Bugaenko Vladimir Anatol`evichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Serpentinit jinslari asosida forsteritli olovbardosh materiallarning tarkiblari va olish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.13–Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi, 02.00.15–Silikat va qiyin eriydigan nometall materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/T860.

Ilmiy rahbar: Qodirova Zulayxo Raimovna, kimyo fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.K/T.35.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.

Rasmiy opponentlar: Namozov Shafoat Sattarovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik; Fayziev Shavkat Adilovich, texnika fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.

Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatiga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy serpentinit xomashyolari asosida forsteritli olovbardosh materiallarning tarkiblari va ishlab chiqarish texnologiyasini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor Arvaten va Kutchi koni serpentinitlari asosida magnezial, jumladan forsteritli olovbardosh materiallarning maqbul tarkiblarini ishlab chiqish mumkinligi asoslangan;

magniy metasilikat va magniy ortosilikat birikmalari asosidagi psevdobinar sistemaning (MgSiO3-Mg2SiO4) fazaviy nisbat diagrammasi qurilgan va yuqori haroratda magnezial-silikat birikmalarining qattiq fazadagi reaksiya hosil bo‘lish kinetika va mexanizmlari aniqlangan;

900–1500oS harorat oralig‘ida «tabiiy-termik faollashtirilgan-kuydirilgan» serpentinit uchlamchi kompozisiyasi asosidagi ishlab chiqilgan tajriba namunalariga yuqori haroratda ishlov berish natijasida yuzaga kelgan fizik-kimyoviy va fazaviy o‘tish jarayonlari aniqlangan;

tabiiy serpentinit xomashyosiga termik ishlov berilganda tarkibidagi boshlang‘ich serpentin mineralini klinoenstatit va forsterit minerallari hosil qilib fazaviy o‘tishi aniqlangan;

forsterit olovbardosh materiallarning asosiy fizik-kimyoviy, termomexanik va ekspluatatsiya xususiyatlarini namunalarning komponent tarkibiga va termik ishlov berishning texnologik rejimiga bog‘liq ravishda o‘zgarishi aniqlangan;

serpentinit asosidagi olovbardosh kompozisiya olishning maqbul shartlari, texnologik rejimlari, fraksiya tarkiblari va xomashyo omuxtasiga termik ishlov berishning texnologik usullari ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Serpentinit xomashyolari asosida forsteritli olovbardosh materiallar tarkiblarini va ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

olovbardosh materiallar olish uchun forsterit mineralidan tashkil topgan ishlab chiqilgan magnezial omuxta tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (IAP 04972, 2014 y.). Natijada ishlab chiqilgan tarkib asosida magnezial, jumladan forsteritli olovbardosh material olish imkoniyati yaratilgan;

Arvaten serpentiniti asosida yaratilgan forsteritli olovbardosh g‘isht «Bekobod-ogneupor» QKda yuqori haroratli xumdonlarni futerlashda joriy etilgan («Bekobod-ogneupor» QKning 2019 yil 12 martdagi 60-son ma’lumotnomasi). Natijada chetdan keltirilganga nisbatan uch marta arzon magnezial mahsulot olish imkonini bergan;

mahalliy serpentinitlar asosida shakllanmagan magnezial olovbardosh aralashmasi va torkret massa olishning texnologik shartlari «O‘zstandart» agentligi tomonidan tasdiqlangan (Ts18193809-03:2017). Natijada olovbardosh aralashma va torkret massa ko‘rinishda futirovka sifatida ishlatish imkonini bergan;

magnezial olovbardosh aralashmasi va torkret massalarning ishlab chiqilgan tarkiblari «O‘zmetkombinat» AJda po‘lat quyadigan cho‘mich chiqish kanallarini to‘ldirishda joriy etilgan («O‘zmetkombinat» AJning 2019 yil 20 fevraldagi 01/05-01/02-97-son ma’lumotnomasi). Natijada amaldagi standart talablarga javob beruvchi, nisbatan arzon va import o‘rnini bosuvchi olovbardosh aralashma va massa olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish