Karimova Zulnura G‘ulamqodirovnaning
filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.  
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Turli tizimdagi tillarda so‘z-gaplarning pragmalingvistik, lingvomadaniy va lingvopoetik tadqiqi”.
10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.DSc/Fil1115
Ilmiy maslahatchi: Kurbanova Muxabbat Matyakubovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Qo‘qon davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.01.12
 Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor M.X.Hakimov; filologiya fanlari doktori, dotsent N.K.Sobirova; filologiya fanlari doktori, professor R.R.Bobokalonov
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.    Tadqiqotning maqsadi turli tizimdagi tillar, xususan, o‘zbek, ingliz, rus va fransuz tillaridagi semantik-funksional shakllangan so‘z-gaplarning pragma-lingvistik, lingvomadaniy va lingvopoetik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III.    Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
 turli tizimdagi, xususan, o‘zbek, ingliz, rus va fransuz tillarida so‘z-gaplarning tadqiqi va tasnifi masalalari ilk bor qiyosiy va antroposentrik yondashuv asosida o‘rganilib, ularning semantik-funksional va kommunikativ xususiyatlari yoritilgan;
o‘zbek, ingliz, rus va fransuz tillarida so‘z-gaplarning pragmatik xususiyatlari ochib berilgan: badiiy asarlar, so‘zlashuv nutqidan olingan misollar tahlili asosida bu tillarda ehtimol, mojet bit`, maybe, peut-être, shukur, slava bogu, thank God, Dieu merci kabi modal so‘zlar so‘zlovchining kommunikativ maqsadi asosida turli nutqiy aktlarni hosil qilishi, ie, voy, wow, pooh, ux ti, ax, oh, waouh  kabi undovlar nutq egasining his-tuyg‘ulari bilan birga voqelikka nisbatan salbiy yoki ijobiy bahosini ham aks ettirishi, mayli, ha, es, ladno, oui, d’accord kabi birliklar rozilik nutqiy aktini hosil qilishi, yo‘q, no, net, non inkor birliklari hamda Labbay, Hello, Allo, Allo, Xo‘sh?, Well?, Nu?, Alors? kabi taklif-xitob so‘z-gaplarining presuppozisiya ifodalash xususiyatiga egaligi, shuningdek, ularning kontekst, nutq vaziyati bilan bog‘liq holda tanlab ishlatilishi va  pragmatik ma’noga ega bo‘lishi ilmiy asoslangan;
semantik-funksional shakllangan so‘z-gaplar: rahmat, thanks, spasibo, merci kabi modal birliklar, bay-bay-bay, yum-yum, nyam-nyam, miam-miam / Yo tavba!, Oh God!, O Boje!, Oh mon Dieu! kabi undov va undovlashayotgan hosilalar, xo‘p bo‘ladi, ok, slushayus` kabi tasdiqni ifodalovchi birliklar hamda assalomu alaykum, good morning, zdravstvuyte, bonjour kabi nutqiy etiketlarni bildiruvchi ifodalarning muhim lingvomadaniy birliklar ekanligi dalillangan;
turli tizimdagi tillarda so‘z-gaplarning badiiy matnda bajaradigan lingvopoetik vazifalari, nutqning ta’sirchanligini oshirishi, o‘quvchida turli hissiy munosabatlarni hosil qilishi ochib berilgan, o‘zbek, ingliz, rus va fransuz tillaridagi badiiy asarlarda so‘z-gaplar qahramonlar va muallif nutqini individuallashtirishga hamda badiiy matnda poetik nutqqa xoslangan shakllarda, takror, fonetik o‘zgarishlar, ma’noni kuchaytiruvchi yuklamalar, maxsus ohang bilan qo‘llanilib, matnning badiiy-estetik qimmatini oshirishga xizmat qilishi asoslangan;
o‘zbek, ingliz, rus va fransuz tillarida so‘z-gaplarning umumiy va farqli tomonlari aniqlangan: umumiy jihatlar sifatida ular barcha tillarda subektiv munosabatni bildirish, kommunikativ maqsadni amalga oshirish va his-tuyg‘uni ifodalash xususiyatiga egaligi, farqli tomonlar esa ularning shakllanishi, lingvopoetik vositalari, milliy-madaniy mazmun va nutq odobi me’yorlari bilan bog‘liq jihatlarda hamda turli noverbal vositalarning hamrohlik qilishida namoyon bo‘lishi isbotlangan.    
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Turli tizimdagi tillarda so‘z-gaplarning pragmalingvistik, lingvomadaniy va lingvopoetik tadqiqi yuzasidan ishlab chiqilgan uslubiy hamda amaliy takliflar asosida:
o‘zbek, ingliz, rus va fransuz tillariga mansub so‘z-gaplarning o‘ziga xos milliy-madaniy xususiyatlari, xalq madaniyati, urf-odatlari, an’analari yuzasidan muhim ma’lumotlar berishi haqidagi ilmiy xulosalardan O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan FA-F1-G003 G003 “Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi” ilmiy loyihasida foydalanilgan (Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2025-yil 11-iyuldagi 390/1-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihada turli yasalmalar kabi so‘z-gaplar ham xalq madaniyati, urf-odatlari, an’analarini aks ettirishda alohida ahamiyatga egaligi asoslangan; 
turli tizimdagi tillarda so‘z-gaplarning nutqda noverbal vositalar bilan birga qo‘llanishidagi lingvomadaniy faqrlarga oid xulosalardan O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan amalga oshirilgan FA-A1-G007 “Qoraqalpoq naql va maqollari lingvistik tadqiqot obekti sifatida” mavzusidagi ilmiy-amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti 2025-yil 11-iyuldagi 392/1-sonli ma’lumotnomasi). Natijada loyihada til birliklarining lingvomadaniy xususiyatlarini ochib berishda ilmiy samaraga erishilgan;
turli tillarda so‘z-gaplarning pragmalingvistik xususiyatlari, lingvomadaniy xoslanishi va lingvopoetik aktuallashuvi masalasiga oid nazariy xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanali tomonidan suratga olingan 2025-yil “Ibtido” ko‘rsatuvi ssenariylarini shakllantirishda, shuningdek, suxandon nutqini tuzatishda, ko‘rsatuv ishtirokchilari bilan muloqotning samarali kechishiga oid ma’lumotlardan foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat muassasasining 2025-yil 29-iyuldagi 01-33/583-sonli ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotdagi muloqotning samarali kechishida kommunikantlar nutqining o‘rni haqidagi xulosalar teleko‘rsatuv ssenariysi mazmunini yanada boyitishga xizmat qilgan.
tadqiqot materiallaridan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida bajarilgan II-4721101717-raqamli “Xizmat ko‘rsatish obektlari milliy nomlari interaktiv elektron platformasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyihani amalga oshirishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining 2025-yil 1-avgustdagi 1397-sonli ma’lumotnomasi). Natijada til birliklarining nutqda jamiyatida qabul qilingan madaniy me’yorlar bilan bog‘liq holda ishlatilishi, ularning qo‘llanishida millat dunyoqarashi, xulq-atvori ham namoyon bo‘lishi haqidagi xulosalar loyiha materiallarini boyitishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish