Suyunova Maftuna Do‘sqobil qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Amerika va o‘zbek nasrida urush obrazining badiiy talqini (N.Meyler va Shuhrat asarlari misolida)”; 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Fil4409
Ilmiy rahbar: Umarova Maxliyo Yunusovna, filologiya fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.01.11.
Rasmiy opponentlar: Pardaeva Zulfiya Juraevna,  filologiya fanlari doktori, professor, Kasimova Ra’no Raxmatulloevna, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi N. Meylerning “The Naked and The Dead” va Shuhratning  “Shinelli yillar” romanlari tahlili orqali Amerika va o‘zbek nasrida urush obrazini shakllantirishning badiiy va struktur mexanizmlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
badiiy obrazning tarixiy taraqqiyotida shakllangan madaniy-tarixiy, falsafiy va struktur-semantik qatlamlari ilmiy-metodologik asosda tizimlashtirilib, “urush obrazi” kategoriyasi psixologik, axloqiy va ijtimoiy yo‘nalishlardan tarkib topgan poetik strukturani boshqaruvchi model ekani dalillangan;
jahon adabiyotida urush obrazining an’anaviy, realistik, modernistik va postmodernistik estetik paradigmalari shakllanishi, Amerika va o‘zbek adabiyotlarida urush obrazining badiiy-konseptual talqini turli poetik-estetik tamoyillar doirasida rivojlanganligi hamda ularning umumiy va o‘ziga xos xususiyatlari aniqlangan; 
N. Meyler va Shuhrat asarlarida urushning inson hayoti, jamiyat va tarixda tutgan o‘rni ikki xil ijtimoiy-madaniy muhit ekanligi, har ikki muallif konsepsiyasida urush hodisasi nafaqat muayyan tarixiy davr bilan chegaralangan harbiy to‘qnashuv, balki insonning ichki olamida kechadigan axloqiy dilemmalar, ruhiy transformatsiya jarayonlari va ma’naviy mas’uliyatni belgilovchi maydon sifatida talqin qilinib, urushni shaxs psixologiyasi, axloqiy paradigmasi va jamiyatning dinamik rivojiga ta’sir ko‘rsatuvchi ko‘p qatlamli murakkab hodisa ekanligi ilmiy dalillangan;
N. Meyler va Shuhrat asarlarida urushning qahramon ruhiyatiga ko‘rsatadigan  ta’siri psixologik (ichki monolog, ong oqimi, psixologik portret, ruhiy konflikt) va ekzistensial (mavjudlik, yolg‘izlik, tanlov, qo‘rquv, xavotir) yondashuvlar sintezi asosida, inson ongidagi jarayonlar N. Meylerda ruhiy iztirob va ekzistensial inqiroz, biroq Shuhratda ma’naviy bardoshlilik va ruhiy barqarorlik modeli sifatida namoyon bo‘lishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Amerika va o‘zbek nasrida urush obrazining badiiy talqinini tadqiq etish jarayonida olingan ilmiy natijalar va xulosalar asosida:
Badiiy obraz tushunchasining rivojlanish jarayonida shakllangan madaniy-tarixiy, falsafiy va struktur-semantik ma’nolari ilmiy asosda tizimlashtirilib, urush obrazi tushunchasi kengaytirilgan holda, uning psixologik, axloqiy va ijtimoiy yo‘nalishlardan tarkib topgan poetik strukturani boshqaruvchi model ekanligi, shuningdek, XX asr jahon adabiyotidagi urush obrazining an’anaviy, realistik, modernistik, postmodernistik bosqichlar bo‘yicha shakllanishi qiyosiy-tipologik jihatdan o‘rganilib, urush obrazining badiiy talqini Amerika va o‘zbek adabiyotida turli estetik tamoyillar asosida rivojlanganligi, hamda ularning umumiy va o‘ziga xos xususiyatlari ilmiy tarzda asoslanganligiga doir xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DM “Ma’daniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar muharririyati tomonidan tayyorlangan 2025-yil 25-avgust hamda sentyabr oylarida efirga uzatilgan “Ta’lim va taraqqiyot”, “O‘zbek nasri”, “Jahon adabiyoti” nomli eshittirishlar ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan. (“O‘zbekiston 24” ijodiy birlashmasi davlat muassasasining 2025-yil 16-sentyabrdagi 05-09-1455- son ma’lumotnomasi).  Natijalar radioeshittirishlarning ilmiy ommabopligini va ularning ilmiy natijalarga asoslanganligini ta’minlashga xizmat qilgan. 
N. Meyler va Shuhrat asarlarida urushning inson hayoti, jamiyat va tarix oldida tutgan o‘rni ikki xil ijtimoiy muhit misolida tahlil qilinib, har ikki muallifning qarashlari asosida urush nafaqat tarixning muayyan davriga oid harbiy voqea, balki insonning ichki dunyosida kechadigan axloqiy tanlov, ruhiy sinov va ma’naviy mas’uliyat maydoni sifatida ko‘rsatildi hamda urushning shaxs psixologiyasi, axloqi va jamiyat hayotiga ta’sir qiluvchi ko‘p qatlamli murakkab hodisa ekani isbotlangani borasidagi xulosa va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi faoliyatida, adabiy kechalarida, ijodkor yoshlar bilan uchrashuvlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2025-yil 09-sentyabrdagi 01-03/357-son ma’lumotnomasi). Natijada yoshlar orasida kitobxonlikni rag‘batlantirish, urush mavzusidagi badiiy asarlarni chuqur oʻrganish, shuningdek, N. Meyler va Shuhratning obraz yaratish mahorati bo‘yicha bilimlarni oshirishga xizmat qilgan; 
N.Meyler va Shuhrat asarlarida urushning qahramon ruhiyatiga ko‘rsatadigan ta’siri psixologik (ichki monolog, ong oqimi, psixologik portret, ruhiy konflikt) va ekzistensial (mavjudlik, yolg‘izlik, tanlov, qo‘rquv, xavotir) yondashuvlar sintezi asosida qiyosiy tahlil qilinib, urushning inson ongidagi jarayonlari N.Meylerda ruhiy iztirob va ekzistensial inqiroz, Shuhratda esa ma’naviy bardoshlilik va ruhiy barqarorlik modeli sifatida namoyon bo‘lishi, urush obrazining jamiyat xotirasini shakllantirishdagi badiiy funksiyasi Amerika (N. Meyler) va o‘zbek (Shuhrat) adabiyoti misolida qiyosiy tarzda ochib berilib, har ikki adabiy maktabda urush obrazi milliy xotirani tiklash, tarixiy haqiqatni anglash va ma’naviy saboq berish vositasi sifatida qanday vazifa bajarishi haqida yangi qiyosiy-tipologik yondashuvlar ishlab chiqilganligiga oid xulosalardan Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida 2023-2025-yillarda bajarilgan IL-27-4722022413-sonli “Qiyosiy adabiyotshunoslik” fanining “Komparativistika” elektron platformasini yaratish mavzusidagi innovatsion loyihasida foydalanilgan. (2025-yildagi 26-sentyabrdagi 04-04-1/5679-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu elektron platformasini boyitishda Amerika va o‘zbek adabiyotida urush obrazining qiyosiy tahlilini  o‘rganuvchilarga yanada yoritish uchun xizmat qilgan.  

Yangiliklarga obuna bo‘lish