Mamirov Javlon Raxmon o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Kuanish-Koskala valining quyi-o‘rta yura davri neftgazli yotqiziqlarining kollektorlik xususiyatlarini baholash», 04.00.07 – Neft va gaz konlari geologiyasi, ularni qidirish va razvedka qilish (geologiya-minerologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/GM98.
Ilmiy rahbar: Abdullaev G‘aybulla Sayfullaevich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti DM.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Seysmologiya instituti huzuridagi DSc.05/2025.27.12.GM/FM.12.02 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Radjabov Shuxrat Sayfullaevich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, dotsent; Xalismatov Irmuxamat Xalismatovich, geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: neft va gazga geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish uchun Kuanish-Koskala vali quyi-o‘rta yura terrigen yotqiziqlarining hajmli filtratsiya-sig‘imli modelini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kollektor jinslarining o‘zaro nomuvofiqligi hamda tarqalish qonuniyatlarini aniqlash imkonini beruvchi Kuanish-Koskala valining quyi-o‘rta yura yotqiziqlari terrigen kesimida qatlam-kollektorlarning filtratsiya-sig‘imli xususiyatlari uch o‘lchamli geologik modeli ishlab chiqilgan;
“kern-kern” turidagi ko‘p o‘lchamli korrelyasiyaviy bog‘liqliklarni tuzish asosida g‘ovakli bo‘shliqlarning strukturalarini o‘ziga hosligi aniqlangan;
quyi-o‘rta yura kesimida yuqori g‘ovaklik va o‘tkazuvchanlik koeffisientlariga ega qumtosh qatlamlarining ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lgan, yaxshilangan kollektorlik xususiyatlarini tarqalish areallari aniqlangan;
Kuanish-Koskala valining quyi-o‘rta yura qatlam-kollektorlarida g‘ovaklik va o‘tkazuvchanlikni vertikal va lateral tarqalishi qonuniyatlari aniqlangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Kuanish-Koskala vali neftgazli quyi-o‘rta yura yotqiziqlarining kollektorlik xususiyatlarini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Ustyurt regioni konlarining quyi yura gazkondensat uyumlari geokimyoviy ko‘rsatkichlari bo‘yicha gazkondensat konlarining neftgazliligini bashorat qilish bo‘yicha ilmiy tavsiya “O‘zbekgeofizika” AJ ishlab chiqarish faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2025 yil 7 yanvardagi 32-0068-son ma’lumotnomasi). Natijada, izlov-qidiruv ishlari paytida qidiruvning eng maqbul usuli aniqlangan va konlarning fazaviy turi to‘g‘risida aniqroq ma’lumot olish imkonini bergan;
Jumabay tuzilmasini chuqur burg‘ilashga tayyorlash bo‘yicha tavsiya “O‘zbekgeofizika” AJ ishlab chiqarish faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 2025 yil 7 yanvardagi 32-0068-son ma’lumotnomasi). Natijada, qariyb 8,5 mln. t shartli yoqilg‘iga teng istiqbolli resurslarga ega bo‘lgan Jumabay neftgazga istiqbolli strukturasini chuqur burg‘ilashga tayyorlash imkonini bergan;
Quyi Surgil, G‘arbiy Quyi Surgil, Quyi Sharqiy Berdax konlarida gaz va kondensat uyumlarini izlash va chegaralash maqsadida qidiruv quduqlarini joylashtirish bo‘yicha tavsiya “O‘zbekneftgaz” AJ ishlab chiqarish faoliyatiga joriy qilingan (“O‘zbekneftgaz” AJning 2025 yil 7 yanvardagi 05-23/1-13-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, burg‘ilangan qidiruv quduqlaridan kunlik 42 dan 1024 ming metr kub hajmgacha sanoat miqyosidagi gaz va gaz kondensati oqimlari olingan, ushbu quduqlarni burg‘ilash natijasida neft va gazga geologiya-qidiruv ishlarining keyingi yo‘nalishlari aniqlangan, shuningdek, qo‘shimcha uglevodorod xomashyosi zaxiralarini o‘stirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish