Saidova Rayhonoy Abdug‘anievna
Filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Badiiy matnning struktur-semantik xususiyatlari (Abdulla Qahhor nasri misolida)” 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti ixtisosligi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.DSc/Fil632
Ilmiy maslahatchi: Murodov G‘ayrat Nekovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.08.07
Rasmiy opponentlar:
Buxoro davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori (DSc) Bekova Nazora Jo‘raevna;
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori (DSc) Yoqubov Islomjon Axmedjanovich;
Navoiy davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Abdulhamid Xolmurodov.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: belgi nazariyasi asosida badiiy matn strukturasiga xos yetakchi xususiyatlarni aniqlash, undagi birliklarning poetik-funksional jihatlarini oydinlashtirish va matnlararo aloqa-bog‘lanishlar mexanizmini tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
so‘z san’atkori Abdulla Qahhorning epik ijodi namunalari (“Dahshat”, “Bemor”, “O‘g‘ri” hikoyalari, “Muhabbat” qissasi, “Sarob” romani) o‘zbek adabiyotshunosligida birinchi marta monografik tarzda struktur-semiotik tafakkur asosida o‘rganilgan, ularning badiiy matn sifatidagi belgi-alomatlari asoslangan;
“Bemor” hikoyasining tahlili jarayonida badiiy matnga xos belgi tizimi, strukturaviylik, harakat (belgilarning o‘zaro aloqa-tutashuvlari) singari yetakchi xususiyatlar ko‘rsatilgan, jumladan, matn sarlavhasi, epigraf (“Osmon yiroq, er qattiq”), qahramon va personajlar nomi (Sotiboldi, Abdug‘aniboy) kabilarning matn strukturasidagi o‘rni hamda badiiy-funksional ahamiyati ochib berilgan, matn tarkibida paradigmatik (Bemor – Osmon yiroq, er qattiq – Sotiboldining xotini og‘rib qoldi – Bemorning ko‘zi tinib boshi aylanadigan bo‘lib qoldi – Bir kechasi bemor juda azob tortdi – Kampir bemorning to‘zigan sochlarini tuzatdi, u yoq-buyog‘ini siladi... so‘ngra o‘tirib yig‘ladi – Bemor kundan kun battar, oxiri o‘sal bo‘ldi – Bemor ...yana ko‘zini yumdi, shu yumganicha qaytib ochmadi – saharga borib uzildi konseptlari orasidagi yaqinlik), sintagmatik (bemor – Osmon yiroq er qattiq – pashsha g‘ing‘illaydi – Sotiboldi to‘qigan savatchalarini ulgurji oladigan baqqoldan yigirma tanga qarz ko‘tardi birliklari orasidagi qo‘shnichilik) munosabatlar, shuningdek, fonologik, grammatik va semantik darajalar o‘rganilib, ularning matniy yaxlitlikni yuzaga keltirishdagi o‘rni aniqlangan;
“Dahshat” hikoyasi semiotik usullar asosida tadqiq etilib, unda shamol va go‘riston belgilari konseptiga xos badiiy g‘oyalar mohiyati, ularning matn poetik konsepsiyasini yuzaga chiqarishdagi ahamiyati aniqlangan, xususan, badiiy matn tarkibida shamol lug‘aviy birligining 11, go‘riston leksemasining 18 marta qo‘llanilgani aniqlangan, ular ifodalagan konseptlar dahshat mohiyatini aniqlashtirishga xizmat qilgani tahlillar davomida isbotlanib, shu tarzda badiiy matn pafosini yuzaga chiqarishdagi ustuvor belgilarning o‘rni ochib berilgan;
atoqli semiotik olim Rolan Bartning semiotika ta’limotidagi belgi qurilmasida yagona konseptning ikki va undan ortiq bildiruvchilari bo‘lishi haqidagi nazariy nuqtayi nazari tadqiq uchun tanlab olingan matnlar ( masalan, “Bemor” hikoyasi epigrafi (“Osmon yiroq, er qattiq” sintaktik birligida ikkita bildiruvchi mavjud bo‘lib, ular o‘zaro birlashgan holda bitta konsept – hikoya qahramonining ilojsizligi, mavjud davlat tuzumining xalq hayotiga loqaydligini anglatuvchi bilinuvchini yuzaga keltirgan)ni o‘rganish jarayonida amaliy jihatdan asoslangan;
“Sarob” romani matnida badiiy tajassum etilgan akrativ (roman qahramoni Rahimjon Saidiyning buyuk yozuvchi bo‘lish va Munisxon sevgisiga erishish haqidagi xayollari, shaxsiy hayotga oid muloqotlari) va enkratik (asar qahramonlari orasidagi sovet ta’lim siyosatining sinfiy mohiyati, savdo sohasidagi qing‘irliklar, davlat qurilmasidagi nohaqlik va adolatsizliklar xususidagi suhbatlar) diskurslarning tasvirlangan zamon voqeligini in’ikos ettirishdagi o‘rni va ahamiyati ko‘rsatilgan; roviy va adresat muloqoti va personajlarning o‘zaro kommunikativ munosabatining diskursiv mohiyati, bir paradigmatik silsilani tashkil etgan belgilarni voqe etgan diskurslar o‘zaro birlashib, alohida diskursiv qurilmani yuzaga keltirishi tizimli tahlil davomida isbotlangan;
