Aminov Xamidulla Abdiraximovichning 
tarix fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy qoidalar: Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Shayboniylar davrida fiqh ilmi va uning manbalari” mavzusidagi  07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari  ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.DSc/Tar357
Ilmiy rahbar: t.f.d. (DSc), professor O‘ktambek Sultonov Abdulg‘anievich.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, DSc.05/2025.27.12.Tar.01.06
Rasmiy opponentlar: tarix fanlari doktori, akademik Dilorom Yusupova; tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Muminov; tarix fanlari doktori (DSc) Ne’matulla Nasrullaev. 
Yetakchi tashkilot: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:
XVI asrda Shayboniylar davri Markaziy Osiyodagi fiqh ilmi rivoji tarixini o‘rganish, fiqhiy manbalarni tahlil etish, faqih va ulamolarning ilmiy merosini maxsus tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Buxoro xonligida ko‘plab fiqh ilmi olimlari yashab ijod qilgani, ularning islom huquqi sohasida ellikdan ortiq mustaqil asarlar va sharhlar yozib qoldirgani aniqlangan. Ushbu asarlarning aksariyati bugungi kunda turli qo‘lyozmalar fondlaridan aniqlanib, ularning ilmiy ahamiyati bo‘yicha xulosalar berilgan;
Shayboniylar davri fiqhiy manbalarining tadqiqi jarayonida Ali Xorazmiyning “Favoid” (“Foydalar”), Qozi Abulmaoliyning “Hasab al-muftiyin” (“Fatvo beruvchilarning xislati”), Sayyid Ali Buxoriyning “Murshid al-muhtasib” (“Muhtasibga yo‘llanma”) hamda muallifi noma’lum “Tabsirat al-muftiy” (“Fatvo beruvchining ko‘zlagani”) asarlari ilk bor o‘rganilib, ilmiy muomalaga kiritilgan hamda birgina“Muxtasar al-Viqoya” (“Viqoya”ning qisqartmasi”) asarining o‘ziga “Jome’ ar-rumuz” (“Ishoralar to‘plami”), “Sharh an-Niqoya” (“Niqoya”ning sharhi”), “Sharhi Muxtasar” (“Muxtasar”ning sharhi”) kabi jami 9 ta sharh yozilgani, ularda fiqhiy matnlar davrga mos talqin etilgani va sharhlangani isbotlangan;
Shayboniylar davrida faoliyat yuritgan Ali Xorazmiy, Shamsiddin Muhammad Ko‘histoniy, Xoja Abulmakorim Samarqandiy, Mahmud Azizon, Sadriddin Buxoriy, Ismatulloh Buxoriy, Mavlono Mir Kosagaroniy, Muhammad Amin Zohid, Muhammad Sodiq Samarqandiy, Xoja Muhammad Tohir va Hofiz Ko‘hakiy kabi mahalliy ulamolar hayoti va ilmiy merosiga oid yangi ma’lumotlar ilmiy muomalaga kiritilgan; 
XVI asrda Movarounnahrga xorijdan kelib ilmiy faoliyat olib borgan Fazlulloh ibn Ro‘zbehon, Isomiddin Isfaroiniy, Mustafo Rumiy, G‘iyosiddin Bahrobodiy va Mirzojon Sheroziy kabi olimlarning hayoti va ilmiy merosi o‘rganilib, ularning asarlarida ko‘tarilgan fiqhiy masalalar hamda Shayboniylar davri hanafiy fiqhi rivojiga qo‘shgan hissasi bo‘yicha xulosalar berilgan; 
Shayboniylar davri fiqhiy manbalaridan o‘rin olgan “dor al-harb”, “jahriy zikr”, ot go‘shti va qimiz iste’mol qilish hamda navro‘z bayrami haqida hukmlar, uchtaloqdan keyingi “halola” va oila munosabatlaridagi “umuri shar’iy” masalasi haqidagi huquqiy qarashlar o‘sha davr ijtimoiy-siyosiy sharoiti mahsuli ekani, bu masalalarda faqihlarning munosabati ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
“Shayboniylar davrida fiqh ilmi va uning manbalari” mavzusidagi fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya natijalari bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
XVI asrda ko‘plab faqihlar yashab ijod qilgani, ularning islom huquqi sohasida ellikdan ortiq mustaqil asarlar va sharhlar yozib qoldirgani, ushbu asarlarning aksariyati turli qo‘lyozmalar fondlarida saqlanishi aniqlangani borasidagi ilmiy xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Imom Buxoriy yozgan asarlarining ilmiy-izohli tarjimalari va “Samarqandlik allomalar” asarlari hamda “Sahihi Buxoriy” sharhi” nomli ko‘p jildlik kitobni nashrga tayyorlashda foydalanilgan (Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2025-yil 8-maydagi 02/233-sonli dalolatnomasi). Natijada ilmiy-tadqiqot markazi va taadqiqotchilarga Shayboniylar davridagi fiqh ilmi tarixi va uning asosiy xususiyatlari, shuningdek manbashunoslik masalalariga oid ma’lumotlarni yetkazishga xizmat qilgan; 
Shayboniylar davri fiqhiy manbalari tadqiqi jarayonida Ali Xorazmiyning “Favoid”, Qozi Abulmaoliyning “Hasab al-muftiyin”, Sayyid Ali Buxoriyning “Murshid al-muhtasib” hamda muallifi noma’lum “Tabsirat al-muftiy” asarlari ilk bor o‘rganilib, ilmiy muomalaga kiritilishi bilan bog‘liq xulosalardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlarining “Chahor kitob”, “al-Fiqh al-akbar”, “Sabot ul-ojizin” va “Sunani Termiziy sharhi” kabi manbalarni nashrga tayyorlashda, “Ixtilofli masalalarning echimlari (Soxta salafiylarga raddiyalar)” nomli kitobda, shuningdek, Markazning rasmiy sayti Termiziy.uz dagi bir qancha ilmiy maqolalarni tayyorlashda foydalanilgan (Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2025-yil 30-maydagi 01-12-108-sonli dalolatnomasi). Natijada yangi asarlarning ilmiy muomalaga kiritilishi XVI asrda fiqh ilmi taraqqiyoti va olimlari faoliyatini asl manbalar asosida o‘rganishda asos bo‘lib xizmat qilgan;
Dissertatsiyada qo‘lga kiritilgan ilmiy ma’lumotlardan “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Tarix ko‘zgusi”, “Ajdodlar meoosi” kabi ko‘rsatuvlarida, FM103 radiokanalining “Adabiy jarayon”, “Bedorlik” kabi eshittirishlarida (2024-2025 yillar) foydalanilgan. Jumladan, XVI asr olimlaridan Fazlulloh ibn Ro‘zbehon, Isomiddan al-Isfaroiniy, Mavlono Mir Kosagaroniy, Ismatulloh Buxoriy, Muhammad Sodiq Samarqandiy, Sadriddin Buxoriy va Mirzojon Sheroziy kabi olimlarning hayoti va ular qoldirgan ilmiy merosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tomoshobinlar va eshituvchilarga taqdim etilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi” davlat muassasasining 2025 yil 24 sentyabrdagi 05-09-1499-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari Vatanimiz tarixini yanada chuqurroq o‘rganish uchun hamda bugungi avlodning XVI asr olimlarining hayoti va ijodi bo‘yicha bilimlarini oshirish va ularni ajdodlar ilmiy merosiga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalashda xizmat qiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish