Nodir Binafshaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “XX–XXI asrlarda O‘zbekiston janubiy hududlaridagi qo‘ng‘irotlar amaliy san’ati (badiiy to‘qimachilik misolida)”, 17.00.04–Tasviriy va amaliy bezak san’ati (san’atshunoslik fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/San9.
Ilmiy rahbar: Hakimov Akbar Abdullaevich, san’atshunoslik fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: San’atshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: San’atshunoslik instituti, DSs.27.06.2017. San.51.01.
Rasmiy opponentlar: Alieva Surayyo Sharipovna, san’atshunoslik fanlari doktori; Abdullaeva Shaxlo Qurbonbo‘rievna, san’atshunoslik fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Xorazm Ma’mun akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston janubidagi qo‘ng‘irotlar amaliy san’atining (badiiy to‘qimachilik misolida) asosiy turlari, o‘ziga xos badiiy xususiyatlari va XX–XXI asrlar davomida ro‘y bergan uslubiy va semantik o‘zgarishlarni aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
milliy san’atshunoslikda ilk bor O‘zbekiston janubidagi qo‘ng‘irotlar amaliy san’ati (badiiy to‘qimachilik misolida) ularning ko‘chmanchi xayot tarzidan o‘troq hayot tarziga o‘tish tarixiy jarayoni kesimida ochib berilgan;
qo‘ng‘irot badiiy to‘qimachilik turlari – kigizchilik, gilamchilik, kashtachilik rivojlanishining asosiy bosqichlari va ularning lokal xususiyatlari (buyumlarning shakli, rangi, bezak kompozisiyasi, naqshlar semantikasi) aniqlangan;
qo‘ng‘irot an’anaviy to‘qimachiligining tipologik, kompozision, ikonografik, semantik va badiiy xususiyatlari (yorqin ranglar gammasi, XX asr birinchi yarmiga oid buyumlar bezak kompozisiyasida ko‘chmanchilar madaniyatiga oid motivlarning ustunligi, faqat qo‘ng‘irotlarga xos bo‘lgan oq enli, oy gilam kabi gilamchilik buyumlari, kashta buyumlarining turarjoy va yashash tarziga ko‘ra mayda o‘lchamda tikilishi va boshqa) ochib berilgan;
qo‘ng‘irot badiiy to‘qimachiligi bezak tizimidagi (kashtachilik misolida) ko‘chmanchilar madaniyatiga xos bo‘lgan zoomorf va kosmogonik motivlarning o‘simliksimon naqshlarga o‘tish jarayoni o‘troq xalqlarning san’ati ta’siri natijasi sifatida dalillangan.
IV.Tadiqot natijalarning joriy qilinishi.
XX–XXI asrlarda O‘zbekiston janubiy hududlaridagi qo‘ng‘irotlar amaliy san’ati bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
qo‘ng‘irot an’anaviy to‘qimachiligining tipologik, kompozision, ikonografik, semantik va badiiy xususiyatlari mujassam etgan xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasining mamlakatimizda an’anaviy to‘qimachilik yo‘nalishidagi ko‘rgazmalar loyihasini ishlab chiqishda, O‘zbekiston an’anaviy badiiy hunarmandchiligini rivojlantirish bilan bog‘liq respublika ko‘rgazmalarini o‘tkazishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Badiiy Akademiyasining 2019 yil 15 martdagi 01-17/174-439-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi o‘zbek xalqining madaniy merosi, jumladan badiiy hunarmandchilik turlarini nafaqat respublikamiz miqyosida, balki dunyo jamoatchiligiga keng tanitish va targ‘ib qilish, jamiyatimizni ma’naviy yuksalishida yosh avlodga o‘z milliy qadriyatlarini chuqur o‘rganish va e’zozlash imkonini bergan;
O‘zbekiston janubiy hududlaridagi qo‘ng‘irot badiiy to‘qimachiligi an’analarini qayta tiklash va ijodiy rivojlantirishning ilmiy asoslangan tavsiya va takliflaridan respublikada YuNESKO tashabbusi bilan madaniyat va san’at sohasida o‘tkazilgan va O‘zbekiston madaniy merosi hamda amaliy bezak san’atini o‘rganish va targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan bir qator xalqaro loyihalarni amalga oshirishda foydalanildi. Jumladan: dissertatsiya muallifining 2012–2013 yillarda YuNESKO tomonidan o‘tkazilgan loyihada ilmiy yordamchi sifatidagi faoliyati davomida uning mazkur dissertatsiya ishida bayon qilgan mulohazalari, xulosalari, alohida ilovalari va artefaktlari YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi boshchilik qilgan “O‘zbekiston amaliy bezak san’ati: an’analar va innovatsiyalar” fundamental loyihasi mazmunida o‘z ifodasini topgan; dissertatsiya materiallari 2015–2018 yillarda Marg‘ilonda o‘tkazilgan “Atlas bayrami” xalqaro an’anaviy teksil` festivali doirasida tashkil etilgan badiiy to‘qimachilik ko‘rgazmasi, yosh hunarmandlar uchun mahorat darslari hamda ilmiy konferensiya ma’ruzalarini tayyorlash jarayonida qo‘llanilgan (YuNESKO O‘zbekistondagi vakolatxonasining 2018 yilda 27 avgustdagi 007151-son ma’lumotnomasi). Bu esa yo‘qolib borayotgan hunarmandchilik turlarini qayta tiklash, kelajak avlodga asl an’analarning mohiyatini etkazib berish va o‘rgatish hamda hunarmandchilik buyumlarini nodir asar sifatida ilmiy hamda amaliy ahamiyatini oshirishda muhim o‘rin tutgan;
qo‘ng‘irot badiiy to‘qimachiligi turlari (kigizchilik, gilamchilik, kashtachilik), etnik tarixi va xo‘jalik turmush tarziga ko‘ra tavsifi, ularning lokal xususiyatlariga bag‘ishlangan O‘zbekiston janubiy hududlarida olib borilgan ilmiy ekspedisiya materiallari va xulosalaridan 2012–2016 yillarda amaliy san’at sohasida amalga oshirilgan O‘zR FA San’atshunoslik institutining FA-F1-G032 (F1-FA-0-10304) son “Markaziy Osiyo san’atida tarixiy davomiylik: badiiy maktablar, uslublar va texnologiyalar (qadimgi davrdan bugungi kungacha)” mavzuidagi davlat grantining “Amaliy san’at” yo‘nalishidagi fundamental tadqiqotida foydalanildi (O‘zbekiston Fanlar akademiyasidan 2019 yil 29 martdagi 3/1255-966-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijalardan foydalanish O‘zbekistondagi an’anaviy gilamchilik maktablarining markazlarini hamda XX–XXI asrlar mobaynida ularning rivojlanishining asosiy bosqichlarini va mahalliy xususiyatlarini aniqlash imkonini bergan.