“Sarob” romani matnlar orasidagi aloqa-bog‘lanishlarning yuzaga kelish jarayonidagi intermatnlik muammosi yozuvchi ijodi – milliy adabiyot – jahon so‘z san’ati doirasida adabiy-badiiy bog‘lanishlar bo‘yicha tadqiq etilib, uning tahrir, tarjima, iqtibos, an’ana va barqaror qurilmalar, paralog, allyuziya, reminissensiya turlari mazkur matn asosida ko‘rib chiqilgan va ijodiy konsepsiya, badiiy mahorat nuqtayi nazaridan o‘rganilgan hamda binar oppozisiyaning “Muhabbat” qissasi matnidan aniqlangan etti shakli tadqiqidan kelib chiqib, bunday munosabatning matn badiiy strukturasidagi alohida o‘rni xulosalar orqali dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: “Sarob” romani matnlar orasidagi aloqa-bog‘lanishlarning yuzaga kelish jarayoni intermatnlik muammosi yozuvchi ijodi – milliy adabiyot – jahon so‘z san’ati doirasidagi adabiy-badiiy bog‘lanishlar mexanizmini tadqiq etish orqali intermatnlik hodisasining semiotik mohiyatini aniqlashtirish hamda belgilar orasidagi zid munosabatlarni ifodalashda binar oppozisiyaning dekonstruktiv ahamiyatini “Muhabbat” qissasi tahlili davomida aniqlashtirishdagi o‘rnini aniqlash boʻyicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2021-2023-yillarda bajarilgan “PF-201912258. O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” amaliy grant loyihasida foydalanilgan. Jumladan, dissertatsiyaning materiallaridan matnlar orasidagi aloqa-bog‘lanishlarning yuzaga kelish jarayoni intermatnlik muammosi bo‘yicha tadqiq etilgan, uning tahrir, tarjima, iqtibos, an’ana va barqaror qurilmalar, paralog, allyuziya, reminissensiya turlari mazkur matn asosida ko‘rib chiqilgan va ijodiy konsepsiya, badiiy mahorat nuqtayi nazaridan baholangan; binar oppozisiyaning “Muhabbat” qissasi matnidan aniqlangan etti shakli (personaj (qahramon)ning niyati va amali orasidagi qarama-qarshilik; personajning ong ostidagi niyati (ilinji) bilan nutqda ifodalangan fikri orasidagi ziddiyat; jamiyatda mavjud xurofiy tushuncha-qarashlar bilan qahramon (Anvar, Muhayyo)lar dunyoqarashi, harakat-intilishlaridagi zidlik; g‘ayriinsoniy, g‘ayriaxloqiy va ilmiy-ma’rifiy dunyoqarashlar orasidagi tafovut va kelishmovchiliklar; avlodlar tafovuti va ziddiyatlari; milliy mentalitet va mavjud ijtimoiy-siyosiy muhit orasidagi muxolifat er va xotin orasidagi qarama-qarshiliklar) tadqiqidan kelib chiqib, bunday munosabatning matn badiiy strukturasidagi alohida o‘rni xulosalar orqali isbotlangan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 2-iyundagi 01/4-2252-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha intermatnlikning jahon so‘z san’atini yuzaga keltirishdagi o‘rni, zid munosabatning dekonstruktiv vazifalari bo‘yicha ilmiy-nazariy mulohazalar bilan to‘ldirilgan.
Abdulla Qahhor ijodiga tatbiq etish bo‘yicha tajribalar hamda yozuvchi ijodi – milliy adabiyot – jahon so‘z san’ati doirasidagi adabiy-badiiy bog‘lanishlar mexanizmini tadqiq etish usullariga bag‘ishlangan dissertatsiya natijalaridan:
Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2022-2023-yillarda bajarilgan “IL-52 tur-21091433. O‘zbek realiyalariga oid maqolalar bazasi platformasini yaratish (Wikipedia elektron ensiklopediyasi mezonlari asosida)” amaliy grant loyihasida foydalanilgan. Jumladan, dissertatsiyaning materiallaridan taniqli so‘z san’atkori Abdulla Qahhorning nasriy ijod namunalari struktur semiotik usullar asosida o‘rganish davomida olingan natijalar loyihaning ilmiy nazariy ko‘lamini kengaytirgan; “Sarob” romanining boshqa matnlar bilan aloqa-bog‘lanishlari, intermatnlikning tahrir, tarjima, iqtibos, an’ana va barqaror qurilmalar, paralog, allyuziya, reminissensiya shakllari bo‘yicha yangicha mulohazalardan loyiha ilmiy konsepsiyasini yuzaga chiqarishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 27-avgustdagi 01/4-3797-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Sarob” romani va “Muhabbat” qissasi matnlar orasidagi aloqa-bog‘lanishlarning yuzaga kelish jarayoni struktur-semantik usullar asosida isbotlangan.
Badiiy matnning yetakchi jihatlari (belgi xususiyatiga egaligi, strukturaviyligi)ni milliy so‘z san’ati namunasi (“Bemor” hikoyasi) ning semiotik tahlili jarayonida ko‘rsatib-dalillab berish hamda hikoya matni tahlili davomida matniy qatlamlarda paradigmatik, sintagmatik munosabatlar, shuningdek, fonologik, grammatik va semantik darajalarni aniqlash va shu asosda matn strukturaviyligini isbotlab ko‘rsatish va tarixiy xronotop aks etgan matn (“O‘g‘ri” hikoyasi) strukturasida “kampir” lug‘aviy birligining denotat va konnotatsiya sifatidagi vazifa va xususiyatlarini yoritish va shu asosda konseptning matniy qurilmadagi o‘rni va ahamiyatini isbotlash boʻyicha olingan ilmiy natijalar asosida: Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2022-2023-yillarda bajarilgan “IL-21091506. O‘zbek ismlarining izohli imlo lug‘ati va mobil ilovasini yaratish” amaliy grant loyihasida foydalanilgan. Jumladan, dissertatsiya materiallaridan “Bemor” hikoyasining badiiy matniga xos belgi tizimi, strukturaviylik, harakat (belgilarning o‘zaro aloqa-tutashuvlari) singari yetakchi xususiyatlar ko‘rsatilgan, paradigmatik, sintagmatik munosabatlar, shuningdek, fonologik, grammatik va semantik darajalar xususidagi yangicha nuqtayi nazarlar bilan boyitilgan; R.Bartning semiotik ta’limotidagi belgi qurilmasida yagona konseptning ikki va undan ortiq bildiruvchilari bo‘lishi haqidagi nazariy qarashlari grant loyihasiga tatbiq etilgan. (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 27-avgustdagi 01/4-3796-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha zamonaviy ilmiy-nazariy qarashlar bilan rivojlantirilgan.
Jahon adabiyotshunoslarining badiiy matn haqidagi izlanishlari mahsuli bo‘lgan tadqiqotlarni tavsiflash jarayonida ushbu muammo o‘rganilgan ishlarning yutuq va kamchiliklarni aniqlash, ilmiy-tanqidiy yondashuv orqali ulardagi zamonaviy nuqtayi nazarlarni milliy (o‘zbek) adabiyoti namunalari (Abdulla Qahhor ijodi)ga tatbiq etish, badiiy matnning yetakchi jihatlari (belgi xususiyatiga egaligi, strukturaviyligi)ni milliy so‘z san’ati namunasi (“Bemor” hikoyasi)ning semiotik tahlili jarayonida ko‘rsatib-dalillab berish hamda so‘z san’atkori Abdulla Qahhorning epik ijodi namunalari o‘zbek adabiyotshunosligida birinchi marta monografik tarzda struktur-semiotik tafakkur asosida o‘rganilganligi hamda zaruriy xulosa-umumlashmalar chiqarilganligi, shuningdek, “Bemor” hikoyasining tahlili jarayonida badiiy matnga xos belgi tizimi, strukturaviylik, harakat – belgilarning o‘zaro aloqa-tutashuvlari singari yetakchi xususiyatlar ko‘rsatilgan ilmiy qarashlardan Buxoro viloyat teleradiokanalida “Assalom, Buxoro!”, “So‘z va adabiyot”, “Xalq qadrlagan durdonalar” teleko‘rsatuvlari hamda Buxoro radiosining “Xalqning ma’naviy boyliklari” radioeshittirishlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan. (Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining 2025-yil 11-avgustdagi 01-09-185-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, teletomoshabinlarning badiiy matnning semiotik tahlil qilishga qiziqishini oshirishga, Abdulla Qahhorning “Bemor” hikoyasi tahlili jarayonida badiiy matnga xos belgi tizimi, strukturaviylik, harakat – belgilarning o‘zaro aloqa-tutashuvlari singari yetakchi xususiyatlar bo‘yicha ilmiy tasavvur va tushunchalarini boyitishga erishilgan.
“Sarob” romani badiiy matnida badiiy tajassum etilgan akrativ va enkratik diskurslarning tasvirlangan zamon voqeligini in’ikos ettirishdagi o‘rni va ahamiyati ko‘rsatilib, roviy va adresat muloqoti va personajlarning o‘zaro kommunikativ munosabatining diskursiv mohiyati, bir paradigmatik silsilani tashkil etgan belgilarni voqe etgan diskurslar o‘zaro birlashib, alohida diskursiv qurilmani yuzaga keltirishini tizimli tahlili keltirilgan dissertatsiya ishi natijalaridan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi huzuridagi yosh ijodkorlarning “Nilufar” adabiy to‘garagi mashg‘ulotlarini tashkil qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limining 2025-yil 10-oktyabrdagi 31-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, “Sarob” romani badiiy matnida badiiy tajassum etilgan akrativ va enkratik diskurslarning o‘zaro birlashib, alohida diskursiv qurilmani yuzaga keltirishi tizimli tahlil davomida yoritilgan.