Juraev Nurbek Djumanazarovichning falsafa doktori (PhD)
dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ingliz va o‘zbek tillaridagi “til” mavzuviy guruhidagi maqollarning semantik, pragmatik, lingvoma’naviy tipologiyasi” 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Fil1622
Ilmiy maslahatchi: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Turon universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.39.01 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: birinchi rasmiy opponent sifatida Baxronova Dilrabo Keldiyorovna filologiya fanlari doktori (DSc), professor; ikkinchi rasmiy opponent sifatida Baxtiyorova Maftuna Baxtiyorovna filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillarida “til” mavzuviy guruhiga kiruvchi maqollarning semantik, pragmatik xususiyatlarini chog‘ishtirma aspektda o‘rganish, lingvostatistik va lingvoma’naviy xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“til” mavzuiy guruhiga kiruvchi maqollarning semantik xususiyatlari yaxlit tuzilishga asoslangan bo‘lib, individual leksemalarning yig‘indisidan emas, balki butun gapning umumlashtirilgan ma’nosidan kelib chiqishi ingliz va o‘zbek tilidagi maqollar tahlili asosida ochib berilgan;
o‘zbek va ingliz tillarida “til” mavzuiy guruhiga kiruvchi maqollarda pragmatik vositalar nutqda matn mazmunini kuchaytirish, fikrni bilvosita ifodalash va muloqot ishtirokchilariga ta’sir o‘tkazish maqsadida qo‘llanilishi maqollarda qo‘llangan nolisoniy omillar tahlili orqali dalillangan;
ingliz tilidagi “til” mavzuiy guruhiga kiruvchi maqollar jami maqollarning 5,5 foizi, o‘zbek tilidagi maqollarning 9,29 foizini tashkil etishi maqollar to‘plamlarini lingvostatistik tahlil qilish asosida aniqlangan;
“til” mavzuiy guruhiga kiruvchi maqollar halollik, rostgo‘ylik, konstruktiv tanqid, yolg‘onchilik, tafakkur qilish, nutq madaniyati kabi submavzularga ajralishi o‘zbek va ingliz tilidagi maqollar tahlili orqali asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va ingliz tillaridagi “til” mavzu guruhiga oid maqollarning lingvostatistik, semantik va lingvoma’naviy tipologiyasini ochib berish jarayonida olingan ilmiy natijalar asosida:
“til” mavzuiy guruhiga kiruvchi maqollarning semantik xususiyatlari yaxlit tuzilishga asoslangan bo‘lib, individual leksemalarning yig‘indisidan emas, balki butun gapning umumlashtirilgan ma’nosidan kelib chiqishi ingliz va o‘zbek tilidagi maqollar tahlili asosida ochib berilganligiga oid ma’lumotlardan Qarshi davlat universitetida 2021–2023-yillarga mo‘ljallangan SUZ-800-21-GR-3181 raqamli “Reinforcing English Language competence at Karshi State University” nomli xalqaro fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021-yil 4-sentabrdagi 800-21-3181-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari asosida tilshunoslikda maqollarning o‘rganilish muammolari va ularning ingliz va o‘zbek tillaridagi o‘rni hamda ma’naviyatini namoyish etishi misolida ushbu muammolarning yoritilishi asoslaridan xulosalar chiqarish imkonini berishga xizmat qilgan;
o‘zbek va ingliz tillarida “til” mavzuiy guruhiga kiruvchi maqollarda pragmatik vositalar nutqda matn mazmunini kuchaytirish, fikrni bilvosita ifodalash va muloqot ishtirokchilariga ta’sir o‘tkazish maqsadida qo‘llanilishi maqollarda qo‘llangan nolisoniy omillar tahlili orqali dalillanganligi, ingliz tilidagi “til” mavzuiy guruhiga kiruvchi maqollar jami maqollarning 5,5 foizi, o‘zbek tilidagi maqollarning 9,29 foizini tashkil etishi maqollar to‘plamlarini lingvostatistik tahlil qilish asosida aniqlanganligiga oid ma’lumotlardan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi IL-402104209 raqamli “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google translate) uchun avtomatik ishlov berish – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” nomli amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 26-apreldagi № 04/10-1064 raqamli ma’lumotnomasi). Bu ma’lumotlar amaliy grant doirasida tayyorlangan ilmiy maqolalar, tezislar hamda monografiyalar saviyasini oshirishda xizmat qilgan;
“til” mavzuiy guruhiga kiruvchi maqollar halollik, rostgo‘ylik, konstruktiv tanqid, yolg‘onchilik, tafakkur qilish, nutq madaniyati kabi submavzularga ajralishi o‘zbek va ingliz tilidagi maqollar tahlili orqali asoslanganligiga doir ma’lumotlardan Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasi “Oltin voha” radiosining “Ochiq muloqot” eshittirishi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasining 2023-yil 19-sentyabrdagi 17-05/181-sonli ma’lumotnomasi). Natijada radioeshittirish mazmuni yanada mukammallashgan, ilmiy dalillar bilan boyishiga erishilgan.