Kamalova Nargiza Bekturganovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qoraqalpog‘iston Respublikasida avtomobil yo‘llarini ko‘kalamzorlashtirish uchun manzarali daraxt-buta turlarini tanlash”, 06.03.01–O‘rmon ekinlari. Seleksiya, urug‘chilik va shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish. O‘rmonlar agromelioratsiyasi va himoya o‘rmonlari barpo etish (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Qx1495
Ilmiy rahbar: Berdiev Erkin Turdalievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.02.
Rasmiy opponentlar: To‘xtaev Boboqul Yorkulovich, biologiya fanlari doktori, professor; Mamutov Baxram Xojaniyazovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharoitida avtomobil yo‘llarini ko‘kalamzorlashtirish uchun manzarali daraxt-butalarning ekologik, biologik va agrotexnik xususiyatlarini o‘rgangan holda, ularni samarali tanlash va joylashtirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida avtomobil yo‘llari bo‘ylab ko‘kalamzorlashtirish holati inventarizatsiya qilinib Ulmus pumila, Amorpha fruticosa turlari 10 ta tumanda, Elaeagnus angustifolia hamda Tamarix turlari 9 ta tumanda, Catalpa speciosa va Fraxinus excelsior turlari 7 ta tumanda, shuningdek Populus Bolleana turi 6 ta tumanda yaxshi moslashib o‘sayotganligi aniqlangan;
Nukus-Chimboy avtomobil yo‘l bo‘yida bir qatorli 3 m oraliqda ekish sxemasida Populus bolleana boshqa turlarga nisbatan 67,6% ga, 4 m oraliqda ekish sxemasida 75,1% ga, 3×3 va 4×4 sxemada ekilgan turlarga nisbatan 72,2% bir yillik novdalari ko‘proq o‘sishi isbotlangan;
hududning iqlim sharoitiga to‘g‘ri keladigan daraxt-buta turlarini tanlash orqali, ko‘chatlarning yashovchangligi 53% dan 88% gacha oshishi isbotlangan;
Tanlangan daraxt turlarining changni tutib qolish qobiliyatiga ko’ra eng yuqori ko’rsatkich Fraxinus syriaca (9,0 mg/sm²), Fraxinus excelsior (7,9 mg/sm²) va Catalpa speciosa (7,3 mg/sm²) turlarida aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Nukus shahri va Nukus-Chimboy avtomobil yo‘llarini ko‘kalamzorlashtirish uchun manzarali daraxt-buta turlaridan foydalanishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
“Qaraqalpaqstan Respublikasında avtomobil jolların kóklemzarlastırıw ushın kórkemli terek-puta turlerin tańlaw” nomli tavsiyanoma tasdiqlangan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligining 2025-yil 17-iyuldagi 1830-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma respublikada avtomobil yo‘l bo‘ylarini ko‘kalamzorlashtirish va himoya o‘rmonlarini barpo etish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
Turli noqulay sharoitlarga chidamli manzarali daraxt-butalardan Platicladus orientalis, Ulmus pumila, Catalpa speciosa, Populus Bolleana, Ailanthus altissima va Fraxinus turlaridan Nukus shahri “Qoraqalpoqyo‘lko‘kalam” davlat muassasasiga jami 500 dona manzarali ko‘chatlar 1,0 ga maydonga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligining 2025 yil 17 iyuldagi 1830-son ma’lumotnomasi). Natijada yo‘l bo‘ylariga ekilgan daraxt va butalarning saqlanib qolish, o‘sib-rivojlanish va sanitar-gigienik ko‘rsatkichlari 20% ga oshirish orqali 1 km uzunlikdagi yo‘l bo‘yidagi daraxtzorlarda qayta to‘ldirish hamda parvarishlash uchun sarflanadigan o‘rtacha 10 mln. so‘m mablag‘ni tejab qolishga erishilgan;
Nukus maxsus davlat o‘rmon xo‘jaligining 1 ga maydonida (600 dona ko‘chat) va “Yashil hudud” DUKga tegishli 1 ga (1000 dona ko‘chat) maydonida Platicladus orientalis, Ulmus pumila, Catalpa speciosa, Populus Bolleana, Ailanthus altissima va Fraxinus turlari ko‘chatlarini ekish sxemasi joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasining 2025-yil 18-iyuldagi 1-861-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘kalamzorlashtirish ob’ektlarini ko‘chat bilan ta’minlash 10% ga oshirilib, 20 mln. so‘m/ga iqtisodiy samara olishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish