yillar alohida “o‘tish” va “o‘zgarish” bosqichini tashkil etishi, xotira, esse (badiya) janrlari takomillashgani, ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar adabiyotda ham o‘z ifodasini topganligi, 80-yillar tanqidchiligida sho‘ro davri “sotsrealizm” metodi hukmronligi ijodkor hamda adabiy jarayonga salbiy ta’sir ko‘rsatganligi, XX asrning 90-yillarida istiqlol sharofati bilan adabiy tanqidchilik sinfiy, partiyaviy yondashuvlardan xalos bo‘lganligi, badiiy asarlar xolis, haqqoniy baholanganligi asoslangan;
80-90-yillar Sharq mumtoz adabiyotida ideal qahramon yaratish tamoyillarini chuqur anglash boshlanganligi, qayta baholash, milliylik asosda yondashish va o‘zlikni anglash, qadriyatlarni tiklash, asarga kashfiyot sifatida qarash kuchaygani, 80-yillar adabiy tanqidchiligida mumtoz asarlarning, asosan, shakliy jihatlari o‘rganilgan bo‘lsa, 90-yillardan ilmiy meros to‘liq e’lon qilinib, badiiy matnni tahlil va talqin etishda hurfikrlilik yuzaga kelib asarning matn osti ma’nosi chuqur tahlil etilgani, mumtoz lirikaning o‘rganish muammolari ko‘rsatilib, zamonaviy she’riyat badiiy-estetik, ma’no qatlamlari va shakliy jihatdan yoritila boshlanganligi, talqinlarning yangilanganligi, “lirik fojelik” kashf etilgani isbotlangan;
XX asrning 80-yillari adabiy tanqidchiligida ijtimoiy yondashuv saqlanib qolganligi, tahlil va talqinda ochiqlik, oshkoralik boshlanganligi, dadil so‘z aytishga dastlabki qadamlar tashlanib insonning ruhiyatini, ong osti sezimlarini kashf etishga doir talqinlar kengayganligi, qodiriyshunoslik, oybekshunoslik, qahhorshunoslik maktablarining yangicha yondashuvlar asosida jonlanganligi, 80-90-yillar adabiy tanqidida turli janr (esse, adabiy portret, tanqidiy-biografik ocherk, adabiy-tanqidiy maktub, adabiy-tanqidiy suhbat)lar takomili kuchayganligi aniqlangan;
80-90-yillar nasriy janrlarni o‘rganishda obraz ijtimoiyligiga e’tibor qaratilishi, jamiyatdagi ma’naviy inqiroz tasviri chetda qolayotgani, shaxs ichki dunyosi talqinidagi muammolar, dastlab qahramonni shaxs sifatida emas, mehnat kishisi qiyofasida tasvirlash ustuvor bo‘lganligi aniqlanib, bu davrda hikoya va qissachilik bo‘yicha monografik tadqiqotlar ko‘lami ortganligi, 90-yillardan jadid adabiyoti namoyandalari tarjimayi holi, faoliyati, ijodi keng va atroflicha o‘rganila boshlangani, milliy romanchiligimizdagi yangilanishlar: janr, nutq, uslub, poetika masalalari adabiy tanqidchilikning o‘rganish asosi bo‘lganligi dalillangan;
XX asrning 80-90-yillari o‘zbek tanqidchiligida dramaturgiyaga adabiyotning boshqa turlariga nisbatan e’tiborning sustligi, sahna asarlari tahlilining kamligi, yaratilayotgan dramalarning badiiy kashfiyot darajasida emasligi, bu davrda, asosan, 20-60-yillar dramalari tadqiq etilgani, shunga qaramay, adabiy tanqidchilikda dramaning janr xususiyatlari va tabiati, qahramon va xarakter masalalari nazariy jihatdan keng o‘rganila boshlangani, o‘zbek dramaturgiyasining shakllanish bosqichlarini qayta o‘rganish va baholashga ehtiyoj mavjudligi isbotlangan.

IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek adabiy tanqidchiligi mavzusida olib borilgan mazkur tadqiqot natijalari asosida:
80-90-yillarda hikoya va qissa janri bo‘yicha alohida monografik tadqiqotlar yaratilgani, 90-yillardan jadid adabiyoti namoyandalari, xususan, Cho‘lpon hikoyalariga ijobiy xulosalar berilgani, 80-yillardan keyin ham tahlilda istibdod muhitidan chiqa olmagan munaqqidlar 90-yillardan keyin romanning o‘ziga xos ifoda tarzi, shaxsni badiiy tadqiq etish, 60-70-yillar, 70-80-yillar romanlari tahlilida turg‘unlik yillarining salbiy oqibatlari, sotsialistik g‘oyalarning ta’siridan qutula olmaslik kabilarni tahlil etgan bo‘lsa, 80-90-yillar roman janrining taraqqiyoti, milliy romanchilikka yangi yo‘nalishlarning kirib kelishi, janr poetikasi, romanda nutq va uslub poetikasi, tarixiy romanlar tadqiqi, “izm”lar ta’siridan qutilish kabilar asosiy tadqiq masalasiga aylangani va bu 80-90-yillar adabiy tanqidchiligining o‘ziga xos davr ekanligiga oid ilmiy xulosalaridan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiya vazirligi ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2021-2023-yillarda bajarilgan PF-201912258-raqamli “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz) elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy grant loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiya vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 7-maydagi 01/4-1928-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida olib borilgan tadqiqotlar faktik materiallar bilan boyitilgan.
