Hamroeva Nafisa Nizomiddinovnaning fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumot
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Fatik muloqotning ijtimoiy-madaniy va kognopragmatik tadqiqi (salomlashish, minnatdorchilik, xayrlashish misolida)” 10.00.01 – O‘zbek tili
Dissertatsiya mavzusi roʻyxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/Fil983
Ilmiy rahbar: Toirova Guli Ibragimovna filologiya fanlari doktori (DSc), professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi (muassasalar), IK raqami: Buxoro davlat universiteti DSc.03/2025.27.12.Fil.08.07
Rasmiy opponentlar: Ilmiy kengash a’zosi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Muxamedova Saodat Xudoyberdievna, Renesans ta’lim universiteti professori, filologiya fanlari doktori (DSc) Xursanov Nurislom Iskandarovich va Samarqand davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Karimov Suyun Amirovich.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek fatik muloqotida salomlashish, minnatdorchilik, xayrlashishning xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek fatik nutqida muloqotga kirishish (salomlashish), muloqotni davom ettirish (minnatdorchilik) va muloqotni yakunlash (xayrlashish) kabi nutq aktlari lingvokulturologik hamda kognopragmatik yondashuvlar asosida turli ijtimoiy-madaniy kontekstlarda kommunikativ birlik sifatida ilmiy jihatdan asoslangan;
salomlashish nutqiy etiket formulalarining tarkibiy-semantik komponentlari, ularning ma’no differensial xususiyatlari va kommunikativ variantlari lingvokulturologik model asosida, madaniy konnotatsiyalar va nutqiy kontekstlar bilan asoslangan;
salomlashish formulalarining pragmatik maqsadga ko‘ra qo‘shimcha semantik yuklamaga ega bo‘lmagan sodda shakllari hamda minnatdorchilik va tilak ma’nolarini o‘z ichiga olgan murakkab shakllari muloqot vaziyatlari bilan bog‘liq holda aniqlangan;
epistolyar muloqotda salomlashish, minnatdorchilik va xayrlashish kabi fatik nutq aktlarining yozma (xat, maktub, ariza, tabriknoma) hamda elektron (elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar, messenjer yozishmalari) dialog namunalari an’anaviy nutq muhitida marosimiy, rasmiy va kundalik vaziyatlarda, zamonaviy muloqotda esa soddalashtirilgan, tezkor hamda ko‘pincha qisqartirilgan yoki multimodal (emoji, stiker, qisqa formulalar) shakllarda qo‘llanishi misollar asosida dalillangan;
“minnatdorchilik” tematik guruhiga kiruvchi konnotativ semantikasi cheklangan “rahmat”, “katta rahmat”, “tashakkur” kabi sodda formulalar va tilak hamda duo elementlari bilan uyg‘unlashgan “rahmat, Alloh rozi bo‘lsin”, “katta rahmat, umringiz uzoq bo‘lsin” birliklari kognopragmatik yondashuv asosida ularning madaniy xususiyatlari bilan bog‘liq holda ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Fatik muloqotning ijtimoiy-madaniy va kognopragmatik tadqiqini o‘rganish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
o‘zbek fatik nutqda muloqotga kirishish (salomlashish), muloqotni saqlab qolish (minnatdorchilik), muloqotni yakunlash (xayrlashish) reprezentatsiya sifatida ochib berilishiga doir ilmiy xulosalardan 2020-2023-yillarda bajarilgan AM-FZ-201908172 raqamli “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” nomli amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 25-apreldagi 01/4-1645- son ma’lumotnomasi). Natijada salomlashish nutqiy etiket formulalarining pragmatik maqsadiga ko‘ra qo‘shimcha ma’noga ega bo‘lmagan salomlashish hamda tilak va minnatdorchilik semalarini o‘z ichiga olgan salomlashish turlari aniqlanishiga oid ilmiy xulosalarga erishilgan;
lingvokultrologik yondashuvlar asosida salomlashish nutqiy etiket formulalarining tarkibiy-semantik komponentlari, “minnatdorchilik” tematik guruhining tarkibidagi qo‘shimcha konnotativ ma’nolarni o‘z ichiga olmaydigan minnatdorchilikni ifodalovchi formulalar asosidagi ilmiy-nazariy xulosalardan 2020-2021-yillarda bajarilgan A-OT-2021-2-raqamli “Tibbiyotga oid atamalar elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Buxoro davlat universitetining 2025-yil 24-iyundagi 4040-son ma’lumotnomasi). Natijada tibbiy diskurs sharoitida muloqotga kirishishning kognitiv-semantik asoslarini aniqlash, salomlashish va ko‘rishish kabi nutqiy odatlarning ijtimoiy-madaniy hamda kommunikativ funksiyalarini o‘zbek tilida ifodalanish xususiyatlarini ilmiy asosda tahlil qilish, shuningdek, kasbiy muloqot madaniyatining shakllanishiga oid nazariy va amaliy xulosalar ishlab chiqilgan;
“minnatdorchilik” tematik guruhiga oid konnotativ semantikaga ega bo‘lmagan sodda formulalar bilan bir qatorda, tilak va duo unsurlari bilan uyg‘unlashgan muloqot birliklarining kognopragmatik tahlillaridan 2021-2023-yilda bajarilgan PF-201912258 raqamli “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 9-iyuldagi 01/4-3021-son ma’lumotnomasi). Natijada minnatdorchilik ifodalarining funksional-ilg‘ovchan xususiyatlari va ularning madaniy-kommunikativ kontekstdagi roli aniqlanib, mazkur yo‘nalishga oid yangi ilmiy dalillar bilan boyitilgan;
fatik muloqotning (salomlashish, minnatdorchilik, xayrlashish) ijtimoiy, madaniy va kognopragmatik xususiyatlari, nutqdagi kommunikativ jarayonlarning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatiga asoslangan nazariy va amaliy xulosalardan 2024–2025-yillarda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Buxoro” viloyati teleradiokanalida efirga uzatilgan “Assalom, Buxoro”, “Najot bilimda” hamda “Sakkizinchi mo‘jiza” teleeshittirishlari ssenariylarini tayyorlash jarayonida foydalanilgan (Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2025-yil 28-apreldagi
01-09-85-son ma’lumotnomasi). Natijada kommunikativ birliklarning ijtimoiy-madaniy funksiyalari va ularning mental-madaniy konnotatsiyasi ochib berilgan;
salomlashish, xayrlashish, minnatdorlik bildirish manzaralari aks etgan lavhalar tahliliga oid kuzatishlaridan, o‘zbek tilshunosligida ilk marotaba o‘zbek fatik nutqda muloqotga kirishish (salomlashish), muloqotni saqlab qolish (minnatdorchilik), muloqotni yakunlash (xayrlashish) reprezentatsiya sifatida ochib berilishiga oid qarashlardan adabiy-ma’rifiy tadbirlar ssenariylari va uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limining 2025-yil 28-apreldagi 13-sonli ma’lumotnomasi). Natijada kasbiy muloqotda fatik birliklarning kommunikativ-pragmatik xususiyatlari va ularning zamonaviy til muhitidagi ifoda usullari aniqlangan.