Masharipova Zumrad Quchqarboevna
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
“Hozirgi o‘zbek shoiralari ijodida folklorizmlar mavzusida 10.00.02. – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Fil4804
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Sabirova Nasiba Ergashevna, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.06.05
Rasmiy opponentlar: Sariev San’atbek Matchanboevich, filologiya fanlari doktori (DSc),
Sobirova Zebo Zakirovna filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi hozirgi o‘zbek shoiralari ijodida qo‘llanilgan folklorizmlar va ularning asar kompozisiyasi, syujet tizimidagi badiiy-estetik vazifalarini tahlil qilish asosida har birining xalq ijodiyotidan foydalanishdagi individual badiiy mahoratlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek adabiyotshunosligida folklor va yozma adabiyot, shuningdek, hozirgi o‘zbek shoiralari ijodi va folklor munosabatlari tahlili asosida xalq og‘zaki ijodi materiallari she’riyatimizda ijodkorning individual uslubi va mahoratini aks ettirishda katta omil bo‘lib xizmat qilishi, H.Ahmedova, Z.Mo‘minova, Z.Mirzo, G.Asqarovalar asarlarining g‘oyaviy-badiiy ruhiga singdirilgan folklorizmlar ular ijodidagi milliy ruhning o‘lmasligini, xalqchilligini ta’minlashi dalillangan;
hozirgi o‘zbek shoiralari she’riyatida folklorizmlarning mazmun va shakl jihatdan dialektik birligini ifoda etuvchi izchil va ilmiy asosdagi badiiy ko‘rinishi yoritib berilgan va bu badiiy talqin obraz, motiv, ritm stilizatsiyasi asosida kelib chiqishi, shuningdek, miflar asosida vujudga kelgan turli ramziy obrazlarning hozirgi o‘zbek she’riyatida tutgan o‘rni ko‘rsatilib, shoiralar ijodida sayqallanib individual uslubga aylangan ramziy timsollarda folklorizmlarning aks etishi asoslangan;
shoiralar she’riyatida xalq og‘zaki ijodidagi maqol, ertak va afsonalar, doston motivlari, qo‘shiqlardan foydalanish mahorati tadqiq qilinib, ularning badiiy izlanishlaridagi individual poetik mahorati o‘zbek she’riyatidagi shakliy izlanishlarining samaradorligini ta’minlaganligi, zamonaviy she’riyatni shakl va mazmun tomondan yangilaganligi isbotlangan;
shoiralar ijodidagi murakkab (analitik, sintezlashgan, stilizatsion) folklorizmlar va mifologik asosli rang bilan bog‘liq ramziy obrazlarning badiiy-estetik vazifalari tahlili asosida H.Ahmedova, Z.Mo‘minovalar she’rlarida ko‘proq afsona va rivoyatlarga o‘rin ajratilgani, Z.Mirzo she’rlarida qarg‘ish va doston motivlari yetakchilik qilishi, G.Asqarova she’riyatida esa xalqona, baxshiyona ohanglar ustuvorlik kasb etishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Hozirgi o‘zbek shoiralari ijodidagi folklorizmlarning o‘ziga xos talqini va folklor materiallarning ayollar she’riyati badiiyatida tutgan o‘rnini aniqlash yuzasidan olingan natijalar asosida:
dissertatsiyada tadqiq qilingan materiallar adabiyotshunoslik yo‘nalishida olib borilgan izlanishlarni boyitishda, xususan, folklorshunoslikka kirish, adabiyotshunoslikka kirish, adabiyot nazariyasi fanlarini o‘qitishda manba sifatida asoslanishi, folklor an’analarining bugungi o‘zbek she’riyati, xususan, ayollar she’riyatida tutgan o‘rniga oid xulosa va natijalaridan, shuningdek, tadqiqotchining “Hayotning fusnkor tasvirlari” (2022), “Yashil ishq va rang-barang gullar” (2023), “Hozirgi o‘zbek shoiralari ijodida analitik folklorizmlar” (2024) kabi maqolalaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2017–2020-yillarda bajarilgan FA-F-1-005 “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental loyihasida va T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialida bajarilgan FZ-2016-0908165532 raqamli “Qoraqalpoq tilining yangi alfaviti va imlo qoidalariga muvofiq ona tili va adabiyotini rivojlantirish metodikasi” mavzusidagi fundamental loyiha va FA-043429-raqamli “Qoraqalpoq folklori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish” mavzusidagi ilmiy amaliy loyihani amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialining 2024-yil 25-dekabrdagi №359-son va №360-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek shoiralarining xalq og‘zaki ijodi ta’sirida yozilgan she’rlarining batafsil o‘rganilishi folklor an’analariga ijodiy yondashgan holda ishlov berish tizimlarining ma’lumotlar bazasining kengayishiga zamin yaratgan va loyihalarning ilmiy-amaliy ahamiyati oshishiga ko‘mak bergan;
dissertatsiyaning shoiralar ijodidagi folklorizmlarning aks etishi, folklorizmlarning bugungi tadqiqotlarda yoritilishi ilmiy-nazariy jihatdan badiiylik mezonlari asosida ko‘rsatilib, shoiralar ijodidagi mifologik obrazlar, turli ramziy obrazlarning o‘ziga xos xususiyatlariga tayanib, ular ijodining badiiy tahlil sintezi takomillashtirilgan hamda shoiralar ijodidagi rang-barang obrazlarning ruhiy tasviri badiiy adabiyotimizning janriy qonuniyatlari asosida ko‘rib chiqilib, qahramonlar ruhiyatini ishonarlilik maromi orqali ochishdagi ahamiyatning badiiy-estetik tamoyillari dalillangan, shuningdek, ularning ijodidagi folklorizmlarni yuzaga chiqarishdagi izlanishlarning ilmiy-nazariy jihatlari asoslangan natija va xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limining 2024-yil 25-iyuldagi №01-03/743-son ma’lumotnomasi). Natijada, ayollar she’riyatidagi obrazlar rang-barangligi, ularning ruhiy tasviri o‘zbek adabiyotining janriy qonuniyatlari asosida amalga oshirilganligini, ijod jarayonida badiiy sintez jarayoni muhim ahamiyat kasb etishini oydinlashtirishga xizmat qilgan;
tadqiqot ishining hozirgi ayollar she’riyatidagi folklorizmlarning she’r badiiyatidagi o‘rni, folklorizmlarning qo‘llanishidagi o‘ziga xos jihatlar, xalq og‘zaki ijodi materiallarini sintezlash yoki stilizatsiyalashga oid tahlillardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla teleradiokanali”ning 2024-yil iyun-iyul oylarida efirga uzatilgan “Umr daftari”, “Ziyo darg‘alari” nomli ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuvlarda hamda “O‘zbeksiton teleradiokanali”ning 2024-yil aprel-may oylarida efirga uzatilgan “Adabiy jarayon” nomli radioeshittirishlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla teleradiokanali davlat muassasasining 2024-yil 16-dekabrdagi №04-36-1308-son va “O‘zbeksiton teleradiokanali” davlat muassasaning 2024-yil 25-dekabrdagi 02-15-767-son ma’lumotnomalari). Natijada, ko‘rsatuv va radioeshittirishlarning ilmiy-ma’rifiy jihatdan salohiyati ortishiga, milliy urf-odatlarimiz ko‘zgusi bo‘lgan xalq og‘zaki ijodi namunalarining bugungi she’riyatimizdagi, san’atimizdagi ahamiyati, badiiy adabiyotning tarbiya vositasi sifatidagi qirralarini ochib berishga erishilgan.