Atajanov Murodjon Maxamadjonovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tuproqqa ishlov berish usullari va takroriy ekinlarning g‘o‘za hosildorligiga ta’siri», 06.01.01–Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Qx328.

Ilmiy rahbar: Xalikov Bahodir Meylikovich,qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.

Rasmiy opponentlar: Salomov Shavkat Turabovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Karabaev Ikrom Turaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Andijon viloyatining och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida almashlab ekishning 1:1 tizimida kuzgi bug‘doydan keyin tuproqqa turli usullarda ishlov berib, takroriy ekinlar etishtirib tuproq unumdorligini oshirish hamda tuproqqa ishlov berish agrotexnologiyasini takomillashtirish orqali kelgusi yil ekilgan g‘o‘zadan ertaki, yuqori va sifatli hosil olishni ta’minlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor Andijon viloyatining sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida erni yozda haydash usullarini (32–35 sm chuqurlikda haydash, 20–25 sm chuqurlikda ag‘darmay haydash va 15–18 sm chuqurlikda chizellash) qo‘llashni bir-biriga taqqoslagan holda takroriy ekinlarning o‘sishi rivojlanishi, hosildorligiga ta’siri hamda tuproqda qoldirgan ang‘iz va ildiz miqdorlari aniqlangan;

kuzgi bug‘doydan keyin yozda erni haydash usullari va muddatlarini (yozda, kuzda) bir-biriga taqqoslangan holda tuproqning agrofizik, suv-fizik va agrokimyoviy xossalarini o‘zgarishiga ta’siri aniqlangan;

turli ishlov berish usullari va muddatlariga bog‘liq holda paxta hosildorligi va tolaning texnologik sifat ko‘rsatkichlariga ta’siri aniqlangan;

takroriy ekinlardan keyin tuproqqa turli usul hamda muddatlarda ishlov berish agrotexnologiyalarini bir-biriga taqqoslangan holda parvarishlangan g‘o‘zaning hosil elementlarini oshganligi aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Och tusli bo‘z tuproqlar sharoitida erga ishlov berish orqali tuproq unumdorligini va g‘o‘za hosildorligini oshirish agrotexnologiyalarining maqbul me’yorlarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:

fermer xo‘jaliklari uchun “Kuzgi bug‘doydan so‘ng takroriy ekinlarni ekish samaradorligi hamda tuproqqa ishlov berish usullari orqali g‘o‘zadan yuqori va sifatli hosil olish” tavsiyanomasi tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 14 yanvardagi 02/020-15-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma g‘o‘zadan yuqori va sifatli hosil olishga qaratilgan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda Andijon viloyatining qishloq xo‘jaligi boshqarmalari hamda fermer xo‘jaliklarida qo‘llanma sifatida keng foydalanilgan;

takroriy ekinlarni ekish, kelgusi yilda ushbu ekinlar o‘rnida g‘o‘za parvarishlash texnologiyasini Andijon viloyatining Baliqchi tumanida 160,1 gektar maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 14 yanvardagi 02/020-15-son ma’lumotnomasi). Natijada, takroriy ekinlar (soya va mosh) ang‘iz va ildiz qoldiqlari hisobiga hamda tuproqqa ishlov berish usullarini qo‘llash orqali och tusli bo‘z tuproqlarning agrofizik va agrokimyoviy xususiyatlari yaxshilanib, takroriy ekinlardan gektaridan 2–3 sentner don hamda 4–5 sentnergacha pichandan qo‘shimcha hosil olishga erishilgan;

kuzgi bug‘doydan keyin yozda 20–25 sm. chuqurlikda haydab takroriy ekinlarni (soya, mosh) ekib, organik massa bilan boyitilib, kuzda 32–35 sm chuqurlikda shudgorlangan maydonda g‘o‘zaning Andijon-35 g‘o‘za navini parvarishlash texnologiyasi Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida 181,5 gektar maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 14 yanvardagi 02/020-15-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida fermer ho‘jaliklarida gektaridan 3,5–5,8 sentnergacha qo‘shimcha hosil etishtirilib, rentabellik darajasi 8–9 foizga ortganligi aniqlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish