Raximov Mansurbek Mavlonjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mevali bog‘larda ayrim zararkunanda va kasalliklarga qarshi intellektual kurash tizimini yaratish», 06.01.09–O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Qx171.
Ilmiy rahbar: Topvoldiev To‘lqinjon, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Maxmudxodjaev Najmidin Mavlyanxodjaevich, biologiya fanlari doktori, professor;Boyjigitov Fozil Muxammadievich, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Andijon viloyatining iqlim sharoitida olma bog‘larida olma mevaxo‘ri, olmaning un-shudring va kalmaraz kasalliklariga qarshi intellektual kurash tizimini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda, olmaning asosiy zararkunandasi olma mevaxo‘ri va kasalliklari un-shudring, kalmarazning bioekologik xususiyatlari asosida monitoring o‘tkazish yo‘llari va usullari aniqlangan;
olma mevaxo‘ri rivojlanish fazalarini foydali haroratlar yig‘indisiga bog‘lagan holda aniqlash usullari ishlab chiqilgan;
olma mevaxo‘rining rivojlanish muddatlari asosida ular rivojlanishining fenologik kalendarlari tuzilib, ob-havo sharoitidan kelib chiqqan holda ularning tarqalishi va zarar keltirish darajalari aniqlangan;
mevali bog‘larni zararli organizmlardan himoya qilish vositalariga bo‘lgan ehtiyojini rejalashtirish me’yorlari ishlab chiqilgan;
feromon tutqichga tushgan olma mevaxo‘ri kapalaklari soniga qarab olma mevalarining zararkunanda tomonidan zararlanishi, un-shudring kasalligini olma barglari og‘irligiga va havo haroratini olmaning kalmaraz kasalligining inkubatsiya davri davomiyligiga ta’sirini ifodalovchi matematik modellar ishlab chiqilgan;
bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun Android tipidagi mobil telefonlarida ishlaydigan, olma mevaxo‘rining paydo bo‘lish muddatlari, zarar keltirish darajasini aniqlovchi va ularga qarshi kurash choralarini ifodalovchi intellektual himoya tizimi hamda undan foydalanish usullari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mevali bog‘larda ayrim zararkunanda va kasalliklarga qarshi intellektual kurash tizimini yaratish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
olma mevaxo‘ri rivojlanish muddatlarini aniqlash usuli Android telefonlarida ishlovchi mobil dasturni 2015–2017 yillarda Andijon viloyati Asaka tumanidagi «Avtosanoat Agrofirma» MChJ, Izboskan tumanidagi «Sohibkor DShI», Baliqchi tumanidagi «Ko‘rkam diyor mevasi» va Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani «Agrokimyohimoya» XAJ tuman bo‘limidagi fermer xo‘jaligining 100 gektar olma ekilgan mevali bog‘larida joriy etilgan («O‘zagrokimyohimoya» aksionerlik jamiyatining 2018 yil 27 noyabrdagi 03-13/1856-son ma’lumotnomasi). Natijada mevali bog‘larda olma mevaxo‘rining rivojlanish muddatlari aniqlanib, 1 gektar maydondan 3–6 sentnergacha hosil saqlab qolishga erishilgan;
mevali bog‘lardagi olma mevaxo‘riga qarshi Avaunt 15% em.k, Bi-58 (yangi), 40% em.k, Karate 5% em.k, Pirineks 48% em.k. kimyoviy vositalarni qo‘llash texnologiyasi Andijon viloyati Asaka, Izboskan va Baliqchi tumanlarida 52,5 gektar bog‘dorchilik maydonlariga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 17 noyabrdagi 02/023-301-son ma’lumotnomasi). Natijada biologik samaradorlik 85–90 foizni tashkil etib, hosil zararkunandalardan saqlab qolish imkonini bergan;
mevali bog‘larda kalmaraz va un-shudring kasalliklariga qarshi Skor, 25% em.k, Topsin-M, 70% n.kuk, Impakt, 25% sus k, Strobi, 50% s.d.g yangizamonaviy fungisidlar bilan kurash choralari Andijon viloyati sharoitida «Donyorbek bog‘lari» fermer xo‘jaligini 14 gektar, «Hikmatilloh sara mevalari» 1,5 gektar, «To‘xtasinbek bog‘i» 2 gektar, olma bog‘larida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 17 noyabrdagi 02/023-301-son ma’lumotnomasi). Natijada biologik samaradorlik 90 foizni tashkil etib, gektaridan 4–7 sentnergacha, olma hosili kasalliklardan saqlab qolish imkoni yaratilgan.