Boymurodov Farrux Farxod o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i): O‘zbek tili matnlarini grammatik va punktuatsion tahrirlash jarayonlarining matematik modellari, algoritmlari va dasturiy majmuasi, 05.01.07 - Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/T5891.
Ilmiy rahbar: Nazirova Elmira Shodmonovna, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy kengash raqami: Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.09/2025.27.12.T.02.01.M.
Rasmiy opponentlar: Sadullaeva Shaxlo Azimbaevna, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Elov Botir Boltaevich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi o‘zbek tili matnlaridagi grammatik va punktuatsion xatoliklarni aniqlash hamda tahrirlash jarayonlarining lingvo-matematik modellari, algoritmlari va dasturiy majmuasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek tilidagi so‘zlarning elektron korpusi, Damerau-Levenshteyn masofasi hamda Baes teoremasi asosida grammatik xatoliklarni aniqlovchi va tahrir qiluvchi takomillashtirilgan lingvo-matematik model hamda uning algoritmi ishlab chiqilgan;
matndagi gaplarning sintaktik tahlili asosida punktuatsion xatoliklarni aniqlovchi va tahrir qiluvchi lingvo-matematik modellar hamda ularning algoritmi ishlab chiqilgan;
lingvo-matematik modellar va algoritmlar asosida olingan natijalarning aniqligini baholovchi takomillashtirilgan metrika ishlab chiqilgan;
matndan grammatik va punktuatsion xatoliklarni aniqlovchi hamda tahrir qiluvchi dasturiy majmuaning funksional moduli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Dissertatsiya ishi doirasida olib borilgan tadqiqotlar natijasida ishlab chiqilgan lingvo-matematik modellar, algoritmlar va yaratilgan dasturiy majmua asosida:
ishlab chiqilgan lingvo-matematik modellar va algoritmlari asosida yaratilgan “UZMORF” dasturiy majmuasining Osiyo texnologiyalari universiteti ish faoliyatiga tadbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyati hokimligining 2025-yil 22-oktyabrdagi 07-07/9367-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasi foydalanuvchilarga o‘zbek tilidagi matnlarni avtomatik tahrirlash, xatolarni aniqlash va tuzatishda yuqori aniqlikni ta’minlab, rasmiy hujjatlar sifati hamda til me’yorlariga mosligini sezilarli darajada oshirdi. “UZMORF” dasturining Microsoft Word matn muharriri bilan integratsiyasi orqali universitetning hujjatlar bilan ishlash bo‘limlari xodimlari uchun qulay ish muhiti yaratildi. Tajriba-sinov natijalari hujjat tayyorlash jarayonlarida vaqt sarfini 1,5 barobargacha qisqartirishga, xatoliklarni tezkor bartaraf etishga va ish unumdorligini oshirishga erishilgan;
o‘zbek tili matnlarini grammatik va punktuatsion tahrirlash jarayonlarini Shahrisabz davlat pedagogika instituti Axborot resurs markazining elektron resurslarini tahrirlash jarayoniga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyati hokimligining 2025-yil 22-oktyabrdagi 07-07/9367-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida matnli ma’lumotlar bazasidagi xatoliklarni aniqlash va tahrirlash tezligi 78% ga oshdi, axborotlarni qayta ishlash va normallashtirish jarayoni esa 1,5-2 barobarga tezlashishiga erishilgan;
ilmiy tadqiqot doirasida ishlab chiqilgan lingvo-matematik modellar va punktuatsion hamda grammatik tahlil algoritmlari asosida yaratilgan “UZMORF” dasturiy majmuasi Sayido Nasafiy nomidagi Qashqadaryo viloyat axborot-kutubxona markazi ish faoliyatiga tadbiq qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyati hokimligining 2025-yil 22-oktyabrdagi 07-07/9367-sonli ma’lumotnomasi). Ishlab chiqilgan dastur natijasida matnlardagi xatoliklarni avtomatik bartaraf etish, ma’lumotlar bazasini normallashtirish va axborotlarni qayta ishlash jarayonlari axborot-kutubxona markazining umumiy ish faoliyatining vaqtga nisbatan hajmini 1,5 barobar qisqartirilishiga imkon bergan.