Nazarov Sayfulla Ibodulloevichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Tarkibida oltingugurt bo‘lgan organo-noorganik oligomerlar olish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.14 - Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi  (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.DSc/T995.
Ilmiy maslahatchi: Nurqulov Fayzulla Nurmuminovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat koʼrsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy tadqiqot instituti, DSc.30/2025.27.12.K/T.01.01.
Rasmiy opponentlar: Mirvaliev Zoid Zoxidovich, kimyo fanlari doktori, professor, Axmedov Voxid Nizomovich, texnika fanlari doktori, professor, Normurodov Baxtiyor Abdulaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tarkibida oltingugurt bo‘lgan organo-noorganik polisulfidli oligomerlar olish texnologiyasini ishlab chiqish va ular asosisida germetiklar, selektiv sorbentlar, antikorrozion qoplamalar tayyorlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mahalliy va ikkilamchi xomashyolardan polisulfid oligomerlar olish usullari ishlab chiqilgan hamda ular asosida germetiklar, selektiv sorbentlar va korroziyaga qarshi qoplamalar olingan; 
olingan polisulfid oligomerlar tarkibidagi oltingugurt miqdorining qovushqoqlik hamda adgeziya jarayonlariga ta’siri aniqlangan;
organo-noorganik polisulfidli oligomerlar asosida bir vaqtning o‘zida kislotali va ishqorli muhitlarda yuqori sorbsion xususiyatga ega sorbentlar olingan;
polisulfid oligomerlarni polimer matrisalar bilan modifikatsiya qilish orqali olingan adsorbsion materiallar oqova suvdagi simobni 1,38 mg/l dan 0,12 mg/l gacha tushirishi aniqlangan;
olingan polisulfid oligomerlar va ular asosidagi PSTXPED-20 va SMED-20 markali antikorrozion qoplama St-3, St-20 va 09G2S markali po‘lat namunalarida 92,5-96,1% korroziyadan himoya qilishi aniqlangan;
olingan sorbentlarda pH qiymati 4–12 oralig‘ida ζ–potensialning manfiy bo‘lishi ularning anion tabiatga egaligini, pH 2 da esa ζ–potensialning musbat qiymatga (+0,95 mV) o‘tishi sorbentning kation tabiatga ega bo‘lishi ilmiy isbotlangan; 
organo-noorganik polisulfidli oligomerlar olishning ekologik toza texnologiyasi ishlab chiqilgan hamda texnik iqtisodiy samaradorligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tarkibida oltingugurt bo‘lgan organo-noorganik polisulfidli oligomerlar olish texnologiyasini ishlab chiqish va ular asosisida germetiklar, selektiv sorbentlar, antikorrozion qoplamalar tayyorlash bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
elementar oltingugurt, modifikatsiyalangan organik oligomerlar va noorganik fazali komponentlar asosida organo-noorganik tabiati mujassamlangan oligomer sorbentlar olish texnologiyasi “Navoiyazot” AJ da amaliyotga joriy etilgan (“Navoiyazot” AJning 2025 yil 19 iyuldagi 03-4/4566-son ma’lumotnomasi). Natijada, PSK-1, PSK-2 va SMED-8 markali sorbentlari, vinilxlorid monomerini (VXM) olish jarayonida hosil bo‘ladigan simob (Hg2+) saqlovchi chiqindi suvlaridagi simob ionlarini 95,5-97,5% gacha tozalab, 1 m³ chiqindi suvni tozalash tannarxini 28% gacha arzonlashtirish orqali iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini bergan;
ED-20 epoksidi hamda polisulfid asosidagi PSTXPED-20 va SMED-20 markali ingibitorlarni olish texnologiyasi “Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish” boshqarmasida amaliyotga joriy qilingan (“Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish” boshqarmasining 2025 yil 22-sentyabrdagi OP25/ED-3294-son ma’lumotnomasi). Natijada, 09G2S, St-3, St-20 markali po‘latdan iborat metall konstruksiyalar va qurilmalarida korroziyaga qarshi import o‘rnini bosuvchi ingibitor olish imkonini bergan; 
organo-noorganik oligomer asosidagi, atrof-muhit ta’sirlariga va korroziyaga barqaror polimer qoplamalarni olish va qo‘llash texnologiyasi “Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish” boshqarmasida amaliyotga joriy qilingan (“Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish” boshqarmasining 2025 yil 22-sentyabrdagi OP25/ED-3294-son ma’lumotnomasi). Natijada, turli po‘lat namunalaridagi himoya samaradorligi 92,5-96,1% bo‘lgan PSTXPED-20 va SMED-20 markali antikorrozion qoplamalarni ishlab chiqarish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish