Kotirev Batir Kuanishevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida
e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i):
“Bagaj vagonining parametrlarini tanlash va asosiy texnik echimlarini ilmiy asoslash”, 05.08.05 – “Temir yo‘llarning harakatlanuvchi tarkibi, poezdlarni tortish va elektrlashtirish”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/T6256
Ilmiy rahbar F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Raximov Rustam Vyacheslavovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti, DSc.10/2025.27.12.T.01.03.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Tumanishvili Georgiy Iosifovich – texnika fanlari doktori, professor; Kulmanov Bahodir Toshboltaevich – texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi yo‘lovchi poezdlari tarkibida bagaj tashishda ekspluatatsion ishonchlilikni oshirishni ta’minlaydigan bagaj vagonining parametrlarini tanlash va asosiy texnik echimlarini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
qabul qilingan konstruktiv echimlarni, yon devorlarda eshik o‘rinlarining mavjudligini va amaldagi ekspluatatsion yuklamalarni hisobga olgan holda konstruksiya elementlarining yuklanganligini baholash imkonini beruvchi bagaj vagoni kuzovining fazoviy chekli elementli modeli ishlab chiqilgan;
kuzovning talab etilgan mustahkamligi va bikrligini saqlagan holda ortish-tushirish ishlarini ta’minlash uchun eshik o‘rinlarining ratsional o‘lchamlarini ilmiy asoslash imkonini beruvchi bagaj vagoni kuzovining kuchlanganlik-deformatsiya holatining yon eshik o‘rinlari va ularni kuchaytirish elementlarining asosiy geometrik parametrlariga bog‘liqligi aniqlangan;
yo‘lovchi poezdlari tarkibida bagaj tashishda vagonning ekspluatatsion ishonchliligini oshirishni ta’minlaydigan 2200×1900 mm o‘lchamdagi yon devorlardagi eshik o‘rinlarini tashkil etish va ularni perimetri bo‘ylab 50×32×4,4 mm kesimli 5P shvellerlar bilan kuchaytirishni nazarda tutuvchi bagaj vagoni kuzovi konstruksiyasini takomillashtirish bo‘yicha asosiy texnik echimlar ishlab chiqilgan;
tenzometrik o‘lchash usulini qo‘llagan holda bagaj vagoni kuzovi konstruksiyasining mustahkamligini eksperimental baholashni ta’minlaydigan to‘rt o‘qli yaxlit metall bagaj vagonining mustahkamlik sinovlarini o‘tkazishning takomillashtirilgan uslubiyoti ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi quyidagilardan iborat: Bagaj vagoni konstruksiyasining parametrlarini tanlash va asosiy texnik echimlarini ilmiy asoslash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
61-907 rusumli yo‘lovchi vagoni kuzovi asosida ishlab chiqilgan bagaj vagoni kuzovining takomillashtirilgan konstruksiyasi “TYVQTZ” AJda yuk ko‘tarish qobiliyati 24 t bo‘lgan 61-928 rusumli to‘rt o‘qli yaxlit metall bagaj vagonini ishlab chiqarishda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2026 yil 17 martdagi 4/E390-son ma’lumotnomasi). Natijada, bagaj vagonining mustahkamlik, bikrlik, ekspluatatsion ishonchlilik talablariga javob beradigan va ortish-tushirish ishlarini bajarishning texnologikligini ta’minlaydigan konstruksiyasi yaratilgan;
tenzometrik o‘lchash usulini qo‘llagan holda to‘rt o‘qli yaxlit metall bagaj vagoni kuzovining mustahkamlik sinovlarini o‘tkazishning ishlab chiqilgan takomillashtirilgan uslubiyoti “TYVQTZ” AJda ishlab chiqarish va dala sharoitlarida bagaj vagoni tajriba namunasi kuzovining yuklanganligini eksperimental tadqiq etishda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2026-yil 17-martdagi 4/E390-son ma’lumotnomasi). Natijada tayyorgarlik ishlari hajmini qisqartirish, eksperimental tadqiqotlarni o‘tkazish xarajatlarini kamaytirish va konstruksiyani eksperimental ishlab chiqish muddatlarini qisqartirish hisobiga kutilayotgan iqtisodiy samaradorlik 1,28 mlrd. so‘mni tashkil etgan.