XX asr o‘zbek adabiy tanqidchiligi taraqqiyotida 80-90-yillar alohida bosqichni tashkil etishi, 80-yillar tanqidchiligining o‘ziga xos jihatlari, sho‘ro mafkurasining adabiyotshunoslik taraqqiyotiga ijtimoiy-siyosiy ta’siri, sotsrealizm prinsiplarining asarlarni xolis, haqqoniy baholashga to‘siq bo‘lgani va buning adabiy jarayonga ko‘rsatgan ta’siri, XX asrning 90-yillarida adabiy tanqidda sho‘rolarning “g‘oyaviy zaiflik”, “feodal o‘tmishni bo‘yab ko‘rsatish”, “sotsialistik voqealikni nazar-pisand qilmaslik”, “xotin-qizlar obrazini ikkinchi planda ko‘rsatish”, “partiya rahbari obrazini yaratmaslik” kabi talablardan voz kechilgani dalillangani, bahs-munozara, erkin fikrlar ortgani ko‘rsatilganligi kabi tadqiqot xulosalaridan “2021-2023-yillarda bajarilgan F3-2019081773-raqamli fundamental loyihani bajarishda “O‘zbek bolalar raqslari, raqs liboslari va taqinchoqlari nomlarining o‘zbekcha-ruscha-inglizcha-fransuzcha qisqacha izohli lug‘ati”ni yaratishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi O‘zbekiston Davlat xoreografiya akademiyasining 2025-yil 6-maydagi 01/04-226-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida olib borilgan tadqiqotlar faktik materiallar bilan boyitilgan;
XX asrning 80-yillarida boshlangan “qayta qurish” she’riyatni ham o‘z domiga tortib, adabiy tanqidchilik ham asarlar tahliliga ijtimoiy tomondan yondashgani, she’riyati tahlilida ijodkor tarjimai holi, u yashagan ijtimoiy muhit, shart-sharoitni e’tiborga olish tendensiyasi, tahlil va talqin masalasida ochiq va oshkoralik boshlangani, yozuvchining ijodiy xotirasiga bag‘ishlangan esselar, badialar yaratilgani, inson qalbini poetik kashf qiluvchi, uning psixologiyasi, ichki ruhiyati, sezimi, niyatini anglash kabi talqinlar paydo bo‘lgani, qodiriyshunoslik, oybekshunoslik, qahhorshunoslik maktablarining rivojlangani, 80-90-yillarda adabiy tanqidda (esse, adabiy portret, tanqidiy-biografik ocherk, adabiy-tanqidiy maktub, adabiy-tanqidiy suhbat) janrlari takomili asoslanganligi haqidagi xulosalardan “2023-2023-yillarda bajarilgan IZ-2019081663-raqamli fundamental loyihani bajarishda “O‘zbek bolalar raqslari, raqs liboslari va taqinchoqlari nomlarining o‘zbekcha-ruscha-inglizcha-fransuzcha qisqacha izohli lug‘ati”ni yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi O‘zbekiston Davlat xoreografiya akademiyasining 2025-yil 6-maydagi 01/04-225-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida olib borilgan tadqiqotlar asosli materiallar bilan boyitilgan;
XX asr o‘zbek adabiy tanqidchiligi taraqqiyotida 80-90-yillar alohida bosqichni tashkil etishi, ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar adabiyotda ham o‘z ifodasini topganligi, 80-yillar tanqidchiligida sho‘ro davrining “qayta qurish”, “oshkoralik” haqidagi qarorlari, “sotsrealizm”ning ijodkor ustida hukmronligi adabiy jarayonga ta’sir ko‘rsatgani, XX asarning 90-yillarida istiqlol sharofati bilan adabiy tanqidchilikda sinfiy, partiyaviy yondashuvlardan xolos bo‘lganligi haqidagi xulosalaridan M.K.Ammosov nomidagi Shimoliy-Sharqiy Federal universiteti Filologiya fakul`tetining 45.03.01. filologiya fakul`teti o‘quv dasturining “Chet el adabiyoti tarixi” akademik kursi doirasida foydalangan (M.K.Ammosov nomidagi Shimoliy-Sharqiy Federal universiteti Filologiya fakul`tetining 2025-yil 30-maydagi 654-2-sonli ma’lumotnomasi). Natijada o‘quv dasturi ilmiy-nazariy jihatdan boyitilgan;
etuk munaqqidlar tadqiqotlarida dramaturgiyaga boshqa turlarga nisbatan kamroq o‘rganilganligi, mustaqillikdan keyingi tadqiqotlarda ham bu turdagi asarlarning yaratilgan bo‘lsa-da, 20-60-yillar dramalari tadqiq etilgani, izlanishlar soha tadqiqi uchun etarli emasligi ko‘rsatib berilgani kabi xulosalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” radiokanalining 2023-yilda efirga uzatilgan “Adabiyot gulshani” eshittirishi dasturini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2023-yil 22-dekabrdagi 7-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur eshittirish ma’naviy-ma’rifiy hamda badiiy jihatdan boyigan, xalqchilligi ortgan.
Sharq mumtoz adabiyotidagi ijobiy qahramon va ideal qahramon tushunchasining mazmun-mohiyatini chuqur anglash boshlangani, mumtoz asarlarni yangicha yondashuvlar asosida qaytadan kashf etish, milliy o‘zlikni anglash, milliy qadriyatlarga munosabat tubdan o‘zgarib, mumtoz asarlar adabiy tanqidchilikda qayta baholangani, 80-yillar mumtoz asarlarni, asosan, shakl xususiyati 90-yillarda matn osti ma’nosi, shoirning maqsadi ochiq-oshkora tahlil etilgani kabi xulosalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining 2024-yillarda efirga uzatilgan “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat” eshittirishi dasturini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2025-yil 5-maydagi 26-36-981-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur eshittirish ma’naviy-ma’rifiy hamda adabiy jihatdan boyigan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish