Alijonov Utkirjon Maxamadalievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mehnat bozorida kasb-hunar ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni shakllantirish usullarini takomillashtirish», 08.00.10–Demografiya. Mehnat iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B2019.1.PhD/Iqt169.
Ilmiy rahbar: Xudoyberdiev Zayniddin Yavqochevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.28.12.2017.I.16.02.
Rasmiy opponentlar: Umurzakov Baxodir Xamidovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Eshpo‘latov Komiljon Abdisalomovich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mehnat bozorida kasb-hunar ma’lumotli kadrlarga ehtiyojni shakllantirish usullarini takomillashtirish hamda kasb-hunar ta’limini samarali tashkil qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mintaqa (hudud)-tarmoqni uyg‘un rivojlantirish kompleks dasturlari, korxonalarning istiqboldagi rivojlanish ko‘rsatkichlari va xodimlar tarkibidagi sifat o‘zgarishlaridan kelib chiqqan holda mehnat bozorida kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni prognozlashtirish tuman (shahar) hokimliklari qoshida tashkil etiladigan ishchi komissiya tomonidan amalga oshirilishi asoslangan;
kasb-hunar kollejlarini respublika boshqaruv va xo‘jalik organlari, yirik korxona va tijorat banklari tasarrufida tashkil etish hamda mehnat bozori talablari asosida ko‘p tarmoqli kasb-hunar kollejlariga qabul kvotalarini shakllantirish tartibi ishlab chiqilgan;
Kasb-hunar ta’limining yo‘nalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatori hamda Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini kasblar va mutaxassisliklar murakkabligidan kelib chiqqan holda integratsiyalash asoslangan;
mehnat bozorida ehtiyoj mavjud bo‘lgan kasblarga band bo‘lmagan aholini o‘qitishda (ikkinchi va undan keyingi kasblar) kasb-hunar kollejlari bazasidan samarali foydalanish hamda shaxslar mablag‘lari hisobidan kasb-hunar kollejlarida tegishli kasblar bo‘yicha ta’lim olishlarini kengaytirish asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mehnat bozorida kasb-hunar ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni shakllantirish usullarini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:
mintaqa (hudud)-tarmoqni uyg‘un rivojlantirish kompleks dasturlari, korxonalarning istiqboldagi rivojlash ko‘rsatkichlari va xodimlar tarkibi sifat o‘zgarishlaridan kelib chiqqan holda mehnat bozorida kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni prognozlashtirish bo‘yicha takliflar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan mehnat bozorining joriy va istiqboldagi ish o‘rinlarini tashkil etish va kadrlar tayyorlash davlat buyurtmasini shakllantirishda foydalanilgan (Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2018 yil 25 oktyabrdagi 02-06/5728-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi natijasida ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish kvotalari yo‘nalishlar bo‘yicha aniqlangan hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda tashkil etilgan kasb-hunarga o‘rgatish markazlarida 2018 yilda davlat buyurtmasi 2017 yilga nisbatan ortishiga imkon yaratgan;
kasb-hunar kollejlarini respublika boshqaruv va xo‘jalik organlari, yirik korxona va tijorat banklari tasarrufida tashkil etish hamda mehnat bozori talablari asosida ko‘p tarmoqli kasb-hunar kollejlariga qabul kvotalarini shakllantirish tartibi bo‘yicha takliflar Vazirlar Mahkamasi-ning “Kasb-hunar kollejlariga qabul kvotalarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Kasb-hunar ta’limi markazining 2018 yil 26 oktyabrdagi MX-01/07-255-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga tatbiq etilishi kelgusida kasb-hunar kollejlarida mehnat bozori talablari asosida qabul kvotalarini shakllantirish imkonini bergan;
kasb-hunar ta’limining yo‘nalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatori hamda Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini kasblar va mutaxassisliklar murakkabligidan kelib chiqqan holda integratsiyalash bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi PQ-3504-son “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Kasb-hunar ta’limi markazining 2018 yil 26 oktyabrdagi MX-01/07-255-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga tatbiq etilishi natija-sida Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga uyg‘unlashgan yangi tahrirdagi 278 ta kasblar va 221 ta mutaxassisliklardan iborat Kasb-hunar ta’limining yo‘nalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatori ishlab chiqilishiga erishilgan;
ikkinchi va undan keyingi kasblarni o‘rganish maqsadida band bo‘lmagan aholini mehnat bozorida ehtiyoj mavjud bo‘lgan kasblarga o‘qitishda kasb-hunar kollejlari bazasidan samarali foydalanishni hamda shaxslar mablag‘lari hisobidan kasb-hunar kollejlarida tegishli kasblar bo‘yicha ta’lim olishlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar Kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan 2017 yilda kasb-hunar kollejlari bazasidan qo‘shimcha foydalanish dasturini ishlab chiqishda foydalanilgan (Kasb-hunar ta’limi markazining 2018 yil 26 oktyabrdagi MX-01/07-255-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni amaliyotga tatbiq etish natijasida shaxslarning o‘z mablag‘lari hisobida kasb-hunar kollejlarida tegishli kasblar bo‘yicha ta’lim olishlari kengaytirilgan hamda ikkinchi va undan keyingi kasblarni o‘rganish uchun 2017 yilda jami 65620 nafar aholi o‘qishga qabul qilingan.