To‘xtaeva Nargiza Narzievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Istiqlol davri o‘zbek bolalar she’riyatining yetakchi xususiyatlari”, 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Ilmiy rahbar: Qahramonov Qurdosh Yalgashevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.RhD/Fil540.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Jabborov Nurboy Abdulhakimovich, filologiya fanlari doktori, professor; Matjonov Safo, pedagogika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: istiqlol davri bolalar she’riyatining taraqqiyot omillarini, yetakchi xususiyatlarini aniqlash, bu davr bolalar she’riyatidagi badiiy-uslubiy izlanishlarni o‘rganish, kichkintoylar ruhiy olamini badiiy kashf etishga intilayotgan ijodkorlar poetik mahoratini ko‘rsatishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
istiqlol davri o‘zbek bolalar she’riyatining yaxlit estetik hodisa sifatidagi yangilanish xususiyatlari ochib berilgan, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy o‘zgarishlar badiiy tafakkur yangilanishining tashqi omillari, ijodkor dunyoqarashi va iste’dodi badiiyatni yangilovchi ichki omillar sifatida dalillangan;
bolalik olamini tubdan yangicha idrok etish va turli poetik vositalar orqali uning obrazini yaratish yangilanishlarning asosiy xususiyatlaridan biri ekanligi asoslab berilgan;
bolalar she’riyatiga xos poetik yangilanishlar o‘zbek va jahon adabiyotining badiiy yuksak namunalaridan, madaniy meros va fol`klor an’analaridan ijodiy foydalanish asnosida kechganligi asoslangan;
bolalar she’riyatidagi ijodiy yangilanishlar, turli poetik obraz va motivlar, ramz va boshqa badiiy vositalardan foydalanish jarayoni ijodkor mahorati hamda tafakkuridagi o‘zgarishlar mahsuli hamda shakliy-uslubiy izlanishlar yangilanish mezoni ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Istiqlol davri o‘zbek bolalar she’riyati bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
istiqlol davri bolalar she’riyatining o‘ziga xosligi, yangilanish jarayonlari va omillari, yetakchi tendensiyalari va uslubiy-ijodiy izlanishlari, ijodkorlarning badiiiy mahorati, asarlarining ma’rifiy-tarbiyaviy va badiiy-estetik xususiyatlariga oid olingan ilmiy natijalardan Toshkent davlat pedagogika universitetida bajarilgan ITD-A-1-118 raqamli “Navoiy obrazining tasvir va talqinlariga oid o‘quv qo‘llanmasini tayyorlash va nashr etish” (2015–2017) loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 29 martdagi 89-03-1194-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek bolalar she’riyatining Navoiy obrazi va talqinlari aks etgan namunalaridan o‘quv qo‘llanmalarda keng foydalanilib, buyuk alloma siymosining yoritilishi bolalar tarbiyasida katta ahamiyatga ega ekanligini talabalar ongiga chuqur singdirishga erishilgan;
o‘zbek bolalar she’riyatida Alisher Navoiy obrazi talqinlari va uning yoshlar tarbiyasi va ma’naviyatida tutgan o‘rniga oid umumlashmalar A-1-98 raqamli “Yoshlar ma’naviyatini shakllantirishda Alisher Navoiy adabiy-pedagogik qarashlarining o‘rni va ahamiyatini tadqiq etish” (2015–2017) loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 24 apreldagi 89-03-1593-son ma’lumotnomasi). Natijada istiqlol davri o‘zbek bolalar she’riyatida ko‘p murojaat qilinayotgan Navoiy obrazini yaratishdagi usullar, qo‘llanilgan vositalarning yosh avlod kamolotida tutgan o‘rni, milliy, adabiy va tarixiy qadriyatlarning tiklanishi xususidagi xulosalar loyihadagi yetakchi tipologik hodisaning mohiyatini ilmiy aniqlashda asosiy tamoyil vazifasini bajargan;
istiqlol davri o‘zbek bolalar she’riyati yangilanishiga doir ilmiy-nazariy qarashlar va tadqiqot materiallaridan “O‘zbekiston” teleradiokanali DUK “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan tayyorlangan “Bedorlik”, “Ijod zavqi”, “Adabiy jarayon”, “Ta’lim va taraqqiyot” eshittirishlari ssenariylarini shakllantirishda foydalanilgan, eshittirishlar tadqiqotchi tavsiya etgan fikrlar bilan boyitilgan, ayrim eshittirishlarda tadqiqotchi ekspert sifatida ishtirok etgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2019 yil 12 martdagi 1-39-son ma’lumotnomasi). Natijada eshittirishlarning ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan hamda istiqlol davri bolalar she’riyatining ma’rifiy-tarbiyaviy ahamiyatini ochishga erishilgan.