Ismatov Asliddin Fazliddin o‘g‘lining filologiya fanlari
doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ertak diskursining kognitiv, sotsiopragmatik va lingvokulturologik tadqiqi (ingliz va o‘zbek xalq ertaklari misolida)”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.DSc/Fil942
Ilmiy maslahatchi: Raupova Laylo Raximovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.09.07
Rasmiy opponentlar: Mirzaev Ibodilla Kamolovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Jumaboeva Jamila Sharipovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Teshaboeva Ziyodaxon Qodirovna, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek xalq ertaklari namunalarida ertak diskursining kognitiv, sotsiopragmatik va lingvomadaniy xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ertak diskursining kognitiv va lingvokulturologik xususiyatlari o‘rganilib, tahlil etilayotgan xalq ertaklari matnlaridagi konseptual birliklar va milliy qadriyatlarning til orqali ifodalanish mexanizmlari asoslangan;
xalq ertaklari matnlarida voqelangan lug‘aviy birliklarning leksik-semantik va lingvomadaniy tahlili amalga oshirilib, ularning chog‘ishtirilayotgan tillarda matn mazmunini tashkil etuvchi va milliy mentalitetni ifodalovchi konseptual markerlar sifatida olam lisoniy manzarasini aks ettirishdagi muhim roli isbotlangan;
ingliz va o‘zbek xalq ertaklari matnida adresant va adresat nutqining verbal shakllanishi ularning kommunikant sifatida jamiyatda egallagan ijtimoiy roli hamda maqomiga (ijtimoiy ierarxiya omiliga), qahramonlarning hududiy kelib chiqishi va ta’lim darajasiga bevosita aloqador ekanligi ilk bor monografik planda asoslangan;
chog‘ishtirilayotgan tillar xalq ertaklari matnlarida o‘z ifodasini topgan realiyalar (kiyim-kechak, taom hamda cholg‘u asboblari nomlari kabi) ingliz va o‘zbek xalqlarining milliy-madaniy qadriyatlarini aks ettiruvchi muhim markerlar ekanligi isbotlangan;
ertak qahramonlari nutqiy etiketi muloqot registri va gender omili kesimida tadqiq etilib, ingliz va o‘zbek xalq ertaklari personajlari ishtirokidagi diskursiv jarayonlar milliy nutq odobi ta’sirida shakllanishi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o‘zbek ertak diskursiga aloqador hodisalarning kognitiv, sotsiopragmatik va lingvomadaniy tavsifini yoritishdan olingan xulosa va takliflar asosida:
zamonaviy tilshunoslikdagi ertak diskursining kognitiv tabiatini tavsiflash asnosida tanlangan ertak matnlarida voqelangan lisoniy vositalarni lingvosemiotik doirada tahlil qilishga doir xulosalardan Andijon davlat universitetida 2022-2023 yillarda bajarilgan IL-402104213 raqamli “O‘zbek tilida elektron lingvistik ensiklopedik lug‘at ishlab chiqish” nomli davlat innovatsion-tadqiqot dasturlari doirasidagi loyihada foydalanilgan (Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universitetining 2025-yil 31-oktyabrdagi 04-4631-son ma’lumotnomasi). Natijada, atamalar tavsifiga oid metodologiya yangi nazariy va amaliy qarashlar bilan boyitilgan;
ertak diskursining kognitiv, sotsiopragmatik va lingvokulturologik tabiatini turli til sathlarida ko‘rib chiqish, xalq ertaklarida atrofdagi dunyoni attributlashning leksik va semantik o‘ziga xosliklarini o‘rganish mahsuli bo‘lmish ilmiy xulosalardan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan RZ-202004165 raqamli “Umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida og‘zaki va yozma nutqiy kompetensiyalarini rivojlantiruvchi elektron platforma yaratish” nomli amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 3-noyabrdagi 04/1-5305-son ma’lumotnomasi). Natijada, ta’lim jarayonida nutqiy kompetensiyani rivojlantirilishiga doir nazariy qarashlar boyitilgan;
ertak diskursida sotsial-mental omillarning mavqeini tavsiflash, ertak diskursida sotsial va kognitiv omillarning roli va o‘rnini ochish, xalq ertaklari qahramonlari nutqining ijtimoiy va madaniy doirada qanday xoslanishi mumkinligini aniqlashga doir xulosalalardan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2020-2023-yillarda amalga oshirilgan AM-FZ-201908172 – “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” nomli amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 24-oktyabrdagi 04/1-5112-son ma’lumotnomasi). Natijada, sotsial, mental, pragmatik hamda sotsiopragmatik aspektda tanlangan xalq ertaklari personajlari nutqida ikki tilda so‘zlovchi xalqlar milliy mentaliteti, ijtimoiy hayoti bilan bog‘liq o‘rinlar namoyon bo‘luvchi til omillari borasida bildirilgan ilmiy xulosalardan loyiha doirasida o‘quv lug‘atlar yaratishning ilmiy-nazariy asoslari ishlab chiqishda, matnlar tadqiqiy metodologiyasiga doir yangi nazariy qarashlar bilan boyitilgan;
loyiha doirasida bajarilgan sillabuslarni tuzishda, darslik yozishda dissertatsiyada tadqiqot predmeti sifatida belgilangan xalq ertaklari nutqining kognitiv, sotsiopragmatik hamda lingvokultrologik tahlil natijalari, ingliz va o‘zbek tillaridagi xalq ertaklarda uchrovchi milliy-madaniy va ijtimoiy o‘xshashlik hamda tafovutlar hamda ertak qahramonlari nutqining gender tabiati tahliliga oid umumiy xulosalardan 2017-2020-yillarda bajarilgan “Development of the interdisciplinary master program on Computational Linguistics at Central Asian Universities” nomli loyihada keng foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 3-noyabrdagi 04/1-5304-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha doirasida darslik, o‘quv qo‘llanma va dissertasiyalar ilmiy jihatdan boyitilgan;
turli maqsadlarga yo‘naltirilgan rang-barang diskursiv tuzilmalar yaratish, nutqiy aktni muayyan maqsadga yo‘naltirilgan nutqiy harakat sifatida baholash, shuningdek, tilning ijtimoiy ahamiyatini, kognitiv va pragmatik omillarning rolini xalq ertaklari qahramonlari nutqida jamiyatning ijtimoiy hayoti va madaniyatini aks ettiruvchi til unsurlari orqali asoslashga doir ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Qashqadaryo viloyati” teleradiokanali ijodkorlari tomonidan 2025-yil 14-avgustda kuni efirga uzatilgan “Fayzli kun” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Qashqadaryo viloyati teleradiokanali” ning 2025-yil 29-oktyabrdagi 17-05/163-son ma’lumotnomasi). Natijada, tomoshabinlar ertak diskursining nafaqat estetik, balki kommunikativ va ijtimoiy-funksional imkoniyatlarini ham chuqurroq anglash imkoniyatiga ega bo‘lishgan.